O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida “Teatr san’ati” fakulteti, “Estrada va ommaviy tomoshalar” kafedrasi 4-kurs “Estrada aktyorligi san‘ati” ta‘lim yo‘nalishi talabalarining ”Malikai Turandot” diplom spektakli namoyish etildi

Karlo Gotsininig shu nomli asari asosida zamonaviy talqinda sahnalashtirilgan ushbu spektakl namoyishida institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, institut professor-о‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.


Mazkur spektakl kurs badiiy rahbari dotsent Farruh Egamberdiyev tomonidan sahnalashtirildi. Shuningdek, aktyorlik fani o‘qituvchilari Sohibjon Valiyev hamda Komola Jalilovalar yaqindan yordam berishgan.

Spektakl bosh qaxramoni Turandotni institutning iqtidorli va mahoratli talabalaridan biri, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nasiba Sodiqova mahorat bilan ijro etdi.

Shuningdek,“Sahna nutqi” fani о‘qituvchilari- professor Maxsuma Xodjimatova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Lola Eltoyeva, professor v.b. Xatira DJuldiqarayeva “Raqs” fani о‘qituvchisi-О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist, dotsent Narziddin Shermatov “Sahna harakati va jangi” fani o‘qituvchisi-dotsent v.b. Dilshod Ismoilov “Vokal” fani о‘qituvchilari-dotsent v.b. Oynisa Abdullayeva, dotsent Oydin Alimbekova, katta о‘qituvchi Aziz Rajabiy, katta о‘qituvchi Nurullo Eminov, katta о‘qituvchi Isroil Saidumarov, о‘qituvchi Anvar Mirzayev, o‘qituvchi Gulshan Asizova, o‘qituvchi Sardor Azatov, “Grim” fani o‘qituvchilari,
dotsent Feruza Jalilova boshchiligida 4-kurs “Grim san’ati” ta’lim yo‘nalishi talabasi Madina Rahimova, chiroq ustasi Muxarram Kuldashevalar spektakl muvaffaqiyatida o’z xissalarini qo’shishgan.

Bilamizki, har bir spektaklda aktyorlarni asar qaxramonlariga mos qiyofaga keltirishda, unga zamon ruxini singdirishda va ishonarli chiqishida qaxramonning tashqi qiyofasi ham muhim ahamiyatga ega. Kо‘rinib turibdiki, ushbu spektaklda ham aktyorlarni tashqi qiyofasi ustida anchagina ter tо‘kilgan. Bunda albatta grim bо‘yicha badiiy rahbar Feruza Jalilova mehnat va mahoratlarini alohida e’tirof etib о‘tish joiz.

Spektakl yig‘ilganlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi

О‘ylaymizki, mazkur diplom
spektakli talabalarning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha olgan nazariy va amaliy bilimlarini sahna orqali sinovdan o‘tkazish, ularning ijodiy yetuklik darajasini namoyish etish imkonini berdi.

Tomoshabinlar, jumladan, professor-o‘qituvchilar va talabalar spektaklni iliq qabul qillishdi. Ular yosh aktyorlarga kelgusidagi ijodiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.




Ayni paytda Tatariston Respublikasida Qozon davlat madaniyat instituti tomonidan “Многогранный мир традиционной культуры и народного художественного творчества” mavzusida III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Anjumanning ochilish marosimida Tatariston Respublikasi madaniyat vaziri Irada Ayupova, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsuli Nodirjon Qosimov va Qozon davlat madaniyat instituti rektori Roza Axmadiyeva o‘z kirish so‘zlari orqali konferensiya ishtirokchilarini qutladilar.

O‘zbekiston danlat san‘at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullaev mazkur tadbirda onlayn tarzda ishtirok etdi.

U o’zi so’zida bugungi kunda Qozon davlat madaniyat instituti bilan bizni institutimiz o’rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar xaqida to’xtalib o’tdi.

 

Shuningdek, madaniy merosni chuqur o‘rganish, an’anaviy san’atni asrab-avaylash va zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishda katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Anjumanning yalpi majlisida soha vakillarining qator ma’ruzalari tinglanmoqda. Xususan institutimiz professori Abduxalil Mavrulov “O‘zbekistonning an’anaviy badiiy madaniyatini rivojlantirish va uni jahon axborot makoniga integratsiya qilish” mavzusida ma’ruza qildi.

Konferensiyada zamonaviy texnologiyalar yordamida xalq musiqiy folklorini o‘rganish, tiklash va aktualizatsiya qilish muammolari, dekorativ-amaliy san’at masalalari, xalq badiiy madaniyatining mifologik asoslari, etnobadiiy ta’limni takomillashtirish, etnografik muzeylar va kutubxonalar faoliyati bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.


Shuningdek, “Estrada va ommaviy tomoshalar” kafedrasi mudiri Jahongir Mamatqosimov ham mazkur anjumanda bevosita qatnashmoqda.




O’ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT VA MADANIYAT INSTITUTI TALABALARIGA MUROJAAT

Hurmatli talaba-yoshlar!

