O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashrifi chog’ida yosh professor-o’qituvchilar hamda iqtidorli talabalarning sohaga oid yangi loyihalar bо‘yicha tashabbus va taqdimotlari bilan yaqindan tanishdi

Ushbu tashrif jarayonini O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshqarib bordi.

Xususan unda “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi dotsenti, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otajon Dostonov tomonidan “Kino klasteri” loyihasi doirasida kino va televideniye hamda ovoz yozish uchun mo‘ljallangan maxsus pavilion taqdimoti, “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi o‘qituvchisi Qahramon Rashidov tomonidan ko‘hna cholg‘ularni yanada ommalashtirish, ko‘hna cholg‘ular ijrochiligiga bag‘ishlangan elektron platformalar va mobil ilovalarini hamda o‘quv adabiyotlarini yaratish bo‘yicha taqdimoti,

“Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi” mutaxassisligi 1-kurs magistranti Shavkat Bazarbayevning 2026-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kelajak o‘yinlari” Digital olimpiadasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan “Uchinchi renessans ostonasida” nomli teatrlashtirilgan tomosha bo‘yicha rejissyorlik hamda “Axborot tenologiyalari” kafedrasi mudiri, PhD, dotsent Aziza Qurbonovaning “UzDigitalTheatre” mobil ilovasi g‘oyalari taqdim etildi.

Vazir mazkur taqdimotlar bilan tanishar ekan, institutda yaratilayotgan ilmiy-ijodiy muhit, yosh mutaxassislar va talabalarning tashabbuskorligi, ularning amaliy natijaga yo‘naltirilgan ishlarini yuqori baholadi. U ayniqsa, taqdim etilgan loyihalarni nafaqat ta’lim jarayonini boyitishga, balki mamlakatimiz madaniyat industriyasiga innovatsion yechimlar olib kirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Pedagoglarning yaratib kelayotgan ilmiy-metodik ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar uchun zarur sharoitlarni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi.

O‘z o‘rnida N. Sayfullayev mazkur loyihalar institutning innovatsion rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘un ekanini, yoshlar uchun bunday ko‘mak va e’tibor ularni yanada katta marralar sari ruhlantirishini aytib o‘tdi. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni chuqur tatbiq etish institutning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Shundan sо‘ng Ozodbek Nazarbekov hamda mehmonlar institut о‘qituvchi va talabalari tomonidan tayyorlangan konsert-dasturida qatnashishdi.

Unda ijro etilgan milliy kuy-qо‘shiqlar barchada katta taassurot qoldirdi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Aktyor” loyihasi doirasida sahnalashtirilgan “Hayot bekati” nomli inklyuziv spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi

Unda vazir Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi huzuridagi ‘Nogiron bolalar markazi’ rahbari, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.

Mazkur loyiha nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy kasblarga, jumladan aktyorlik san’atiga jalb etish, ularni o‘qitish va amaliy jarayonlarga tatbiq etish orqali bandligini ta’minlashni maqsad qilgan.

“Hayot bekati” dramasi insonning hayotiy tanlovlari, taqdir yo‘llari va mas’uliyatli qarorlari ramziy talqinda yoritilgan bo’lib, har bir “bekat” hayotdagi muhim burilish sifatida ramziy ma’noda ko‘rsatib berildi.

Spektakl ustida ishlagan ijodiy jamoa: G‘oya muallifi — Ozodbek Nazarbekov, badiiy rahbar — Nodirbek Sayfullayev, maslahatchi — Ra’no Shodiyeva, rejissyorlar — Sevara Rajabova va Go‘zal Rashidova, rassom — Alisher To‘laboyev, surdo-tarjimon — Kamila Yakubjanova, musiqiy bezakchi — Xikmatillo Hamdamov va boshqalar.

Rollarni Aleksandra Krivousova, Alyona Oshepkova, Muxtar Buxarbayev, Nikita Nikolayev, Sevinch Nazarenko, Abdurazzoq Sattorov, Axmad Axmedov hamda Alan Abdalovlar ijro etishdi.

Tomoshabinlar sо‘zsiz ijroning kuchi, aktyorlarning mimika va harakat orqali hisni aniq yetkazish mahorati hamda sahnadagi samimiy kayfiyatdan chuqur hayajonga tushdilar.

Shundan so’ng spektakl ishtirokchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab vazir Ozodbek Nazarbekov hamda Ra’no Shodiyevalar tadbir tashkilotchilari hamda spektak ishtirokchilariga o’z minnatdorchiligini bildirdirishdi. Inklyuziv san’atning jamiyat uchun ahamiyatini alohida ta’kidlashar ekan, bunday loyihalar insonlarga o‘z salohiyatini namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini aytib o’tishdi.

Spektakl tashkilotchilari hamda ishtirokchilari vazir tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.




“O‘zbekfilm” kinokonsernida tashkil etilgan institut kafedra filialida “AI Kadr: Sun’iy intellekt va kinematografiya uyg‘unligi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Anjumanda sun’iy intellekt va IT mutaxassislari, raqamli texnologiyalar, kompyuter grafikasi va VFX (visual effects) bo‘yicha ekspertlar, montaj ustalari hamda tegishli oliygohlar professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilar, shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari faol ishtirok etishdi.

