22 million yosh – Yangi O‘zbekistonning tayanchi

Joriy yilning 24-fevral kuni Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berayotgan tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Unda ilgari surilgan tashabbuslar – ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik, innovatsiya va volontyorlik yo‘nalishlaridagi aniq va tizimli qarorlar – 22 milliondan ortiq yoshlarimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Davlatimiz Rahbari yoshlar – bu nafaqat demografik ustunlik, balki iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotning bosh omili ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, jahon olimpiadalaridagi yutuqlar, TOP universitetlarda tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, xalqaro bozorga chiqqan startaplar va sport sohasidagi g‘alabalar – bularning barchasi yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar samarasidir.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ushbu ishonch va e’tiborni yuksak mas’uliyat sifatida qabul qiladi.

Biz uchun yoshlarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-estetik tafakkurini shakllantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifadir.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi, “Yangi avlod tadbirkorlari” tashabbusi, “Yoshlar biznes inkubatori” markazlari, “Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi, volontyorlik harakatini keng qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar ta’lim muassasalari oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ham ushbu tashabbuslarni ijrosini ta’minlashni, shubhasiz, eng ustubor vazifa etib belgiladi.

Shu boisdan ham kelgusida talabalarni amaliy loyihalar asosida o‘qitish, kreativ industriyalar, madaniy menejment va san’at tadbirkorligi yo‘nalishlarini kuchaytirish, dual ta’lim elementlarini keng joriy etish, yosh ijodkorlar va startap tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishni reja qildik.

Ta’kidlash o’rinliki, institutimiz kafedralarining ish beruvchi tashkilotlarda ayni paytda 4 ta filiali faoliyat olib bormoqda. Bu ishlarni davom ettirish hamda bu asosda dual ta’limni kengatirishni maqsad qilganmiz.

Shuningdek, 4 ta sport federatsiyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lib, hamkorlikda bir qancha sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Endilikda bu ishlarni ham salmog‘ini oshirish, shuningdek, institutda sport musobaqalarini yanada ko’paytirish borasida ish olib borilmoqda.

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida ham madaniyat boshqarmalari, teatrlar, kutubxonalar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqdamiz.

Ayni paytda, olib borilayotgan mazkur ishlar bizdan yanada katta mas’uliyat va tizimli yondashuvni talab etayotganini chuqur anglaymiz.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim va madaniyat sohasida ham yangicha fikrlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda natijadorlikni ustuvor mezon sifatida belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bu esa bizdan eskicha qarash va qoliplangan yondashuvlardan voz kechib, faoliyatimizni zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishni, har bir tashabbusni aniq amaliy samaraga yo‘naltirishni taqozo etadi.

Shunday ekan, oldimizda turgan vazifalarni tanqidiy tahlil asosida qayta baholab, yanada yuqori bosqichga olib chiqish ustuvor maqsadimizdir.

Negaki, oliy ta’lim muassasalari oldida ham ko’plab yangi vazifalar turibdi. Xususan, bugun ular faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanishi lozimligi belgilandi.

Biz ishonamizki, san’at va madaniyat sohasi yoshlar uchun nafaqat ijod maydoni, balki iqtisodiy barqarorlik va innovatsion rivojlanishning muhim drayveriga aylanadi.

Yangi avlod san’atkorlari, menejerlari va ijodiy tadbirkorlari mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltiradi.

Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti – bu shunchaki uchrashuv emas, balki har bir rahbar, har bir pedagog va har bir mas’ul shaxs zimmasiga yuklangan aniq vazifa va javobgarlikdir.

Biz ham kelgusi faoliyatimizda, albatta, yoshlarimizni eshitamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz va ularning tashabbuslari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning buguni va kelajagidir.
Ularning muvaffaqiyati – Vatanimiz muvaffaqiyatidir.

Nodirbek Sayfullaev,
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor.




