O‘zDSMI rahbariyati kutubxona-axborot faoliyati fakulteti sirtqi bo‘lim talabalari bilan uchrashdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov kutubxona-axborot faoliyati fakulteti sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil oladigan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida institut rahbariyati tomonidan talabalarga oliygohning ilmiy-ijodiy faoliyati, yutuqlari, xalqaro hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalar hamda istiqbolli rejalari haqida ma’lumot berib o‘tildi.

«So‘nggi yillarda ko‘plab yutuqlarga erishdik. Institutda faoliyat olib borayotgan fan doktor va professorlar soni sezilarli ravishda ko‘paydi. Shu bilan birga, talabalarimiz respublika va xorijiy tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egallamoqda. Talabalarning yutuqlaridan biz hamisha faxrlanamiz va imkoniyatimiz darajasida ko‘mak berishga tayyormiz. Kelgusi yil ham istiqbolli rejalarni amalga oshirishda davom etamiz.

«Kutubxonachilar men uchun alohida ahamiyatga ega soha vakillari hisoblanadi. Chunki bugungi darajaga yetib kelishimizda biz o‘qigan kitoblar hamda ularni ulashishda bevosita xizmat ko‘rsatgan kutubxona vakillarining xizmati nihoyatda beqiyos sanaladi. Kutubxonachilar barcha davrda e’zozlanib kelgan. Kitobga oshno bo‘lgan odamning qalbi toza bo‘ladi. Dunyoni faqatgina ilm-fan orqali zabt etish mumkin», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida talabalar tomonidan takliflar bildirilib, ularni tatbiq etish bo‘yicha mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zDSMIda fransiyalik rejissyor tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari uchun «Les Ateliers Varan» hujjatli filmlar maktabi a’zosi, rejissyor David Treitiakoff tomonidan ikki hafta mobaynida mahorat darslari o‘tkaziladi.

Fransiyalik mutaxassis bugun oliygohga tashrif buyurib, rektor v.b. Eldor Shermanov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganini ta’kidlashdi.

«O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori darajada hisolanadi. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘zaro hamkorligimiz ikki mamlakat madaniy aloqalari rivojiga ulkan hissa qo‘shadi», dedi O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, fransiyalik mutaxassis hamkorlik masalasi amaliy tus olganidan xursand ekanligini ta’kidladi.

«O‘zbekistonga ikkinchi marotaba tashrif buyurdim. Mamlakat nihoyatda go‘zal, yoshlari ham juda iqtidorli sanaladi. O‘zaro hamkorlikda samarali loyihalardan biri amalga oshirilayotganidan behad xursandman», dedi David Treitiakoff.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi va ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha davomida xorijlik mutaxassis tomonidan talabalar uchun rejissura va montaj jarayoni bo‘yicha saboq beriladi.




O‘zDSMIda «Ikki oyoqli bo‘rilar» spektakli namoyish etildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari tomonidan Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub «Ikki oyoqli bo‘rilar» dramasi sahnalashtirildi.

Professor Jahongir Mamatqosimov rejissyorligidagi mazkur spektaklda halollik, mehr-oqibat va sevgi-muhabbat tushunchalari ulug‘lanib, ta’magirlik, yolg‘onchilik, ko‘zbo‘yamachilik, birovni haqqiga xiyonat qilish kabi illatlar keskin qoralangan.

Spektakl o‘zining qiziqarli syujeti va tomoshabopligi bilan olqishlarga sazovor bo‘ldi. O‘z navbatida, institut rahbariyati tomonidan rejissyor, aktyor va aktrisalar mukofotlanishi ta’kidlab o‘tildi.




O‘zDSMI professor-o‘qituvchilari Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etmoqda

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida «Yangi O‘zbekiston teatri san’ati: dramaturgiya va rejissyuraning dolzarb masalalari» Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda.

Unda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari ishtirok etmoqda.

Koferensiya davomida oliygohimiz vakillaridan Omonulla Rizayev, Ma’mur Umarov, Usmon Azim, Qo‘chqor Norqobil, Go‘zal Xoliqulova, Baxtiyor Yakubov, Faxriddin Abduvohidov va boshqalar ma’ruza qiladi.

Eslatib o‘tamiz, konferensiya 2-dekabr kuni yakuniga yetadi.




Chelyabinsk madaniyat instituti vakillari tomonidan konsert dasturi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Chelyabinsk madaniyat instituti o‘rtasida yangi memorandum shartnomasi imzolangandi.

Bugun O‘zDSMI o‘quv teatrida Chelyabinsk oliygohining xalqaro tanlovlar lauretlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Yetuk kompozitorlar tomonidan ijro etilgan musiqalar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.




O‘zDSMI Nukus filialida Najimatdin Ansatbayevning 80 yillik yubileyi nishonlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filialida O‘zbekiston xalq artisti, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati, «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Do‘stlik» ordenlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, professor Najimatdin Ansatbayevning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.

Unda filial professor-o‘qituvchilari tomonidan Najimatdin Ansatbayevga tabriklar va sovg‘a-salomlar yo‘llandi. Konferensiya so‘ngida konsert dasturi namoyish etildi.




«Debyut-2023» respublika ko‘rik-festivali muhokamasi bo‘lib o‘tdi

29-noyabr kuni «Renessans Holl» majmuasida «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi doirasida o‘tkaziladigan «Debyut-2023» respublika kinofestivalini tashkiliy jarayonlari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov, oliygoh kafedra mudirlari hamda kino sohasining taniqli namoyondalari va taniqli jamoat arboblari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mas’ul shaxslar tomonidan «Debyut-2023» respublika kinofestivalini o‘tkazishga doir loyihalar taqdimoti namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi 4–22-dekabr kunlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham ishtirok etadi.




O‘zbek kinosi dovrug‘ini birgalikda yuksaltirish sari

Xabaringiz bor, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda tashkil etilishi rejalashtirilgan kinooylik doirasida «Oltin Humo-2023» milliy kinotaqdimoti o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, yosh kinoijodkorlar ishtirokida «Debyut-2023» qisqa metrajli filmlar tanlovi va boshqa bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Mazkur kinooylikda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etadi.

Bugun oliygoh rahbariyati boshchiligida mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish hamda undagi ishtirokchilar qamrovini oshirishga doir yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda kinooylikni muvaffaqiyatli o‘tkazish, bu orqali yangi iqtidorlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga oid topshiriq va vazifalar belgilandi.

Qayd etish joiz, birgina «Debyut-2023» qisqa metrajli filmlar tanlovi uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari tomonidan suratga olingan 47ta film qabul qilingan.