Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida kutubxona-axborot faoliyati fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

«Bejizga kutubxonachi xodimlarni tayyorlash uchun alohida fakultet tashkil etmaganmiz. Boisi, ushbu soha vakillari qadimdan e’zozda bo‘lib, jamiyatning eng yuqori qatlam vakillari safida turgan. Shunday ekan, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida siz kabi kitobxon, zehnli avlod ko‘magiga muhtojmiz. Bilim olishdan aslo to‘xtamang. Barchangizni talabalar safiga qabul qilinganingiz bilan tabriklayman» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z o‘rnida, talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar ijro etildi. Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.




Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMI faoliyati bilan tanishdi

Bugun Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov boshchiligida vazirlik mutasaddilari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Avazxon Tadjixonov oliygohda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv teatri, axborot-resurs markazi, suzish havzasi, talabalar turar joyi va boshqa obyektlar faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, mutasaddilar dars jarayonlarini ko‘zdan kechirib, professor-o‘qituvchilar va talabalarning salohiyatini yuqori baholadi.




Xalq ijodiyoti fakulteti 1-bosqich talabalari qasamyod qabul qilishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida xalq ijodiyoti fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida talabalik qasamyodi bo‘lib o‘tdi.

«Talabalik — oltin davrim» deb nomlangan tadbirda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermonov so‘zga chiqib, joriy yil talabalar safiga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi va ularga ta’lim olish davomida muvaffaqiyat tiladi.

O‘z o‘rnida talabalik maqomiga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va qonunlarida berilgan fuqarolik huquq va burchlarini bajarish, institut ichki tartib-qoidalariga so‘zsiz amal qilishga, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarish, talabalik maqomiga munosib bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Bayram tadbirida talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar, raqs harakatlari, folkor tomoshalari, karnay va surnay navolari ijro etildi.

Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ramziy «Oltin kalit» hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.




O‘zDSMI rahbariyati teatr san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov teatr san’ati fakultetining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalarini oliygohda muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sport va san’at to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, ichki turizm doirasida tarixiy qadamjolar, shuningdek, muzey va teatrlarga sayohat tashkil etish masalalari ilgari surildi.

Shu bilan birga, talabalarda mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.




Yashil makonni birgalikda barpo etamiz

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan hududda yurtimizda davom etayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha kuzgi daraxt ekish mavsumida 200dan ortiq ko‘chat o‘tqazildi.

Tadbirda institut rahbariyati, taniqli san’at arboblari hamda tuman hokimligi vakillari bevosita ishtirok etdi.

«Xalqimizda ‘Yaxshidan bog‘ qoladi’, degan naql bor. Biz ham tabiatni asrab-avaylash hamda kelajak avlodning sog‘lom hayot kechirishi uchun o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz. Barpo etilayotgan mazkur bog‘da xalqimiz suygan taniqli san’atkorlar, professor-o‘qituvchilarimiz ham jonbozlik ko‘rsatayotgani kishini behad quvontiradi. Nihollar parvarishi uchun mas’ullar tayilangan. O‘ylaymanki, mazkur hudud kelgusida ulkan bog‘ga aylanadi va bu bizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xayrli tadbir ishtirokchilari uchun doshqozonda osh damlanib, konsert dasturi tashkil etiladi.




Tabiat — barchamizniki

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Yashil makon» umummilliy loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

«Tabiatni asrab-avaylashimiz hamda unga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Negaki, tabiat barchamizniki. Biz barpo qiladigan yashil makon kelajak avlodning sog‘lom hayot kechirishi uchun zamin yaratadi» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Yig‘ilish doirasida loyiha bo‘yicha savobli ishlar amalga oshirayotgan saxovatpesha insonlar uchun konsert dasturi tashkil etish masalasi ilgari surildi.

Shuningdek, kontrakt hamda talabalar turar joyi to‘lovlari holati bo‘yicha mas’ullar hisobotlari tinglandi.




O‘zDSMI rahbariyati kutubxona-axborot faoliyati va xalq ijodiyoti fakultetlari talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov kutubxona-axborot faoliyati va xalq ijodiyoti fakultetlarining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

«Yangi o‘quv yili bilan barchangizni tabriklayman. Ko‘pchiligingiz hayotdagi maqsadlaringizni belgilab olgan bo‘lsangiz kerak.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar barchaga kuch bag‘ishlashi lozim. Birgina madaniyat va san’at sohasida so‘nggi yillarda 100dan ortiq qaror va farmoyish imzolandi.

Albatta, sohani muammodan holi deb bo‘lmaydi. Misol uchun, ko‘pgina kutubxonalar hamon eskicha usulda faoliyat olib bormoqda. Ko‘pgina xorijiy mamlakat kutubxonalari to‘liq elektron tizimga o‘tgan. Biz ham ulardan ortda qolmaslikka harakat qilishimiz kerak.

Ortda qolayotgan yil davomida oliygohning ko‘pgina o‘qituvchisi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, professorlar soni sezilarli darajada oshdi.

Kelgusida siz yoshlarning ham shunday yuksak darajaga chiqishingiz ishonaman, faqat bilim olishdan hamda intilishdan to‘xtamang. Buning uchun qanday yordam kerak bo‘lsa, ko‘mak berishga tayyormiz» — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Uchrashuv davomida sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalarini oliygohda muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sport va san’at to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, ichki turizm doirasida tarixiy qadamjolar, shuningdek, muzey va teatrlarga sayohat tashkil etish masalalari ilgari surildi.

Shu bilan birga, talabalarda mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.




O‘zDSMI professori xalqaro teatr san’ati festivalida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etmoqda

Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar xalqaro teatr san’ati festivalida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Temur Rashidov faol ishtirok etmoqda.

Kun davomida uchtagacha spektakl namoyish etilib, hakamlar hay’ati tomonidan muhokama qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 30-oktyabrdan 5-noyabrga qadar davom etadigan festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston teatr jamoalari qatnashmoqda.