Bugun institutimizda dissertatsiyalarining muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Unda dastlab Dovidxonov Mahmudxon Muhriddinxon o‘g‘lining 17.00.07 – Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik ixtisosiligi bo‘yicha tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi san’atshunoslik fanlari fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Ushbu dissertatsiya tarix fanlari doktori, professor Mavrulov Abduxalil Abdulxayevich ilmiy rahbarligida yozildi.

 

Tadqiqotning ilmiy ahamiyati mustaqillik davri O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining tarixiy, xolis va tizimli prinsiplari hamda fanlararo yondashuvlar –  xususan, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik metodlari asosida yoritilishi orqali metodologik yondashuvlar va nazariy xulosalarni takomillashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, dissertatsiya madaniy diplomatiya konsepsiyasining ilmiy-nazariy asoslarini kengaytiradi va mavzuga oid ilg‘or g‘oyalar, konseptual tushunchalar hamda tizimli tahlilni taqdim etadi.

 

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati madaniyatshunoslik, madaniyat va san’at sohasi menejmenti yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlashda nazariy qo‘llanma vazifasini bajaradi. Shuningdek, madaniy diplomatiya masalalariga oid ilmiy nashrlar, tadqiqotlar hamda O‘zbekistonning tashqi siyosatiga doir tahliliy materiallar tayyorlashda muhim manba sifatida xizmat qiladi. Natijalar amaliyotda madaniy diplomatiya strategiyasini rivojlantirish va milliy hamkorlikni kengaytirishda qo‘llanilishi mumkin.

 

Dissertasiya ishi Ilmiy kengash muhokamasiga tavsiya etildi.

 

 

Shundan so‘ng ikkinchi tadqiqodchi Rustamaliyeva Shahnoza Rustamali qizining 17.00.07 – Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik ixtisosiligi bo‘yicha tayyorlangan “Oʻzbekistonda xotin-qizlar madaniyati rivojiga ta’sir koʻrsatayotgan ichki va tashqi omillar” mavzusidagi san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Ushbu dissertatsiya tarix fanlari nomzodi, professor v.b. Nishonboyeva Qunduzxon Vahobovna ilmiy rahbarligida yozilgan.

 

 

Tadqiqotning ilmiy ahamiyati xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning madaniy rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish yoʻllarini izlab topishda ilmiy-nazariy asos yaratadi. Shu bilan birga, ayollarga nisbatan gender tengsizlik, ma’naviy tahdidlar, tazyiq va zoʻravonlik holatlarining ijtimoiy va madaniy ildizlarini oʻrganish orqali jamiyatda insonparvarlik, adolat va madaniy barqarorlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati madaniyatshunoslik va madaniyat nazariyasiga doir yangi oʻquv qoʻllanma va darsliklar yaratish, oliy ta’lim muassasalarida yangi madaniyatshunos va san’atshunos kadrlarni tayyorlashda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

 

 

Dissertasiya ishi Ilmiy kengash muhokamasiga tavsiya etildi.

 




San’at va madaniyatda hazrat Navoiy talqini (Turkistonda Alisher Navoiy siymosi)

О‘zbekiston  Respubikasi  Prezidenti Shavkat  Mirziyoyevning  2025-yil  26-dekabr kuni Oliy Majlis hamda О‘zbekiston xalqiga yо‘llagan murojaatnomasining mazmun mohiyatiga muvofiq, 2026-yilda ulug‘ ajdodlarimiz yorqin xotirasini ulug‘lash, ularning ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur tadqiq etish, ulug‘ bobokalonlarimiz tavallud kunlarini munosib о‘tkazish maqsad va vazifa qilib belgilangan edi.

