O‘zDSMI «GITIS – master-klass» festivalida Vatan, muhabbat va xotira haqida spektakl namoyish etdi
MDH davlatlari IX teatr festivali «GITIS – master-klass» doirasida GITIS O‘quv teatrida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Teatr san’ati fakultetining «Estrada aktyorligi» ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalari slovak dramaturgi Ivan Bukovchan qalamiga mansub «Luidji yuragi yoki to‘mtoq qilich bilan qatl etish» tragikomediya asosida sahnalashtirilgan «Fulminiya» spektaklini namoyish etdilar.
Spektakl talabalar va ustoz-pedagoglar hamkorligida sahnalashtirildi. Badiiy rahbar – professor Mahmud Rashidov. Spektakl ustida, shuningdek, «Aktyorlik mahorati» fani o‘qituvchilari – dotsent Shavkat Rasulov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Muhabbat G‘ulomova ham ishladilar.
«Fulminiya» – insoniy tuyg‘ular va shafqatsiz jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatni aks ettiruvchi spektakl bo‘lib, unda inson kechinmalari, hatto hayotning o‘zi ham pragmatik hisob-kitob predmetiga aylanishi tasvirlanadi. Pyesa markazida o‘lim jazosiga hukm qilingan Luidji va uning hayotini saqlab qolishdan ko‘ra, «mukammal» yuragini boshqa bir insonga ko‘chirib o‘tkazishga qiziqayotgan kishilar turadi.
Muallif ushbu voqea orqali insoniy tuyg‘ular bilan texnokratik dunyo o‘rtasidagi ziddiyatni ochib beradi, inson a’zolarining tovarga aylanish xavfiga e’tibor qaratadi va ma’naviy qadriyatlarning moddiylikdan ustunligini ta’kidlaydi. Luidjining yuragi shunchaki biologik a’zo emas, balki vijdon, sadoqat va insoniylik timsoli sifatida namoyon bo‘lib, tomoshabinni «Inson nima uchun yashaydi?» degan savol ustida mushohada yuritishga chorlaydi.
Spektaklda aktyorlarning nozik va ta’sirchan ijrosi, obrazlarning chuqur ishlangani, qahramonlarning ichki kechinmalarini ishonarli yetkazishi va xarakterlar talqinidagi aniqlik alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Rejissyorlik yechimlari badiiy teranligi, sahnaviy yaxlitligi va dramaturgik aniqligi bilan ajralib turdi. Mizansahnalar, sahna harakatlari uyg‘unligi va aktyorlar ansamblining ichki ritmi spektakl g‘oyasini yanada chuqurroq ochishga xizmat qildi. Yorug‘lik, sahna bezagi va umumiy sahnaviy atmosfera ham spektaklning badiiy ta’sirini kuchaytirdi.
Namoyish yakunida teatrshunoslik fakulteti talabasi Zanda Mandjiyeva aktyorlar, pedagoglar va tomoshabinlar bilan spektakl yuzasidan muhokama o‘tkazdi.
«Eng muhimi – haqiqatni izlash. Buyuk ustozimiz Shuhrat Abbasov spektaklda hamma narsa bo‘lishi mumkin, agar u haqiqat bo‘lsa, deb aytgan edi. Menimcha, ushbu spektaklda hamma narsa bir joyga jamlangan, hammasi o‘z o‘rnida. Men ishonamanki, kasbni tinimsiz o‘rganish, izlanish, topish, kerak bo‘lsa, boshni urib, yo‘l ochish lozim. Shunda hammasi amalga oshadi», – dedi Mahmud Rashidov.
Umuman olganda, «Fulminiya» spektakli ijodiy jamoaning hamjihatlikdagi mehnati natijasi bo‘lib, aktyorlik mahorati, rejissyorlik yondashuvi va sahnaviy talqinning yuksak darajasini namoyon etdi.