Talabalar xorijda tajriba almashmoqda

Ayni kunlarda Rossiya Federatsiyasining Verxnyaya Pishma shahrida Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti tashabbusi bilan _Teatr_Ural “Твое время” VIII xalqaro talabalar teatr laboratoriyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yetakchi teatr institutlari – Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti, Rossiya davlat sahna san’ati instituti, Rossiya davlat teatr san’ati instituti, Boris Shukina nomidagi teatr instituti, Lugan davlat madaniyat va san’at akademiyasi, Yerevan davlat teatr va kino instituti va ilk marotaba O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ishtirok etmoqda.

Mazkur laboratoriyaning maqsadi “Aktyorlik san’ati”, “Rejissyorlik san’ati”, “Ssenografiya” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun professional start-up platformasini yaratish hamda do‘stona, ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti nomidan “Teatr san’ati” fakulteti “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi professori Jahongir Mamatqosimov hamda mazkur fakultetning Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari Shavkat Bazarbayev, Ruslan Rustamov ishtirok etmoqda.

Laboratoriya talabiga ko‘ra rejissyorlar, aktyorlar va ssenograflar o‘zaro hamkorlikda hakamlar hay’ati tomonidan berilgan pyesa asosida bir hafta muddatda spektakl eskizini tayyorlashi lozim. Joriy yilda teatr laboratoriyasi “Muzey makonida – teatr” mavzusida noan’anaviy sahnada, ya’ni Verxnyaya Pishma shahrida joylashgan harbiy muzey kompleksida bo‘lib o‘tmoqda. Muzey kompleksida o‘n besh mingdan ortiq harbiy texnikalar joylashgan bo‘lib, mazkur harbiy texnikalar makonida spektakl eskizlari tayyorlanishi lozim.

Institut jamoasi uchun Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti “Dramaturgiya” yo‘nalishi talabasi Shusharin Artyom tomonidan yozilgan “Do‘stona tashrif” dramasi asosida spektakl eskizi tayyorlash vazifasi belgilangan. Mazkur jarayonga ijodiy hamkor sifatida Rossiya davlat sahna san’ati instituti talabasi Arina Romanenko (ssenograf), Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti talabasi Krivoshyokov Dimitriy (rejissyor assistenti) va mazkur institutning “Drama aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi talabalari aktyor sifatida biriktirilgan.

Teatr laboratoriyasi davomida institut jamoasi Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti bilan tanishib bormoqda. Professor-о‘qituvchilar mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, teatr laboratoriyasi dairasida teatrlarga tashrif va shahar bо‘ylab ekskursiyalar rejalashtirilgan.

Natijalar joriy yilning 14-sentabr kuni e’lon qilinadi.




E’lon

2024-yil 5-sentabr kuni soat 14.00 da institutning mustaqil izlanuvchisi Mamatqosimov Jahongir Abirqulovichning 13.00.02 – ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (san’atshunoslik fanlari) ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan “Bо‘lajak rejissyorlarning kasbiy kompetentligini adabiy asarlar asosida riojlantirish metodikasini takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasining kafedra muhokamasi bo‘lib o‘tadi.

Ilmiy maslahatchi: Isakulova Nilufar Janikulovna – pedagogika fanlari doktori, professor

Taqrizchilar: Jumaniyozova Muhayyo Tojiyevna – pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent
Mamanazarova Nargiza Komildjanovna – pedagogika fanlari doktori (DSc), professor v.b.
Shodiyev Boltaboy Avazovich – san’atshunoslik fanlari doktori, dotsent

Manzil: O‘zDSMI retorakt binosi 3-qavat, Muhammad Yusuf nomidagi auditoriya.




O‘qishni qayta tiklash va ko‘chirish maqsadida murojaat qilgan talabalarning arizalari ko‘rib chiqildi

29-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o’qishni qayta tiklash va ko‘chirish maqsadida murojaat qilgan talabalarning arizalari ko‘rib chiqildi. Mazkur yig‘ilishda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda boshqa mas’ul shaxslardan iborat komissiya a’zolari ishtirok etdi.

Komissiya a’zolari tomonidan har bir talabaning hujjatlari individual ravishda, aniq belgilangan mezonlar asosida ko’rib chiqildi. Bunda ularning oldingi semestrlardagi baholari, intizomiy ko‘rsatkichlari va o‘qishni qayta tiklash yoki ko‘chirish sabablari o’rganildi.

Yig‘ilishda har bir talaba institutning ichki tartib-qoidalari va talablariga rioya etgan holda ta’lim olishda davom etishi mumkinligi ta’kidlandi.