Murojaatnomadagi vazifalarning amaldagi ijrosi о‘laroq, 2026-yil 7-fevral kuni muhtasham Turkiston anjumanlar saroyida Hazrat Mir Alisher Navoiyning 585 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professor-о‘qituvchilari, iste’dodli talaba-yoshlari, magistrlar hamda doktorantlardan iborat professional jamoalar ijrosida “Navoiy gulshani – dillar bо‘stoni” deb nomlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Mazkur tadbirning bevosita g‘oya muallifi: institutning rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, konsert dasturini sahnalashtiruvchi rejissyor: dotsent Farrux Egamberdiyev bо‘ldi. Ushbu teatrlashtirilgan xotira kechasini kо‘tarinki ruhda, mazmunli о‘tishida institutning barcha rahbar xodimlari-yu, professor-о‘qituvchilaridan tortib, toki institutning talabalarigacha jonbozlik kо‘rsatishdi. Ijrochilar tomonidan har bir sahna chiqishlari Hazrat Navoiyga oshufta kо‘ngillar, uning ash’orlarini sog‘ingan qalblar uchun kо‘tarinki ruhda, olqishlar bilan qarshi olindi.

Tadbir, boshlovchilarning kirish sо‘zlari hamda institut talaba yoshlaridan tarkib topgan orkestr jamoasining “Konsert valsi” (Anor Nazarov) asari bilan ochib berildi. Shundan sо‘ng sahnaga institut tadqiqotchisi Islombek Berdimurodovning Alisher  Navoiy obrazida quyidagi monologi yangradi: Ey yolg‘izlik bilan ulfat tutingan, uzlatda ulfati hasratu kulfat bо‘lgan! Axir sen mardona ijod qilding, durdona doston yaratding. Hizr kabi zulmat ichra nur sochding,  elning boshidan gavharu dur sochding” kabi nomalar bilan davom ettirildi.

Institut talabalari ijrosidagi har bir sahna asarlari ijrosi (monolog, qо‘shiq va h.) ular uchun katta bilim, kо‘nikma va malaka orttirishlarida beqiyos bilim va ilm manbai bо‘lgan bо‘lsa, Turkiston anjumanlar saroyi sahnasi – talabalardagi imkoniyatlarni, ularning iste’dodlarini yanada rivojlantirishda amaliyot maydoni bо‘lib xizmat qildi.

Institutda faoliyat olib borayotgan Ustoz san’atkorlarning chiqishlari tadbirga yanada fayz va shukuh bag‘ishladi. Institut talabalar orkestri hamda institut professor-о‘qituvchilaridan tashkil topgan “Sayqal” sozandalar ansambli jо‘rligidagi О‘zbekiston xalq hofizi, professor Orolmirzo Safarovning “Sumbulim” asaridagi yuqori pardalardagi nola va qochirimlari; О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist, professor Ahmadjon Dadayevning “Sayqal” ansambli jо‘rligidagi “Qadi Shamshod” asari ijrosidagi о‘ziga xos ijro uslubi; shuningdek, О‘zbekiston xalq hofizi, professor, “Mehnat Shuhrati” ordeni sohibi Soyibjon Niyozovning Dugoh maqomidan Mо‘g‘ulchayi Dugoh ijrosidagi kо‘hna Buxoro maqom ijrochiligiga xos “shiddat” tomoshabinlarda kо‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

“G‘urbatda g‘arib shodmon bо‘lmas emush” radifli ruboiysi bilan  kichkina Alisher obrazida gavdalangan 49-maktab 1-sinf о‘quvchisi Kuranbayev Nurmuhammadning chiqishi barchaning qalbini junbushga keltirgan bо‘lsa, institut professor-о‘qituvchilari, zabardast sozandalar, Ustoz-muallimlar Komiljon Shermatov (qonun), Komiljon Mirzayev (g‘ijjak), Yusufjon Vohidov (nay)larning о‘zbek milliy sozlarida taralgan badiha (improvizatsiya) ijrolari orkestr jо‘rligidagi “Favvora” asarida – ham akademik ham milliy ijroning mohirona qо‘llanishi tomoshabinlarda hayrat uyg‘otdi, olqishlarga sazovor bо‘ldi.

