O’zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida tashkilotning yil yakunlariga bag’ishlangan tadbiri bo’lib o’tdi

O‘zbekistonda Ozarbayjonga doir e’lon qilingan musobaqaning taqdirlash marosimi tashkil qilindi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan 2023-yil bo‘yicha o‘lka matbuoti, jamiyati o‘rtasida Ozarbayjon, shuningdek ikki o‘lka orasida tarixiy do‘stlik va hamkorlikka oid e’lon qilingan musobaqaning taqdirlash marosimi tashkil qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2013-yilda buyuk yo‘lboshchi Haydar Aliyevning 90 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazila boshlangan bu musobaqa har yil an’anaviy tarzda o‘tkaziladi va musobaqada e’lon qilingan mavzular bo‘yicha maqolalar, televideniya ko‘rsatuvlari, hujjatli filmlar, tarjima asarlar, shuningdek, «Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikka oid eng ko‘p materiallar chop etgan matbuotlar», davlat va jamoatchilik vakillari, madaniyat xodimlari, Ozarbayjon Madaniyat Markazining faxriy diplomi va pul mukofotiga sazovor bo‘ladilar.

Ozarbayjon Madaniyat Markazida tashkillashtirilgan bu yilgi  tantanali marosim yuksak darajada o‘tkazilgani bilan farq qiladi. Qolaversa, ushbu tadbir Haydar Aliyev yiliga bag’ishlab tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Markaz direktori Samir Abbosov o‘tgan yilning yakunlari, Ozarbayjon-O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikning inkishofi, madaniy aloqalarda turli tadbirlar va loyihalarning amalga oshirilgani haqida so‘z yuritdi.

Direktor O‘zbekistonning Toshkent shahri va Xorazm viloyatida Ozarbayjon madaniyati haftaligi, Shusha kunlari, Ozarbayjon kinosi kunlari va Bokuda esa O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilganini aytib o‘tdi.

Samir Abbosov davlat rahbarlarimizning o‘zaro uchrashuvlari, safarlari Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan Fuzuliy tumanida O‘zbekiston davlatining loyihasi asosida maktab barpo etilgani va uning ochilish marosimini, Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida «Ozarbayjonshunoslik» Markazining ochilishi, Qo‘qon shahridagi Xalqaro Hunarmandchilik muzeyida Ozarbayjon burchagining yaratilishi bu yil uchun esda qolarli hodisa sifatida yuksak baholadi.

Samir Abbosov an’anaviy mavzular bilan birga bu yil musobaqaga «Haydar Aliyev – turkiy dunyo – O‘zbekiston», «Shusha  – turk dunyosining madaniyat poytaxti» nominatsiyalari ham e’lon qilinganini aytib o‘tdi.
Chiqish qilgan tadbirning keyingi ishtirokchisi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbari o‘rinbosari Akbarxon Magdiyev o‘lkalarimiz orasida madaniyat va matbuot sohasidagi aloqalarning to‘xtab qolmasdan yuksalishda davom etayotgani, musobaqada 2023-yilning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deya e’lon qilingani inobatga olinib, maxsus nominatsiyasi belgilangani to‘g‘risida ta’kidladi. U Ozarbayjon Madaniyat Markazi O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani va buning natijasida o‘tgan yillarga nisbatan taqqoslaganda har yil O‘zbekiston matbuotlarida Ozarbayjon mamlakati haqida 500 dan ortiq maqola chop etilgani va ko‘rsatuvlarning efirga uzatilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Undan keyin taqdirlash marosimi tashkil qilindi.
2023-yilda «Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi, hamkorligiga doir yilning eng yaxshi televideniya ko‘rsatuvi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga «Sevimli TV» telekanali boshlovchisi va muxbiri Nigora Elmurodova, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» ko‘rsatuvi rejissyori va boshlovchisi Mirzaahmad Avazov va Bektosh Azimov, O‘zbekistonning «Sevimli TV» telekanali «Zamon» informatsion dasturi boshlovchisi Nazira Ubaydullayeva munosib deb topildi.

O‘zbekistonda Ozarbayjonga oid yilning eng yaxshi loyihasi bo‘yicha mukofotlar Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjonshunoslik Markazining yaratilishi loyihasi uchun, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining «Ibrat farzandlari» loyihasi rahbari Rustam Qoriyevga Youtube onlayn platformasida Ozarbayjon tilining onlayn shaklda o‘rgatilishi loyihasi uchun taqdim etildi.

«Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik aloqalarini targ‘ib qilgan O‘zbekistonning madaniyat va ilm xodimi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, dotsent Eldor Shermonov va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori, professor Feruza Ikramxonova loyiq deb topildi.

