O‘zDSMI rahbariyati rektorga biriktirilgan og‘ir toifadagi mahalla yoshlari holidan xabar oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatning alohida e’tiboriga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga yo’naltarish, kasbga o‘rgatish, o‘qitish va ish bilan ta’minlash maqsadida ushbu yoshlarni vazirlik tizimidagi obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega rahbarlarga biriktirish an’anasi joriy etilgan edi.

Shunga ko’ra, hududlarga biriktirilgan rahbarlarning joylardagi holatni to‘laqonli aniqlash maqsadida xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlari yoshlar o‘rtasidagi mavjud muammolarni tezda yechimini topishi muhim vazifa etib belgilandi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili davlat dasturiga muvofiq, respublikadagi har bir oliy ta’lim muassasasi rektorlariga ijtimoiy himoyaga muhtoj va uyushmagan yoshlar biriktirilgan.

Shu munosabat bilan bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Eldor Shermanov oliygohga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashish maqsadida Sirg‘ali tumanida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari, ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish, kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Yoshlarning muammo va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga yechim topish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalarga institut rahbariyati tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari tuhfa etildi.




O‘zDSMI delegatsiyasi Kann festivali doirasida Kotd’Azur universiteti faoliyati bilan tanishdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro kinofestivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda qatnashmoqda.

Bugun kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi mudiri Doston Hojimatov boshchiligidagi delegatsiya Kotd’Azur universiteti faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida ta’lim tizimi, o‘quv yo‘nalishlari, dars jarayonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishildi.

Xususan, kino sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan bir qancha yo‘nalishlarning faoliyati o‘rganildi.

Jumladan, oliygoh bir qancha xalqaro kinofestivallarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan bakalavriatlarni magistratura bosqichiga imtiyozli ravishda (kontrakt summasining 50 foizini qoplab berish) o‘qishga qabul qilishi ma’lum bo‘ldi.

Tashrif davomida fransuz universiteti vakillari bilan suhbat o‘tkazilib, istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan Kotd’Azur universitetida o‘ttiz mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularning yigirma foizini xorijliklar tashkil etadi.

Universitetda Huquq, siyosat, iqtisod va boshqaruv, madaniyat, san’at, ijtimoiy fanlar, tibbiyot, jismoniy tarbiya va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan fakultet va kafedralar mavjud.




O‘zDSMIda san’atshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida san’atshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan «San’atshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Anjumanni oliygoh rektori Nodirbek Sayfullayev ochib berib, har bir sohaning rivoji hamda shakl va mazmun jihatdan boyishi, ushbu sohaning qanchalik keng tadqiq etilishiga ham bog‘liq ekanligini, bugungi kunda ta’lim rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni yanada keng targ‘ib etish, ijodkorlarning yangicha qarashlari va intilishlarini yanada sayqallanishida san’atshunoslarning ham alohida mas’uliyati borligini ta’kidlab o‘tdi hamda ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Yalpi majlisda «O‘zbekistonda teatr tanqidining muammolari va rivojlanish istiqbollari», «O‘zbek teatri: shakllanish bosqichlari va bugungi holati», «Sahna zamon ruhi», «Dramaturg mahoratining shakllanishida jahon adabiyotining o‘rni», «Kinoshunoslik fanining dolzarb vazifalari», «Madaniyat va san’at: muammo va yechimlar», «O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida tarixiy obrazni gavdalantirish ustidagi izlanishlar» va boshqa ko‘plab dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar o‘qilib, keng doirada muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida barcha ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.




Nodirbek Sayfullayev О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori etib tayinlandi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, Nodirbek Baxtiyorovich Sayfullayev О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar Nodirbek Sayfullayev Prezident Administratsiyasi madaniyat va san’atni rivojlantirish sho‘basi mudiri lavozimida faoliyat olib borayotgandi.

«Avvalambor, shunday ahil jamoa bilan ijobiy yutuqlarga erishish uchun yuksak ishonch bildirgan Muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman.
Mana shu dargohda ishlab, yangiliklar qilishni sharaf deb bilaman. Ijodkorlar bilan ishlash insonga boshqacha tuyg‘u baxsh etadi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Respublikadagi yagona oliygoh hisoblanadi. Shu bois, bu yerda faoliyat olib borishning ulkan ma’suliyati bor.
Oldinda turgan vazifalarimiz bisyor. Bitta inson, bitta rahbar hech narsaga erisha olmaydi. Qachonki yagona maqsad sari birlashar ekanmiz, har qanday muammoni bartaraf etib, g‘alabaga erishamiz. Soha bo‘yicha malakai kadrlar tayyorlash — eng oliy maqsadimiz. Bu borada fidoyilik bilan, halol va vijdonan ishlashga va’da beraman» — dedi Nodirbek Sayfullayev.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vаziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov yig’ilishda ishtirok etib, Nodirbek Sayfullayevni tayinlangan yangi mas’uliyatli vazifa bilan tabriklashdi va kelgusi ishlariga omad tilashdi.




