Bugun institutimizda dissertatsiyalarining muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Unda dastlab Dovidxonov Mahmudxon Muhriddinxon o‘g‘lining 17.00.07 – Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik ixtisosiligi bo‘yicha tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi san’atshunoslik fanlari fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Ushbu dissertatsiya tarix fanlari doktori, professor Mavrulov Abduxalil Abdulxayevich ilmiy rahbarligida yozildi.

 

Tadqiqotning ilmiy ahamiyati mustaqillik davri O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining tarixiy, xolis va tizimli prinsiplari hamda fanlararo yondashuvlar –  xususan, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik metodlari asosida yoritilishi orqali metodologik yondashuvlar va nazariy xulosalarni takomillashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, dissertatsiya madaniy diplomatiya konsepsiyasining ilmiy-nazariy asoslarini kengaytiradi va mavzuga oid ilg‘or g‘oyalar, konseptual tushunchalar hamda tizimli tahlilni taqdim etadi.

 

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati madaniyatshunoslik, madaniyat va san’at sohasi menejmenti yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlashda nazariy qo‘llanma vazifasini bajaradi. Shuningdek, madaniy diplomatiya masalalariga oid ilmiy nashrlar, tadqiqotlar hamda O‘zbekistonning tashqi siyosatiga doir tahliliy materiallar tayyorlashda muhim manba sifatida xizmat qiladi. Natijalar amaliyotda madaniy diplomatiya strategiyasini rivojlantirish va milliy hamkorlikni kengaytirishda qo‘llanilishi mumkin.

 

Dissertasiya ishi Ilmiy kengash muhokamasiga tavsiya etildi.

 

 

Shundan so‘ng ikkinchi tadqiqodchi Rustamaliyeva Shahnoza Rustamali qizining 17.00.07 – Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik ixtisosiligi bo‘yicha tayyorlangan “Oʻzbekistonda xotin-qizlar madaniyati rivojiga ta’sir koʻrsatayotgan ichki va tashqi omillar” mavzusidagi san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Ushbu dissertatsiya tarix fanlari nomzodi, professor v.b. Nishonboyeva Qunduzxon Vahobovna ilmiy rahbarligida yozilgan.

 

 

Tadqiqotning ilmiy ahamiyati xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning madaniy rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish yoʻllarini izlab topishda ilmiy-nazariy asos yaratadi. Shu bilan birga, ayollarga nisbatan gender tengsizlik, ma’naviy tahdidlar, tazyiq va zoʻravonlik holatlarining ijtimoiy va madaniy ildizlarini oʻrganish orqali jamiyatda insonparvarlik, adolat va madaniy barqarorlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati madaniyatshunoslik va madaniyat nazariyasiga doir yangi oʻquv qoʻllanma va darsliklar yaratish, oliy ta’lim muassasalarida yangi madaniyatshunos va san’atshunos kadrlarni tayyorlashda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

 

 

Dissertasiya ishi Ilmiy kengash muhokamasiga tavsiya etildi.

 




San’at va madaniyatda hazrat Navoiy talqini (Turkistonda Alisher Navoiy siymosi)

О‘zbekiston  Respubikasi  Prezidenti Shavkat  Mirziyoyevning  2025-yil  26-dekabr kuni Oliy Majlis hamda О‘zbekiston xalqiga yо‘llagan murojaatnomasining mazmun mohiyatiga muvofiq, 2026-yilda ulug‘ ajdodlarimiz yorqin xotirasini ulug‘lash, ularning ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur tadqiq etish, ulug‘ bobokalonlarimiz tavallud kunlarini munosib о‘tkazish maqsad va vazifa qilib belgilangan edi.

Murojaatnomadagi vazifalarning amaldagi ijrosi о‘laroq, 2026-yil 7-fevral kuni muhtasham Turkiston anjumanlar saroyida Hazrat Mir Alisher Navoiyning 585 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professor-о‘qituvchilari, iste’dodli talaba-yoshlari, magistrlar hamda doktorantlardan iborat professional jamoalar ijrosida “Navoiy gulshani – dillar bо‘stoni” deb nomlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Mazkur tadbirning bevosita g‘oya muallifi: institutning rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, konsert dasturini sahnalashtiruvchi rejissyor: dotsent Farrux Egamberdiyev bо‘ldi. Ushbu teatrlashtirilgan xotira kechasini kо‘tarinki ruhda, mazmunli о‘tishida institutning barcha rahbar xodimlari-yu, professor-о‘qituvchilaridan tortib, toki institutning talabalarigacha jonbozlik kо‘rsatishdi. Ijrochilar tomonidan har bir sahna chiqishlari Hazrat Navoiyga oshufta kо‘ngillar, uning ash’orlarini sog‘ingan qalblar uchun kо‘tarinki ruhda, olqishlar bilan qarshi olindi.