2023-yilda O‘zbekistonda «Yilning eng yaxshi madaniyat loyihasi» nominatsiyasi bo‘yicha esa O‘zbekistonning Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri tomonidan sahnalashtirilgan «Qaynona» musiqali komediya tomoshasi va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti musiqa-teatr truppasi tomonidan sahnalashtirilgan «Arshin mol olan» musiqali komediya tomoshasi, shuningdek Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligiga bag‘ishlangan «Meni sevib qolsayding» klipi uchun «ARB Günəş» televideniya rahbari Mahsim Mahsimov mukofot bilan taqdirlandilar.
2023-yilda O‘zbekiston matbuotida «Haydar Aliyev – turkiy dunyo – O‘zbekiston» mavzusida yilning maqolalari nominatsiyasi bo‘yicha mukofotlar O‘zbekistonning «aniq.uz» sayti jurnalisti Nizomjon Isoqovga va O‘zbekistonning «darakchi.uz» sayti jurnalisti Karim Zaripovga taqdim etildi.

«Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi, hamkorligini keng targ‘ib qilgan ozarbayjonlik ziyoli» nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbek va Qoraqalpoq adabiyotiga doir ko‘plab tadqiqot ishlarini qilgan Boku Slavyan universiteti Ozarbayjon adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori, turkolog, adabiyotshunos, tanqidchi Ozarbayjonning aziz muallimi Nizomiy Tag‘isoy mukofotga munosib deb ko’rildi.

O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyotiga doir ilmiy-tadqiqot loyihasi nominatsiyasi bo‘yicha Maqsud Shayxzoda merosining o‘rganilishi, tadqiqi va targ‘ibotiga oid ilmiy-tadqiqot asari uchun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti Oybibi Iskandarova, «Yilning eng yaxshi tarjima nashri loyihasi» nominatsiyasi bo‘yicha esa tarjimon, shoir Rahmatjon Bobonojonov mukofot bilan taqdirlandilar.

2023-yilda «Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligini, hamkorligini targ‘ib qilgan ozarbayjonlik jurnalistlar» nominatsiyasi bo‘yicha Ozarbayjonning «Trend.az» va «Newscenter.az» saytlarining jurnalistlari Vugar Imonov va Sulaymon Ismoyilbeyli munosib deb topildi.

«Ozarbayjon milliy musiqasining O‘zbekistonda keng targ‘iboti» nominatsiyasi bo‘yicha yil mukofoti O‘zbekistonda tanilgan ozarbayjonlik soz ustasi Ilhom Abdullayev va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti Davron Qodirovga taqdim etildi.

Taqdirlash marosimining so‘nggida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, dotsent Eldor Shermonov va Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi «Ibrat farzandlari» loyihasi rahbari Rustam Qoriyev so‘zga chiqib, mukofot uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdilar va bu mukofot ularning faoliyatlariga berilgan baho, e’tibor kabi qarshilaganini, bundan keyin ham Ozarbayjon bilan do‘stlik aloqalariga katta ahamiyat berishlarini ta’kidlab, Ozarbayjon davlatiga o‘z samimiy tashakkurlarini bildirdilar.

Tadbir oxirida ishtirokchilarga Ozarbayjon milliy kuy-qo‘shiqlaridan iborat musiqiy guldasta taqdim etildi.




O‘zDSMI ilmiy kengashining yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ilmiy kengashining 5-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab institut rektori v.b. Eldor Shermanov barchani yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabrikladi va minnatdorchilik bildirdi.

«Yil davomida erishilgan natijalarda barchaning katta hissasi bor, buning uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bundan keyin ham bir tan-u bir jon bo‘lsak, 2024-yilda yuqori marralarga erishamiz», — dedi Eldor Shermanov.

  • Yig‘ilishda quyidagi masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglandi:
    — О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlari, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, Vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarining bajarilishi;
    — institutda iqtidorli talabalar bilan ishlash holati va uni yanada takomillashtirish bо‘yicha 2023/2024-o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlar;
    — tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul natijalari;
    — doktorantlarning yillik hisoboti, monitoring natijalari, kursdan kursga о‘tkazish masalalari;
    — institutda sport klubi raisi va o‘rinbosarini tasdiqlash va boshqalar.

Yig‘ilish davomida madaniyat va san’at menejmenti kafedrasi o‘qituvchisi Oybek Do‘stmuhammedov, sahna nutqi kafedrasi o‘qituvchisi Bahodir Mag‘diyev hamda sahna haraklati va jismoniy madaniyat kafedrasi o‘qituvchisi Saida Zakirova dotsent ilmiy unvonini bilan taqdirlandi.




Angdong milliy universiteti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati Janubiy Koreyaning Angdong milliy universiteti vakillari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha uchrashdi.

Muzokara davomida ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi. Jumladan, kelgusida ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma yo‘nalish ochish hamda talabalarning O‘zbekiston va Janubiy Koreyada tahsil olishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shu jumladan, o‘zbekistonlik talabalar uchun qo‘shimcha ravishda koreys tili markazi ochilib, koreyalik mutaxassislar tomonidan bepul darslar o‘tkazishili rejalashtirildi.

Tashrif davomida mehmonlar dars jarayonlari va o‘quv teatri faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun, Andong milliy universiteti Janubiy Koreyaning Shimoliy Geongsang provinsiyasi, Andong shahrida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, mamlakatning eng yaxshi yuzta oliygohidan biri hisoblanadi.

Andong universitetida 6 ta kollej, 47 ta bo‘lim va 4 ta mutaxassislik, jumladan, gumanitar fanlar va san’at, ijtimoiy fanlar, fan va texnologiya va sog‘liqni saqlash kollejlari mavjud.




