Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori rahbarligida institutning barcha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirokida navbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

✅Yig‘ilishda 2024/2025-о‘quv yilida talabalarni TTJ va ijara uylari bilan tо‘liq qamrab olinganlik holati, talabalarning haftalik davomati, “FACE ID” tizimi orqali barcha institut talabalarining rо‘yxatdan о‘tganlik holati, institutga 7-8-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Geochang teatr maktabi vakillarining tashrifini tashkil etish va mahorat darslari o’tkazish, 2024/2025-о‘quv yilida qabul qilingan talabalarning hujjatlarini HEMIS tizimida rо‘yxatdan о‘tkazilganlik holati kabi institut hayotiga aloqador bir qator masalalar muhokama qilindi.

❗️Ushbu masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi hamda barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yuzasidan xulosa qilar ekan, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev talabalaning sifatli ta’lim olishi uchun barchamiz mas’ul ekanligimizni qayd etib, bu borada barchani faolikka va o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarishga chorladi.




“Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz mas’ulmiz”

“Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz mas’ulmiz”

Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bir boʼlib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash koʼplab mamlakatlarni qamrab olmoqda. Hozirgi paytda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator dasturlar qabul qilindi va ular boʼyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz mas’ulmiz” shiori ostida davra suhbati bo‘lib o’tdi.

✅Mazkur davra suhbatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘limi boshlig‘i Mirazim Parmanov, Madaniyat vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘limi boshlig‘i Komiljon Raximov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Mas’ul xodimi Miranshoh Rasulov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug’bek tuman sudining sudyasi Dilnoza Xaliknazarova, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Shaxruz Samiyev, Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tergov bо‘limi boshlig‘i Zoirjon Saparov va institut mas’ullari ishtirok etdi.

❗️Tadbir avvalida mehmonlarni tanishtirar ekan, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev bugungi jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash har birimizning yuksak vazifamiz ekanligini, doimo xalq e’tiborida bo‘lgan san’atkor uchun bu mas’uliyat ikki hissa yuqori ekanligini ta’kidladi.

Suhbat davomida mehmonlar korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga zarari, mamlakatning iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy xavfsizligiga bevosita taʼsir qilishi, shuningdek, uning huquqiy oqibatlari, korrupsion holatga duch kelganda qay tartibda va qayerga murojaat qilish lozimligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, “Korrupsiyadan xalos boʻlish uchun inson tafakkurini, dunyoqarashini oʻzgartirishimiz, uni stereotiplardan xalos qilishimiz va korrupsiyaga jazoning muqarrarligini tushuntirishimiz kerak”.

❓Shuningdek suhbat yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.




Forum taassurotlari.

 

Joriy yilning 16-19-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XVII forumi bo’lib o’tdi.

“Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi: umumiy qadriyatlar va madaniyatlar xilma-xilligi” mavzusida bo‘lib o‘tgan ushbu forumda O’zbekiston madaniyat vaziri o’rinbosari Murodjon Majidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdik.

Forumning tantanali ochilish marosimi 17 sentyabr kuni “Toratau” kongress holida bo’lib o’tdi.

Shuningdek, Forum doirasida
✅ Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy innovatsiyalari va milliy madaniy an’analari;
✅ MDHda raqamli transformatsiya davrida fan va ta’lim;
✅ Volontyorlik ijtimoiy rivojlanish manbai sifatida: avlodlar o’rtasidagi aloqa;

✅ Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy universitetlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik;

✅ Hamdo’stlik davlatlarining inklyuziv san’ati: hamkorlik shakllari nomli sho‘ba yig’ilishlari tashkil etildi.