Tadbir, boshlovchilarning kirish sо‘zlari hamda institut talaba yoshlaridan tarkib topgan orkestr jamoasining “Konsert valsi” (Anor Nazarov) asari bilan ochib berildi. Shundan sо‘ng sahnaga institut tadqiqotchisi Islombek Berdimurodovning Alisher  Navoiy obrazida quyidagi monologi yangradi: Ey yolg‘izlik bilan ulfat tutingan, uzlatda ulfati hasratu kulfat bо‘lgan! Axir sen mardona ijod qilding, durdona doston yaratding. Hizr kabi zulmat ichra nur sochding,  elning boshidan gavharu dur sochding” kabi nomalar bilan davom ettirildi.

Institut talabalari ijrosidagi har bir sahna asarlari ijrosi (monolog, qо‘shiq va h.) ular uchun katta bilim, kо‘nikma va malaka orttirishlarida beqiyos bilim va ilm manbai bо‘lgan bо‘lsa, Turkiston anjumanlar saroyi sahnasi – talabalardagi imkoniyatlarni, ularning iste’dodlarini yanada rivojlantirishda amaliyot maydoni bо‘lib xizmat qildi.

Institutda faoliyat olib borayotgan Ustoz san’atkorlarning chiqishlari tadbirga yanada fayz va shukuh bag‘ishladi. Institut talabalar orkestri hamda institut professor-о‘qituvchilaridan tashkil topgan “Sayqal” sozandalar ansambli jо‘rligidagi О‘zbekiston xalq hofizi, professor Orolmirzo Safarovning “Sumbulim” asaridagi yuqori pardalardagi nola va qochirimlari; О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist, professor Ahmadjon Dadayevning “Sayqal” ansambli jо‘rligidagi “Qadi Shamshod” asari ijrosidagi о‘ziga xos ijro uslubi; shuningdek, О‘zbekiston xalq hofizi, professor, “Mehnat Shuhrati” ordeni sohibi Soyibjon Niyozovning Dugoh maqomidan Mо‘g‘ulchayi Dugoh ijrosidagi kо‘hna Buxoro maqom ijrochiligiga xos “shiddat” tomoshabinlarda kо‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

“G‘urbatda g‘arib shodmon bо‘lmas emush” radifli ruboiysi bilan  kichkina Alisher obrazida gavdalangan 49-maktab 1-sinf о‘quvchisi Kuranbayev Nurmuhammadning chiqishi barchaning qalbini junbushga keltirgan bо‘lsa, institut professor-о‘qituvchilari, zabardast sozandalar, Ustoz-muallimlar Komiljon Shermatov (qonun), Komiljon Mirzayev (g‘ijjak), Yusufjon Vohidov (nay)larning о‘zbek milliy sozlarida taralgan badiha (improvizatsiya) ijrolari orkestr jо‘rligidagi “Favvora” asarida – ham akademik ham milliy ijroning mohirona qо‘llanishi tomoshabinlarda hayrat uyg‘otdi, olqishlarga sazovor bо‘ldi.

Sahnada Navoiy siymosi. Uyg‘un va Izzat Sultonlarning “Navoiy” dramasidagi “Navoiy va Guli” badiiy kompozitsiyasi Islom Berdimurodov hamda 3-kurs talabasi Mufassal Shokirovalar ijrosida otashin ishq tuyg‘usining she’riy misralarda, Sharqona ibo, hayo va iffatning yuksak namunasi “Sevgi” sahnasi gavdalandiki, bunda tomoshabin qalbini bedavo – ishq dardi chulg‘adi.