Sahnada Navoiy siymosi. Uyg‘un va Izzat Sultonlarning “Navoiy” dramasidagi “Navoiy va Guli” badiiy kompozitsiyasi Islom Berdimurodov hamda 3-kurs talabasi Mufassal Shokirovalar ijrosida otashin ishq tuyg‘usining she’riy misralarda, Sharqona ibo, hayo va iffatning yuksak namunasi “Sevgi” sahnasi gavdalandiki, bunda tomoshabin qalbini bedavo – ishq dardi chulg‘adi.

Institut professor о‘qituvchilari tomonidan Navoiy g‘azallariga bog‘langan asarlar ijrosi, xususan, dotsent Azamat Sharipov ijrosida Doni Zokirov musiqasi bilan “Kо‘rmadim”, Usmon Berdiyev ijrosida “Ey sabo” ashulalari, shuningdek, О‘zbekiston xalq hofizi, professor Beknazar Dо‘stmurodov shogirdlar bilan hamnafaslikda “Bо‘lmish” ashulasi; О‘zbekiston xalq artisti,  professor Xayrulla Lutfullayevning “Munojot” ashulasi ijrosi “Sayqal” sozandalar ansambli jо‘rnavozligida, institutning 1-bosqich xoreografiya ta’lim yо‘nalishi talabalari raqsi bilan yanada boyidi.

Dunyoga ochilayotgan Yangi О‘zbekiston, turli tillar va millatlar hamda turlicha an’analar birlashgan zaminda tinch va totuv yashayotgan turli elatlarga Hazrat Navoiy she’riyatini, uning ruboiylarini baxshida qilish, ilinish; turk, rus, ingliz, tojik, qoraqalpoq va о‘zbek tillarida Navoiy g‘azallarini ifodali о‘qish bо‘yicha Teatr san’ati fakulteti talabalari ijrosidan gо‘zal chiqishlar tinglandi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri Aziza Qurbоnova tomonidan katta ekranga moslab yaratilgan “Navoiy monologi” kо‘rinishi institutning zamonaviy texnologiyalar bilan hamnafas odimlayotganidan dalolat beradi.

Alisher Navoiy sо‘zlariga yozilgan barcha kuy, qо‘shiq, ashula va maqom asarlari jonli ijroda namoyish etildi. Turkiston anjumanlar saroyiga tashrif buyurgan barcha tomoshabinlar gо‘yoki, Navoiy davridan gо‘zal hislarni  tuygandek taаssurot оldilar. Konsert yakunidagi “Jon О‘zbekiston” qо‘shig‘i institut professor- о‘qituvchilaridan Anvar Mirzayev, Dilyoraxon Kavilova, Nasiba Sodiqova va barcha konsert ishtirokchilari tomonidan bir maqsad, bir fikr tarzida, mushtaraklikka, birdamlikka xos tarzda birga kuylandi.

G‘anijon XUDOYEV,
О‘zDSMI professori v.b., falsafa doktori (PhD)




2026-yil 5-mart kuni soat 14.00 da B. Ibragimovning dissertatsiyasi muhokamasi.

E’LON

2026-YIL 5-MART KUNI SOAT 14.00 DA O‘ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT VA MADANIYAT INSTITUTI HUZURIDAGI ILMIY DARAJA BERUVCHI PhD.11/2025.27.12.San.02.01 RAQAMLI ILMIY KENGASH

MAJLISI BO‘LIB O‘TADI

KUN TARTIBI:

  1. Ibragimov Bobir Mansurovichning 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (musiqa ta’limi) ixtisosligi bo‘yicha “Kompyuter dasturlari vositasida bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarining kasbiy malakalarini takomillashtirish metodikasi” mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi muhokamasi.

Majlis O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “A” binosi,

2-qavat, majlislar zalida 14.00 da boshlanadi.

Dissertatsiya qo‘lyozmasi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti

Axborot-resurs markazida tanishish mumkin.