“Hamdo’stlik mamlakatlari ijodiy universitetlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik” nomli sho‘ba yig‘ilishida “Madaniyat va san’at sohasida O‘zbekistonning xalqaro aloqalari va munosabatlari” mavzusida ma’ruza qildim. Ma’ruzada bugun Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘sib borayotgan roli, xorijiy davlatlar bilan o‘rnatilayotgan madaniy hamkorlik, umuman bugungi o‘zbek san’atining jahondagi o‘rni va ahamiyati, yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan san’at va madaniyat sohasi rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ushbu sohalarning bugungi taraqqiyoti, istiqbollari, shuningdek, institutda talabalarning sifatli bilim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Forum dasturida belgilangan tadbirlardan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bо‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, Zagir Ismagilov nomidagi Ufa davlat san’at instituti rektori Ilmar Almuxametov, Moskva davlat madaniyat instituti rektori Yekaterina Kudrina va boshqa xorijlik ziyolilar bilan ham uchrashib, mamlakatlarimizda olib borilayotgan ilmiy-ijodiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to’g’risida fikr almashildi, kelgusida birgalikda ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, ilmiy tajriba va ilmiy ma’lumotlar almashish, hamkorlikda madaniy tadbirlar о‘tkazish kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, MDH Yoshlar simfonik orkestri va F.Gaskarov nomidagi Davlat akademik milliy raqs ansamblining konsertlari va boshqa madaniy tadbirlarda ham ishtirok etdik

Xulosa qilib aytganda, mazkur Forumda ko‘plab ziyolilar bilan fikr va tajriba almashdik. MDH davlatlaridagi ijodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishdik. Eng muhimi esa yurtimizda so‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijda ham e’tibor va e’tirof qozonayotganiga guvoh bo‘ldik.

O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor Nodirbek Sayfullayev




Adiblar xiyoboni – ma’naviyat maskani

 

✅Adiblar xiyobonida haykallari qad rostlagan ziyoli yozuvchi shoirlarning hayoti va ijod namunalarini o‘rganish hamda talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining ushbu ma’naviyat maskaniga tashriflari boshlandi.

❗️Bugun Teatr san’ati fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo ‘yicha dekan o‘rinbosari Jamshid Sobirov boshchiligida fakultet talaba-yoshlari ishtirokida xiyobonda ma’naviy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir avvalida iste’dodli talabalar buyuk shoir Muhammad Yusuf haykali oldida kitob mushoirasi hamda shoir ijodiga mansub she’rlardan kuy-qo‘shiqlar ijro qildilar.

Shundan so‘ng esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva bilan ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. Lola Eltoyeva adabiyot bilan hamnafas bo‘lish ijodkorning ijodiy barkamolligida juda yuksak ahamiyatga ega ekanligi, xususan, Muhammad Yusufning ijodi, nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki qo‘shiqchilik san’atida ham alohida bosqichga aylangani, bugun ham qanchadan qancha yoshlar uning she’rini kuyga solib san’at olamiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi hamda barcha yoshlarni kitob o‘qishga, o‘zbek adabiyoti namoyondalari ijodiga ko‘p va xo‘p murojaat qilishga undadi.

O‘z navbatida talabalar ham shoirning she’rlarini yoddan o‘qib berdi hamda eng namunali talabalarga aktrisa tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.




✅Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talaba-yoshlarning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalarga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi.

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta;minlash bo’yicha rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov, Institut prafilaktika inspektori Fayzulla Akbarov va talabalar ishtirok etgan mazkur yig‘ilishda, asosiy e’tibor yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratildi.

❗️Shuningdek, ichki tartib va odob-axloq qoidalari, talabaning huquq va majburiyatlari, institut hududida tengdoshlari, ustozlari va institut xodimlari bilan bo‘ladigan muomala madaniyati va boshqa masalalar yuzasidan tushuncha berildi.

Bundan tashqari, institutda talabalarni sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, tashkil etilayotgan sport musobaqalari, boshqa ko‘rik tanlovlar, shuningdek, turli festivallarn ularda ishtirok etish shartlariga ham alohida to’xtalib o‘tildi.

Talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga ham batafsil javob berildi.




O‘zbеkiston davlat san’at va madaniyat institutida “Markaziy Osiyo filmlarida an’analar va yangilikka intilish tendensiyalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.