Institut professor о‘qituvchilari tomonidan Navoiy g‘azallariga bog‘langan asarlar ijrosi, xususan, dotsent Azamat Sharipov ijrosida Doni Zokirov musiqasi bilan “Kо‘rmadim”, Usmon Berdiyev ijrosida “Ey sabo” ashulalari, shuningdek, О‘zbekiston xalq hofizi, professor Beknazar Dо‘stmurodov shogirdlar bilan hamnafaslikda “Bо‘lmish” ashulasi; О‘zbekiston xalq artisti,  professor Xayrulla Lutfullayevning “Munojot” ashulasi ijrosi “Sayqal” sozandalar ansambli jо‘rnavozligida, institutning 1-bosqich xoreografiya ta’lim yо‘nalishi talabalari raqsi bilan yanada boyidi.

Dunyoga ochilayotgan Yangi О‘zbekiston, turli tillar va millatlar hamda turlicha an’analar birlashgan zaminda tinch va totuv yashayotgan turli elatlarga Hazrat Navoiy she’riyatini, uning ruboiylarini baxshida qilish, ilinish; turk, rus, ingliz, tojik, qoraqalpoq va о‘zbek tillarida Navoiy g‘azallarini ifodali о‘qish bо‘yicha Teatr san’ati fakulteti talabalari ijrosidan gо‘zal chiqishlar tinglandi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri Aziza Qurbоnova tomonidan katta ekranga moslab yaratilgan “Navoiy monologi” kо‘rinishi institutning zamonaviy texnologiyalar bilan hamnafas odimlayotganidan dalolat beradi.

Alisher Navoiy sо‘zlariga yozilgan barcha kuy, qо‘shiq, ashula va maqom asarlari jonli ijroda namoyish etildi. Turkiston anjumanlar saroyiga tashrif buyurgan barcha tomoshabinlar gо‘yoki, Navoiy davridan gо‘zal hislarni  tuygandek taаssurot оldilar. Konsert yakunidagi “Jon О‘zbekiston” qо‘shig‘i institut professor- о‘qituvchilaridan Anvar Mirzayev, Dilyoraxon Kavilova, Nasiba Sodiqova va barcha konsert ishtirokchilari tomonidan bir maqsad, bir fikr tarzida, mushtaraklikka, birdamlikka xos tarzda birga kuylandi.

G‘anijon XUDOYEV,
О‘zDSMI professori v.b., falsafa doktori (PhD)




INSTITUT KENGASHINING NAVBATDAGI YIG`ILISHI BO‘LIB O‘TDI

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida institut Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig’ilish avvalida institutda ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, fidokorona mehnati hamda san’at va madaniyat sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, tavallud ayyomi munosabati bilan “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi professori Sabohat Haytmatova hamda “Dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi mudiri v.b. Zamfira Axmedovalar e’tirof etilib,
institut rektori tomonidan ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sundan so’ng yig’ilish kun tartibidagi masalalarga otilib, quyidagilar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Jumladan, 2025/2026-o‘quv yilida rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga asosan (o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar yuzasidan) amalga oshirilgan ishlar;
– 2025/2026-о‘quv yili birinchi yarim yillik yakunlari (yakuniy nazorat natijalari);

 


– talabalarning malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish xususida О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi
797-sonli qarorining institutdagi ijrosi;


– ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish;
– 2026-yil uchun maqsadli investitsiyalar hamda xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha kafedralar kesimida rejalashtirilgan vazifalar;
– Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limining 2026-yil ish rejasini tasdiqlash, shuningdek, ijro intizomi kabi turli masalalar muhokama qilindi.

📌 Kengash yig’ilishi so’ngida barcha mas’ullarga kun tartibidagi masalalar bo’yicha tegishli topshiriqlar berildi.




TABRIK

Poytaxtimizdagi “Renessans Hall” konsert zalida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli tadbir doirasida madaniyat va san’at sohasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan, yuksak ijodiy natijalarga erishgan ijodkorlar va soha vakillari munosib e’tirof etildi.

Mazkur marosimda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi dotsenti, taniqli dramaturg Qo‘chqor Norqobil “Yilning eng yaxshi dramaturgi” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

Ushbu mukofot hamkasbimizning milliy dramaturgiya rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi, samarali ijodiy faoliyati hamda yosh avlodni tarbiyalash yo‘lidagi ko‘p yillik mehnatlarining munosib e’tirofi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, institutimiz jamoasi va o’zim nomimdan Qo‘chqor Norqobilni ushbu e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, kelgusi ijodiy faoliyatida ulkan yutuqlar tilayman.

