“Madaniyatlararo integratsiyani kuchaytirishda ijodkorlik va ijrochilik masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

“Madaniyatlararo integratsiyani kuchaytirishda ijodkorlik va ijrochilik masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, madaniyat va san’at tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Janubiy Koreya va Tojikiston kabi davlatlardan nufuzli professor-o‘qituvchilar, taniqli olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanning asosiy maqsadi – madaniyatlararo muloqot va integratsiya jarayonlarida ijodkorlik hamda ijrochilikning o‘rni va аhamiyatini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish, turli xalqlarning badiiy-estetik tajribalarini qiyosiy asosda o‘rganish hamda globallashuv sharoitida madaniy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashdan iborat bo‘ldi.

Dastlab anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda institut rektori Nodirbek Sayfullayevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrik so‘zlari o‘rin oldi.

Shuningdek, yalpi majlisda Sergey Zengin (Rossiya), Mücahit Demir (Turkiya), Wang Jianhui, Xu Ran (Xitoy), Narmin Garalova, Sevil Kerimova (Ozarbayjon), Alisher Amini (Tojikiston) hamda Jin-Hwan Ra (Janubiy Koreya) kabi xorijiy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi.

Anjuman davomida madaniyatlararo integratsiya jarayonida ijodkorlik fenomenining ilmiy asoslari, an’anaviy va zamonaviy san’at shakllarining o‘zaro ta’siri, folklor va musiqa san’atidagi zamonaviy tendensiyalar, milliy o‘zlikni saqlash hamda madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, ochiq muloqot va ilmiy bahslar davomida madaniy hamkorlikni rivojlantirish, ijodiy almashinuvni kuchaytirish hamda xalqaro ilmiy integratsiyani kengaytirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.