«O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Bugun Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida joriy yil so‘ngida tashkil etilishi rejalashtirilgan «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov, oliygoh kafedra mudirlari hamda kino sohasining taniqli namoyondalari va taniqli jamoat arboblari ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, kino oylik doirasida «Oltin Humo» milliy mukofotini taqdirlash marosimi, talabalar o‘rtasida «Debyut» qisqa metrajli filmlar tanlovi, kinotaqdimotlar, ilmiy konferensiya, forum va boshqa turli tadbirlar tashkil etiladi.

Muhokama davomida mas’ul shaxslar o‘z fikrlarini bildirdi.

Kinematografiya agentligi direktor o‘rinbosari Shuhrat Rizayev:
«Bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday paytda bir chetda turishimiz gunoh sanaladi. Biz ham o‘z ijodiy ishlarimiz, tadbirlarimiz bilan jipslashishimiz zamon taqozosi hisoblanadi. O‘ylaymanki, mazkur kinooylik ham har qanday talablarga javob beradigan hamda esda qolarli tarzda o‘tkaziladi».

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov:
«Bizning oliygoh avval ham xalqaro darajadagi festivallarga mezbonlik qilgan. Shu bois, bu borada salohiyatimiz va tajribamiz yetarli. Bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan kino sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Mazkur festival doirasida ko‘plab talabamiz o‘z filmlari bilan ishtirok etadi. Biz ham bundan mamnunmiz. Negaki, yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, ular kino sohasi rivoji yo‘lida xizmat qiladi».

Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov:
«Kino oyligi katta mas’uliyatga ega tadbir ekanligini his qilib turibmiz. Joriy yilgi tadbirlar boshqacha o‘tishi aniq. Sababi, festival doirasida oltita film premerasi namoyish etilishi ko‘zda tutilmoqda. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan. Prezidentimiz tashabbusi zamirida kino sohasining jamiyatimizdagi o‘rni yuksalib bormoqda. Davlat rahbarimiz tomonidan berilayotgan e’tiborni shunday tadbirlar orqali namoyish eta olishimiz kerak».

«O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi dekabr oyida o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham ishtirok etadi.

 




O‘zDSMIda «Zakovat quiz» intellektual o‘yini o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Zakovat quiz» intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Mazkur bellashuvda o‘nga yaqin jamoa o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi.

Eslatib o‘tamiz, «Zakovat» o‘yinlari haftaning shanba kunlari o‘tkazilib kelinadi va g‘oliblar ko‘chma kubok bilan taqdirlanadi.




O‘zDSMIda “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” g‘oyasi asosida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” g‘oyasi asosidagi ma’naviyat marafoni doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

Mazkur loyiha bo‘yicha “Onamdayin mehribon Vatan” – o‘quvchi yoshlar o‘rtasida Ona vatanga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlar ijrosi bo‘yicha eng yaxshi ijrochilar bellashuvi o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

Shuningdek, institut hududida kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Qolaversa, talabalar «Zakovat» intellektual o‘yinida o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi.




O‘zDSMIda tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tashabbusi bilan oliygoh hududida yangi tikuv sexining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Mazkur xayrli vazifa ortidan o‘nga yaqin ish o‘rni yaratildi va zamonviy rusumdagi tikuv mashinalari bilan ta’minlandi. Kelgusida korxonada ish hajmini kengaytirish rejalashtirilgan.

«Uzoq vaqtdan beri ushbu xayrli ishga qo‘l urishni orzu qilardik. Sababi oliygohimizda mohir chevar qizlarimiz bisyor ekanligiga bir necha bor guvoh bo‘lganman. So‘zlarimning isboti o‘laroq, institutimizda «Mohir qo‘llar» to‘garagi ham faoliyat olib bormoqda. Yosh chevarlarimiz milliy liboslar yaratish bilan bir qatorda, ularni yoshlar orasida targ‘ib etishda ham hissa qo‘shadi. Barchangizga muvaffaqiyat tilayman» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Tadbirdan so‘ng dasturxon yozilib, professor-o‘qituvchilar hamda korxona ochilishiga hissa qo‘shgan xodimlarga noz-ne’matlar ulashildi.




Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida kutubxona-axborot faoliyati fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

«Bejizga kutubxonachi xodimlarni tayyorlash uchun alohida fakultet tashkil etmaganmiz. Boisi, ushbu soha vakillari qadimdan e’zozda bo‘lib, jamiyatning eng yuqori qatlam vakillari safida turgan. Shunday ekan, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida siz kabi kitobxon, zehnli avlod ko‘magiga muhtojmiz. Bilim olishdan aslo to‘xtamang. Barchangizni talabalar safiga qabul qilinganingiz bilan tabriklayman» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z o‘rnida, talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar ijro etildi. Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.




Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMI faoliyati bilan tanishdi

Bugun Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov boshchiligida vazirlik mutasaddilari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Avazxon Tadjixonov oliygohda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv teatri, axborot-resurs markazi, suzish havzasi, talabalar turar joyi va boshqa obyektlar faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, mutasaddilar dars jarayonlarini ko‘zdan kechirib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning salohiyatini yuqori baholadi.




Xalq ijodiyoti fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida xalq ijodiyoti fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

«Talabalik — oltin davrim» deb nomlangan tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermonov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

O‘z o‘rnida talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar, raqs harakatlari, folkor tomoshalari, karnay va surnay navolari ijro etildi.

Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.




O‘zDSMI rahbariyati teatr san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov teatr san’ati fakultetining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalarini oliygohda muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sport va san’at to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, ichki turizm doirasida tarixiy qadamjolar, shuningdek, muzey va teatrlarga sayohat tashkil etish masalalari ilgari surildi.

Shu bilan birga, talabalarda mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.