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor.

 




INSTITUTDA 2025/2026 O‘QUV YILI KUZGI SEMESTRIDA O‘TILGAN FANLAR BO‘YICHA YAKUNIY NAZORAT IMTIHONLARI BO‘LIB O‘TMOQDA

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2025/2026-o‘quv yili kuzgi semestrida o‘tilgan fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat jarayonlari davom etmoqda.

Ushbu jarayonlarni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, professor-o‘qituvchilar bevosita kuzatib borishmoqda.

Xususan, bugun rektor Cholg‘u ijrochiligi ta’lim yo‘nailishi 1-kurs talabalarining “Ansabl sinfi”, Dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalarining “Vokal” fanidan, “Kinoteleopratorlik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalarining “Fotokompozitsiya”, Estrada aktyorligi ta’lim yo’nalishi 2-bosqich talabalarining “Aktyorlik mahorati” fanlaridan yakuniy nazoratlarida ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, ustozlar tomonidan ayni damda imtihon topshirayotgan talabalarning yutuqlari e’tirof etilishi barobarida, kelgusi ijodi uchun muhim bo’lgan ko’rsatma va tavsiyalar ham berib o’tilmoqda.

Rektor talaba-yoshlar va professor o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, bugun yurtimizda san’at va madaniyat rivojiga berilayotgan e’tibor va g’amxo’rlik yuksak darajada ekanligini qayd etib, oldimizda turgan eng muhim vazifa bu imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda yurtimiz san’ati rivojiga hissa qo’shish ekanligini ta’kidladi.

Yakuniy nazoratlar barcha ta’lim yo‘nalishlarida belgilangan tartibda davom etmoqda.




Tyantszin musiqa konservatoriyasi tomonidan talabalar uchun onlayn mahorat darsi tashkil etildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Vokal” kafedrasida Xitoy Xalq Respublikasining Tyantszin musiqa konservatoriyasi tomonidan talabalar uchun onlayn mahorat darsi tashkil etildi.

Unda Tyantszin musiqa konservatoriyasi prezidenti Van Xunvey, Vitse-prezident Bao Yan,Xalqaro almashinuv va hamkorlik markazi direktori Fen Ley, Xalqaro almashinuv va hamkorlik markazi direktori o‘rinbosari Kun Veyfen, Opera kolleji dekani o‘rinbosari Van Zenan, Xalqaro almashinuv va hamkorlik markazining tashqi aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Chen Lin, Fortepiano bo‘limi direktori, shuningdek, akkordeon bo‘yicha o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar seksiyasi rahbari Lyu Juy, Opera kollejining fortepiano yo‘nalishi badiiy rahbari Bay Tyanyi, Opera kolleji bakalavriat bosqichi talabasi — Yan Guanlar ishtirok etishdi.

Shiningdek, institutimizdan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yoqubov , “Vokal” kafedrasi mudiri, professor Saodat Muzafarova, “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi mudiri, dotsent Feruza Hakimova, “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi mudiri, dotsent Husniddin Xusanov, shuningdek kafedra professor-o‘qituvchilari hamda “Vokal ijrochiligi” ta’lim yo‘nalishi talabalari qatnashdi.

Mahorat darsi jarayonida “Vokal ijrochiligi” ta’lim yo’nalishi 4-bosqich talabasi Yag’yayeva Leniyar tomonidan B.Umidjonov musiqasi va Oybek so‘zlariga yozilgan “Sendadur ko‘zlarim” qo‘shig‘i hamda Jakomo Puchchinining “Jovanni Skikki” operasidan Laurettaning ariyasi ijro etildi. Pedagog — kafedra dotsenti Nodira Kabulova. Jo’rnavoz — Feruza Abdullayeva.

Mahorat darsi yakunida konservatoriya mutaxassislari tomonidan ijrolar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi, xususan vokal texnikasi, nafas olish, sahna madaniyati va obraz ustida ishlashga doir maslahatlar bildirildi. Tadbir ishtirokchilari ushbu xalqaro hamkorlik vokal ta’limi sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Umid qilamizki, ushbu mahorat darsi talabalarning kasbiy mahoratini oshirish, vokal ijrochiligi sohasida xalqaro tajriba almashishga xizmat qiladi.