Bugungi kunda jamiyatimiz taraqqiyotiga, eng avvalo, yoshlarimizning sog‘lom hayot tarziga, ma’naviy kamolotga erishishiga jiddiy xavf solayotgan omillardan biri — giyohvandlikdir.

Afsuski, globallashuv davrida bu xatar nafaqat butun dunyo uchun, balki mamlakatimiz uchun ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Giyohvand moddalar inson sog‘lig‘ini izdan chiqaradi, tafakkurni zaiflashtiradi, ijtimoiy faollikni yo‘qotadi va eng og‘iri — insonning kelajagini barbod qiladi.

Biz san’at va madaniyat sohasini rivojlantirishga xizmat qilayotgan shu yurt vakillari sifatida bu illatga mutlaqo yo‘l qo‘ya olmaymiz.

Shu bois, siz aziz talabalardan:

• Sog‘lom va ma’naviy barkamol hayot tarziga qat’iy rioya qilishni,

• Giyohvandlikka oid har qanday chaqiriq va tahdidlarga qarshi qat’iy pozitsiyada bo‘lishni,

• Yoshlar orasida targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etishni,

• Shubhali holatlarni tegishli organlarga darhol murojaat qilishni
so‘rab qolaman.

Institutimizda sog‘lom muhitni yaratish, har bir talabani qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Biz birgalikda bu illatga qarshi turib, bardam va sog‘lom avlodni shakllantiramiz.

Aziz farzandlarim!

Unutmang, har biringiz —san’atimiz, madaniyatimiz va yurtimizning ertangi kunisiz. Sog‘lom va tiniq ong bilan qilingan har bir qadam — sizga kuch, ijodga ilhom va kelajakda buyuk muvaffaqiyatlar bag‘ishlaydi.

Kelajak o‘z qo‘limizda, uni asrash esa bizning burchimizdir.
Sizlarga doimo ishonaman va har biringizning kelajagingizni yuksak deb bilib, sog‘lom hayot yo‘lini tanlashga chaqiraman.

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti anjumanlar zalida Moskva shahrida joylashgan Boris Shukin nomidagi teatr instituti rektori, professor, Rossiya xalq artisti Yevgeniy Knyazev boshchiligida institut professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda institutimiz rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institutda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari xususida gapirib o’tdi. Jumladan dual ta’lim tizimi, masofaviy ta’lim shakllari, shuningdek, bir qator yetakchi davlat san’at oliygohlari bilan olib borilayotgan ilmiy-ijodiy hamkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.


— Sizning institutiingiz bilan hamkorlik biz uchun ayniqsa muhim. Biz Shukin maktabi tajribasini — uning aktyorlik mahorati, rejissura, sahna nutqi va teatr an’analarini chuqur anglashga qaratilgan e’tiborini yuqori baholaymiz. Ishonamanki, hamkorligimiz salohiyati nafaqat talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirishga, balki zamonaviy teatrni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma master-klasslar, ilmiy tadqiqotlar, ijodiy laboratoriyalar va loyihalarni amalga oshirishga ham imkon beradi, -deydi u o‘z so‘zida.

Nodirbek Sayfullyev Yevgeniy Knyazev va institut jamoasini O’zbekistonga taklif qilarkan, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichlari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

Yevgeniy Knyazev o’zbek san’ati va madaniyatiga bo’lgan hurmatini e’tirof etarkan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston davlat sana’at va madaniyat instituti bilan ijodiy va ilmiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan hamkorlikning yangi bosqichlarini ochishiga ishonch bildirdi.

Shundan so’ng ikki tomon professor-o’qituvchilari institut tarixi, bugungi faoliyati hamda istiqbolli rejalari xususidagi gapirib, o’z taqdimorlarini namoyish etdilar.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning qator yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar.

Xususan:
• bakalavr, magistr va doktorantlar uchun o‘zaro akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish;
• professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar o‘rtasida qisqa va uzoq muddatli stajirovkalarni amalga oshirish;
• turli yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy loyihalarni birgalikda rivojlantirish;
• yosh tadqiqotchilar uchun qo‘shma ilmiy rahbar tayinlash amaliyotini joriy etish;
• san’at va madaniyat sohasida yuqori malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish;
• o‘quv-metodik jarayon bo‘yicha tajriba va axborot almashish, o‘quv rejalari va dasturlarni o‘zaro muvofiqlashtirish;
• qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, davra suhbatlari hamda ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish;
• qo‘shma ilmiy va o‘quv-metodik nashrlarni tayyorlash;
• ijodiy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni birgalikda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Qizg’in muloqot chog’ida oliy va oliydan keyingi ta’lim, san’at, madaniyat va ilmiy faoliyat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu aloqalar ikki institut o‘rtasida talabalar almashinuvida ham o’z samarasini berishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida kelajakda ikki oliy ta’lim muassasasi o’rtasida hamkorlikni mustahkamlovchi memorandum imzolanishi ko’zda tutildi.

Umid qilamizki,, bugungi uchrashuv tizimli, mazmunli va uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim qadam bo‘ladi.