Ramz Qodirov dissertatsiyasi muhokamasi

2024-yil 31-may kuni soat 10.00 da O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.08/28.08.2020.San.121.01 raqamli Ilmiy kengash asosida Kadirov Ramz Turabovichning 13.00.02 – “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (san’atshunoslik fanlari)” ixtisosligi bo‘yicha “Talaba-aktyorlarda sahna nutqiga oid bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish texnologiyalari” mavzusidagi dissertatsiyasi yuzasidan ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash huzuridagi bir martalik ilmiy seminar bо‘lib о‘tadi.

Ilmiy rahbar: Mamatqosimov Jahongir Abirqulovich – pedagogika fanlari bo‘yicha (PhD) falsafa doktori, dotsent.
Taqrizchilar: Isakulova Nilufar Janikulovna – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, pedagogika fanlari doktori;
Abdurasulov Shohruh Abdunabiyevich – О‘zbekiston Respublikasi FA San’atshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha (PhD) falsafa doktori.




O‘zDSMI delegatsiyasi Kann festivali doirasida xorijiy mamlakat vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro kinofestivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda qatnashmoqda.

Bugun delegatsiya navbatdagi mahorat darsida ishtirok etib, «VoxAfrika» telekanali, «Shcherbina film production», «All Right Entertainment animatsion», «Qirg‘iz cinema» kabi studiya vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Jumladan, «VoxAfrika» telekanali operatori birinchi televizor ixtiro qilingan O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanligini ta’kidlab, institutimiz bilan hamkorlik qilishdan mamnunligini bildirdi. Shu bilan birga, institut xodimlari «Taksi» filmi bosh qahramoni Sami Naseri bilan muloqot olib bordi.

Ertangi tadbirlar doirasida Kann shahridagi kinoga ixtisoslashtirilgan maktablarga sayohat tashkil etilishi rejalashtirilgan.




O‘zDSMI delegatsiyasi Fransiyada o‘tkazilayotgan nufuzli Kann kinofestivalida faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda

Shu kunlarda Fransiyaning Kann shahrida 77-Kann xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro hamkori, «Mond Media» televideniyesi prodyusseri, Jan Mari Laronz taklifiga binoan oliygohimizning kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi mudiri Doston Hojimatov, rejissyorlik ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Hilola Abdurasulova hamda kino sa’nati bo‘yicha mustaqil izlanuvchi Kamola Sulaymonova bevosita faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.

Vakillarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda ishtirok etishmoqda.

Xususan, delegatsiya bugun bo‘lib o‘tgan «CNC Talant France (milliy kino va animatsion tasvirlar markazi) studiyasi tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsida qatnashdi.




O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan memorandum imzolandi

18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning maqsadi ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ta’lim sifati samaradorligini oshirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, shuningdek, o’sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish, o’quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish hamda san’at va madaniyat yo‘nalishidagi to’garaklar faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik tartibini belgilab berishdan iborat.

Tomonlarning asosiy hamkorlik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– O’sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual
rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko’tarish, o’quvchi yoshlarning bilim va ko’nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo’lgan muhabbatni shakllantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarniamalga oshirish, islohotlar jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish;
— san’at va madaniyat yo’nalishidagi pedagoglar hamda ilmiy xodimlar o’rtasida tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish,
ularning uzluksiz kasbiy mahoratlarini oshirish hamda rivojlantirish tizimi doirasida joylarda mahorat darslarini tashkil etish;
– Iqtidorli, a’lochi, fidokor yoshlar hamda muzey ilmiy xodimlari o’rtasida o’zaro tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish maqsadida uchrashuvlar, badiiy
kechalar, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish va o’tkazish yuzasidan seminar-treninglar va mahorat darslarini tashkil qilish;
– Madaniyat va san’at yo’nalishida festivallar, turli ko’rik-tanlovlar,
madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish hamda yuqori saviyada o’tkazilishida uzviy hamkorlik qilish;
– O’quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish hamda san’at va madaniyat yo’nalishini yanada rivojlantirish yuzasidan o’zaro hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish.

Uchrashuv so‘ngida bolajonlar raqs guruhi tomonidan tayyorlangan ko‘rinishlar tomoshabinlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.