REKTOR RAHBARLIGIDA TAHRIR HAY’ATI YIG’ILISHI BO’LIB O’TDI

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida “O‘zDSMI xabarlari” bosma jurnali hamda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” va “Ijodiy parvoz” elektron jurnallari tahrir hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig’ilishda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov, shuningdek, tahrir hay`ati a`zolari hamda bo‘lim xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida N.Sayfullayev jurnallar faoliyatini yanada takomillashtirish, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini alohida qayd etdi. Rektor tomonidan nashrlarning ilmiy saviyasini oshirish, xalqaro talablarga moslashtirish, tahrir jarayonini tizimli tashkil etish hamda jurnal faoliyati bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Yig’ilish chog’ida tahrir hay’ati tarkibini qayta ko‘rib chiqish, bo‘lim faoliyati samaradorligini oshirish hamda “Ijodiy parvoz” elektron jurnalining nizomini tasdiqlash masalalari ko`rib chiqildi.

Shuningdek, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarni jalb etish, ilmiy maqolalar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari muhokama chog’ida “O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xabarlari” ilmiy jurnalining bugungi faoliyati, uning OAK ro‘yxatidagi o‘rni va nashr samaradorligi muhokama qilindi. Jurnal san’atshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalarini e’lon qilishga xizmat qilayotgani, maqolalar qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

 

Jurnalga kelib tushayotgan maqolalar sonining ortib borishi hamda ularni tahlil qilish jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida tahrir hay’ati tarkibini optimallashtirish bo‘yicha takliflar ham bildirildi. Ayrim a’zolar sog‘lig‘i yoki boshqa nashrlardagi faoliyati sababli tahrir hay’ati tarkibidan chiqarilishi, ularning o‘rniga sohaga ixtisoslashgan yangi mutaxassislarni jalb etish taklif qilindi.

 

Shuningdek, jurnalni “Kutubxona” va “Pedagogika” ixtisosliklari bo‘yicha OAK ro‘yxatiga kiritish masalasiga ham e`tibor qaratildi.

Majlisda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” ilmiy-uslubiy, nazariy-amaliy elektron jurnalining faoliyati ham muhokama qilindi. Mazkur jurnal 2025-yilda OAK ro‘yxatiga kiritilgani, qisqa fursatda bir nechta sonlari chop etilgani va institut hisobiga investitsiya jalb etilgani ta’kidlandi.

Jurnal faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, dizayn va maket ishlarini shartnoma asosida amalga oshirish, shuningdek, xalqaro ilmiy bazalarga integratsiyalashish maqsadida jurnalning rasmiy veb-saytini yaratish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda “Ijodiy parvoz” nashrini adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, madaniy-ma’rifiy elektron jurnal shakliga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu jurnal talabalar va yosh ijodkorlarning ilmiy va ijodiy ishlarini targ‘ib etishga qaratildi. Jurnal nizomi hamda tahrir hay’ati a’zolari tarkibi muhokama qilinib, tegishli takliflar bildirildi.

Majlis yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.




MUROJAATNOMA MAZMUN-MOHIYATIGA BAG‘ISHLANGAN O‘QUV SEMINAR TASHKIL ETILDI

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash hamda uning mazmun-mohiyatini chuqur anglashga qaratilgan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev, “Xalq ijodiyoti” hamda “Kutubxona-axborot” fakultetlari professor-o‘qituvchilari, institut xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abduxalil Mavrulov Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan muhim yo‘nalishlar — barqaror iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy sohalarni yanada takomillashtirish, ta’lim va madaniyat tizimini rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurash masalalari yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Shuningdek, Murojaatnomada iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududlar rivojiga xizmat qiluvchi dasturlar alohida e’tirof etilgani ta’kidlandi.

Seminar jarayonida ta’lim sohasiga oid ustuvor vazifalar — zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ta’lim tizimini xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki talabalar o‘rtasida ham keng va tizimli tushuntirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Zеrоki, bugungi talaba-yoshlar mamlakatimizda boshlangan Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida zamonaviy bilim, yuksak tafakkur va mustahkam ma’naviy pozitsiyaga ega bo‘lishi lozim. Shu bois Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalarni yosh avlod ongiga singdirish, ularni Vatan taraqqiyoti yo‘lida faol ishtirok etishga chorlash muhim vazifa ekani qayd etildi.