Prezidentimiz islohotlariga kamarbasta bo‘lamiz

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan bir qatorda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.

Bugun oliygohda Prezident tashabbuslari ijrosini ta’minlash hamda islohotlar bilan yoshlarni tanishtirish maqsadida yig‘ilish tashkil etildi. Unda sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Institut rahbariyati tomonidan kelgusi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

«Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan juda katta tashabbuslar ilgari surildi. Albatta, davlatimiz rahbarining madaniyat va san’at sohasiga bu qadar jon kuydirayotgani barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otishi lozim. Bu ham bizga mas’uliyat bilan rivojlanish olg‘a qadam tashlashimizga turtki beradi. Barchamiz Yurtboshimiz islohotlariga kamarbasta bo‘lishimiz va ishonchni oqlashimiz lozim», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Yig‘ilish davomida Prezident ilgari surgan tashabbuslar uchun institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ham minnatdorchilik bildirildi. Shu bilan birga, soha rivojiga oid vaziflarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zDSMIga ozarbayjonlik taniqli shoir Xayol Rizo tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi boshqaruv kengashi a’zosi, uyushma matbuot xizmati rahbari Xayol Rizo tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Xayol Rizo institut rahbariyati bilan ikki mamlakatning madaniyat va san’at sohasida amalga oshirayotgan hamkorliklari, adabiyot va kitobxonlik borasida qarashlari to‘g‘risida fikr almashdi.

Shuningdek, ozarbayjonlik mehmon oliygohning axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdi hamda o‘quv teatrida tashkil etilgan konsert dasturini tomosha qildi.




O‘zDSMIda folklor, til va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida joriy yilning 19-dekabr kuni folklor va etnografiya kafedrasi tashabbusi bilan «Folklor, til va madaniyat masalalarini ilmiy o‘rganishda fan va innovatsiyalar uyg‘unligi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Unda soha vakillari, taniqli professor-o‘qituvchilar va olimlar, kafedra o‘qituvchilari, tayanch doktorant va boshqalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zbek folklori, tili va madaniyatiga tatbiq etish orqali sohani yanada rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Shuningdek, shoʻbalar tashkil etilib, «Mustaqillik davri folklor san’atining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zbek folklorshunosligida olib borilayotgan izlanishlar», «Xalq dostonlarining milliy madaniyatimizda tutgan o‘rni», «Lingvofolkloristika, til, adabiyot va folklor masalalari» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




Mahallalarning xaritalari yangilanmoqda

Dunyodagi har bir mamlakat o‘z aholisi soni va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ro‘yxatga olish ishlarini olib boradi. Mazkur jarayon har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi. Bu xalqaro amaliyotga doir tamoyil. O‘zbekistonda esa aholini ro‘yxatga olish ilk bor 1897-yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980, 1989-yilda o‘tkazilib, eng oxirgisida respublikamizda 19,7 million aholi yashayotgani qayd etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyunda “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekistonda ham aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020-yil 16-martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu nima uchun kerak?

Eng avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha yashash joylari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, turmush sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabi jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi. Mazkur ko‘rsatkichlar orqali esa, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash hamda oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Bundan tashqari, aholi migratsiyasi bo‘yicha aniq ma’lumotlarni shakllantiradi. Shu bilan birga, uy-joylar infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi. Buning natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar hamda foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborot manbai yuzaga keladi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Lekin joriy hisob bo‘yicha mavjud axborot aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, hududlarda ularning joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa hamda tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti. Shuning uchun Prezidentimizning tegishli farmoni va hukumat qarorlariga asosan, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayonda hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalardagi noaniq ko‘chalar nomlanadi, aholi yashayotgan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzilib, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi. Yanada aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan bir qatorda, tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Ana shu tadbirlar orqali respublikamizning yangi, mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Mahalla xaritalarining to‘liq va to‘g‘ri bo‘lishi aholini ro‘yxatga olishni sifatli tashkil etish, sarflanadigan mablag‘lardan samarali foydalanilishini ta’minlashda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Oldinda qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida yurtimizning har bir manzili, hatto chekka va olis mahalla-yu ko‘chalarigacha bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan bir qatorda, respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari, dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda keng foydalaniladi. Ro‘yxatga olish natijalarining nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun ham ahamiyati katta. Bugun biz qanday yashaganimiz va qanday imkoniyatlarga ega bo‘lganimiz tarixga muhrlanib, avlodlarimiz uchun ma’naviy meros bo‘lib qoladi.




O‘zDSMI o‘qituvchi va talabalari Koreya media san’ati universitetida bepul malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi Koreya media san’ati universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh rahbarlari hamkorlik memorandumini imzoladi. Unga ko‘ra, ta’lim muassalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bunda talabalar ikki yil O‘zDSMIda o‘qib, qolgan ikki yilni Koreya media san’ati universitetida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kelgusi yilning bahorida institutimi o‘qituvchilari va talabalari mazkur universitetida ikki hafta davomida bepul malaka oshirish kurslarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.