Anjumanni ochib berar ekan, Kinematografiya agentligi direktori, professor Shuhratilla Rizayev bugun bildiralajak fikrlar, ilmiy ma’ruzalar avvalo, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlanishi uchun xizmat qilishi, shuningdek, jahon va o‘zbek kinosining bugungi kuni, kuzatilayotgan yangiliklar va ertangi taraqqiyoti haqida muhim ma’lumotlarga boy bo‘lishiga umid bildirib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbеkiston davlat san’at va madaniyat instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov ushbu konferensiyada Fransiya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Ozorbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi hamda yurtimizning 70 ga yaqin san’atshunos olimlari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etishining o‘ziyoq ilmiy anjumanning xalqaro ahamiyati yuqori ekanligini, bugun bildirilajak fikr-mulohazalar, takliflar, albatta, kelgusida Markaziy Osiyo davlatlarida kino sohasining rivojiga hissa qo’shishiga umid bildirdi hamda konferensiyadagi ma’ruzalar to‘plam sifatida nashr etilganini ma’lum qildi.

Konferensiyaning yalpi majlisida “Kinoavangarddan kinoklassika (mumtoz kino) sari bosib о‘tilgan yо‘l”, “Новая ступень формирования и развития киноиндустрии в азербайджане”, “Kinoshunoslik fan sifatida”, “Современный кинематограф казахстана (2021-2024): тенденции и достижения”, “Teleseriallarning g‘oyaviy ifodasidagi izlanishlar”, “Поэтика кыргызского мироустройства в фильмах Клары Юсупжановой” kabi ko‘plab e’tiborli ma’ruzalar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.

Shundan so‘ng konferensiya “Zamonaviy badiiy kino san’atining yetakchi tamoyillari”, “Hujjatli kino va televideniye audiovizual san’at turi sifatida”, “Kino-televideniye san’ati badiiy ta’limining shakllanishi va vorisiylik masalalari” kabi sho‘balarga bo ‘lingan holda davom ettirildi.

Konferensiya so‘ngida barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




Xalqaro hamkorlik kengaymoqda

Barcha sohalar rivoji uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish va kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Chunki, san’at milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanadi.

Joriy yilning 14-sentyabr O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori rahbarligida yangi o’quv yilini samarali tashkil etish, institut rivoji uchun istiqboldagi rejalarni belgilab olish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda ham ko‘plab masalalar qatorida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan ham bir qancha vazifalar belgilangan edi.

Bugun institutga ikkita xalqaro mehmon tashrif buyurdi.

Dastlab Sungkyul universiteti (Janubiy Koreya) professori Jin Hwan Ra tashrif buyurdi hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif mobaynida ko‘plab masalalar qatorida 2025-yil iyul oyida tashkil qilinishi rejalalashtirilayotgan teatr festivali, unga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, bugun institutga yana bir nufuzli mehmon Turk dunyosi jurnalistlar federatsiyasi bosh direktori Menderes Demir tashrif buyurdi.

Ushbu uchrashuvda bir qancha hamkorlik aloqalari o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, Menderes Demir joriy yilning 5-9-noyabr kunlari IX Turk dunyosi Hujjatli kino festivalini O‘zbekistonda o‘tkazilishi munosabati bilan tadbirni 1 kunini O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil qilish niyatini bildirdi.




_Teatr_Ural “Твое время” VIII xalqaro talabalar teatr laboratoriyasida talabalarimiz ishtirok etmoqda

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 8-14-sentyabr kunlarida Rossiya Federatsiyasining Verxnyaya Pishma shahrida Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti tashabbusi bilan _Teatr_Ural “Твое время” VIII xalqaro talabalar teatr laboratoriyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur laboratoriyada O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti nomidan “Teatr san’ati” fakulteti “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi professori Jahongir Mamatqosimov hamda mazkur fakultetning Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari Shavkat Bazarbayev va Ruslan Rustamov ishtirok etmoqda.

Institut jamoasi Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti “Dramaturgiya” yo‘nalishi talabasi Shusharin Artyom tomonidan yozilgan «Doʻstona tashrif» pyesasi asosida spektal eskizi tayyoshlashdi.

Bugun 14-sentyabr laboratoriya oʻz ishini yakunladi. Ijodiy jamoa a’zolari tashkiliy qoʻmita tomonidan laureatlik diplomi bilan taqdirlandi.