О‘zDSMI rahbariyati va professor-o‘qituvchilari Samarqand shahridagi xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda

Xabaringiz bor, 26–30-avgust kunlari Samarqand shahrida “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tmoqda.

Festival doirasida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilayotgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda. Konferensiyani O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, Jahon madaniyatlari milliy assotsiatsiyasi rahbari Huaulme Christine, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarovlar kirish so’zi bilan ochib berib, barcha ishtirokchilarni konferensiya ishi tabriklashdi.

Mazkur ilmiy-amaliy konferensiyada 32 mamlakatdan tashrif buyurgan 46 nafar sohaning eng yetuk mutaxassislari, jumladan musiqashunos, folklorshunos, madaniyatshunos olimlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va xalqaro ilmiy tadqiqot institutlari hamda ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Shu jumladan, konferensiyada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov hamda oliygohning professor-o‘qituvchilari O’razali Toshmatov, Ma’rufjon Yo’ldoshev, G’anijon Xudoyev, Musallam Abdujabbarova, Jo’ra Shukurov, Aziz Rajabiy, N.Turg’unova va boshqalar ham qatnashmoqda.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Mahalla obod — yurt obod” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi

24-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Mahalla obod — yurt obod» shiori ostida keng qamrovli umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad institut hududi va atrof-muhitni obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash, shuningdek, o‘qituvchilar va xodimlarni jamoaviy ishda birlashtirishdan iborat.

Hasharda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligida oliygoh professor-o‘qituvchilari va xodimlari faol ishtirok etishdi. Ular hududlarni obodonlashtirish, yo‘laklarni tozalash va boshqa turdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi.

Mazkur jarayondan so‘ng institut hududida doshqozonda osh damlanib, xayrli ishda faol ishtirok etgan barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun mazali taom dasturxonga tortiq etildi.

Ushbu xayriya hashari natijasida institut hududi yanada go‘zal ko‘rinishga keldi, xodimlar orasida birdamlik kayfiyati kuchayib, do‘stona muhit yanada mustahkamlandi. Bu kabi tadbirlar institutda ilm-fan va madaniyat rivojiga xizmat qiladigan ijobiy muhit yaratishga ulkan hissa qo‘shadi.




O‘zDSMIda ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun suhbat oʻtkazilmoqda

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar uchun suhbat boʻlib oʻtmoqda.

Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev mazkur jarayonlarni bevosita kuzatib bormoqda.

Suhbat jarayoni shaffof va adolatli ruhda o‘tkazilmoqda hamda jonli efirda onlayn tarzda namoyish etilmoqda. Imtihon natijalari shu kunning o‘zida oliygohning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali e’lon qilinadi.

Mazkur jarayon orqali talabgorlarning ilmiy-ijodiy qobiliyati baholanib, munosib nomzodlarga ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘z bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniyatini yaratadi.




О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «FACE ID» tizimli zamonaviy turniketlar о‘rnatildi

Institut rahbariyati, xususan, ishlar boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Qurbonov tomonidan yangi 2024/2025-o‘quv yiliga tayyorgarlik munosib tayyorgarlik ko‘rish, oliygoh moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalar joriy etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, institut hududiga kirish va chiqish nazoratini raqamlashtirish maqsadida yuzni tanish funksiyasiga ega «FACE ID» tizimli zamonaviy turniketlar о‘rnatildi.

Yangi о‘quv yilidan boshlab institut professor-о‘qituvchilari, ishchi-xodimlar va talabalarning kunlik davomati mazkur turniketlar orqali raqamlashtirilgan holda olib borilishi yо‘lga qо‘yiladi. Institut rahbariyati tomonidan oliygohda raqamlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.




Geochang teatr maktabi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

16-avgust kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Koreya Respublikasining Geochang teatr maktabi direktori Kan Man Xo boshchiligidagi muassasa delegatsiyasi bilan uchrashdi. Mehmonlarga institutimizning boy tarixi va faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tildi.

O‘z navbatida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o’rtasida ta’lim, madaniyat va san’at sohasida hamkorlik aloqalari jadallik bilan rivojlanib borayotganiga alohida urg‘u berib o‘tildi.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida o‘zaro memorandum imzolash hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning oktyabr oyida Geochang teatr maktabidan professor-o‘qituvchilar va talabalarning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, qisqa muddatli tajriba almashinuvida ishtirok etishi bilan bog’liq masalalar kelishib olinib, tegishli mas’ullar orqali jarayonni yuqori saviyada o‘tkazish belgilandi.

Shu bilan birga, mehmonlar sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi hamda o‘quv teatri faoliyati bilan yaqindan tanishdi.