Dastlab, anjumanni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

U o‘z nutqida sun’iy intellektning jadal rivoji butun dunyo kinematografiyasida inqilobiy o‘zgarishlar yuzaga keltirayotganini, O‘zbekiston kino maktabi ham bu jarayondan chetda qolmasligi zarurligini ta’kidladi.

— O‘zbekiston so‘nggi yillarda sun’iy intellekt rivojiga alohida e’tibor qaratmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha markazlar tashkiletildi, IT-parklar faoliyati kengaytirildi, oliy ta’limdaraqamli, multimodal, media-kommunikatsiya kabiyangi fanlar joriy qilinmoqda, kreativ industriya bozorida sun’iy intellekt asosidagi studiyalar, post-prodakshn markazlari paydo bo‘lmoqda, milliy kinobozorida sun’iy intellekt asosidagi vizual effektlar(VFX), animatsiya, raqamlashgan arxivlar, virtual suratga olish bo‘yicha loyihalar kengaymoqda. Amalga oshirilgan mazkur islohotlar ko‘plabsohalar, xususan, o‘zbek kino san’ati kabi kreativ industriyada yangi bosqichni boshlab berdi, — deydi u o’z so’zida.

Shuningdek, anjuman davomida so‘zga chiqqanlar sun’iy intellekt kino va media sohasini keskin o‘zgartirayotganini ta’kidladilar.
Ular AI yordamida kadrlarni qayta ishlash, vizual effektlar yaratish, ovoz sintezi, dublaj, kinematografik tahlil kabi yo‘nalishlarda katta imkoniyatlar paydo bo‘layotgani, yoshlarning texnologiya bilan erkin ishlashi esa bunday innovatsion jarayonlarni tezroq joriy etishga imkon berayotganini qayd etishdi.

Shundan so‘ng konferensiya yalpi majlisiga o‘tildi.

Unda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU “Sun’iy intellekt” kafedrasi dotsenti, PhD Javohir Nurmurodovning “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida O‘zbekiston san’ati va madaniy merosini saqlash, tahlil qilish va interaktiv ta’lim jarayonlarini rivojlantirish” mavzusidagi, “Tilmoch” sun’iy intellekt loyihasi asoschisi Muhammadsaid Mamasaidovning “Kinematograf lokalizatsiyasini takomillashtirish: o‘zbek bozorida dublaj uchun sunʼiy intellekt asosidagi Tilmoch AIning o‘rni” mavzusidagi, O‘zDSMI Raqamli texnologiyalari ta’lim markazi direktori, “Axborot texnologiyalari” kafedrasi dotsenti v.b. Maksim Savochkinning “Интеллектуальные технологии анализа и переработки видео: возможности и ограничения для киноискусства” mavzusidagi, Young Lions CA 2025 g‘olibi, rejissyor Damir Mubinovning “Инновационные режиссёрские подходы в создании клипов и фильмов на основе искусственного интеллекта” mavzusidagi, O‘zDSMI “Axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri, PhD, dotsenti Aziza Qurbonovaning.
“Creative Art-lab – sun’iy intellekt orqali kontent tayyorlash texnologiyasi” mavzusidagi, “Shoom production” montaj ustasi Vaxobjon Norbutayevning “Kino san’atida zamonaviy montaj va uning usullari” mavzusidagi, O‘zDSMI tayanch doktoranti Jumagul Nishonovaning “AI va kreativ yondashuvlar orqali O‘zbekiston ta’limini raqamli transformatsiya qilish: ilmiy natijalar va amaliy tajribalar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferesiya davomida nafaqat mutaxassislar balki, talabalar ham mavzu yuzasidan qizg‘in kechgan baxs-munozaralarda o‘z fikrlari bilan faol ishtirok etdilar.

Anjuman so’ngida Nodirbek Sayfullayev o’z xulosasini bildirar ekan, jumladan shunday dedi:
— “Mazkur konferensiya yana bir bor shuni ko’rsatdiki, sun’iy intellekt va kinematografiya uyg‘unligi bizning ijodiy kelajagimizni belgilaydigan eng muhim yo‘nalishlardan biridir.”

Ma’ruzalar yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Anjumanni “Kutubxona-axborot faoliyati” fakulteti dekani, PhD, dotsent Bahodir Usmonov olib bordi.




O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANINING 33 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TABRIK

Aziz do’stlar, qadrli ustozlar
va hurmatli talabalar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etaman!

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi inson huquq va erkinliklarining va yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.

Jumladan, Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, ular soni 128 tadan 155 taga oshdi, normalar soni 275 tadan 434 taga ko‘paydi, ya’ni Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilandi.

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «Konstitusiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo dо‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bо‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bо‘lib qoladi».

Aziz do’stlar!
Bosh Qomusimizda belgilab berilgan huquq va erkinliklarimiz hamda burchlarimiz asosida
Yangi О‘zbekiston taraqqiyotiga о‘z hissamizni qо‘shish barchamizga nasib etsin!!!

Nodirbek Sayfullayev,
О‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti
rektori, professor.




Shu yilning 3-4-dekabr kunlari Tatariston Respublikasi Qozon shahrida Qozon davlat madaniyat instituti tomonidan “Многогранный мир традиционной культуры и народного художественного творчества” III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

 

Konferensiyaning ochilish marosimida Tatariston Respublikasi madaniyat vaziri Irada Ayupova, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsuli Nodirjon Qosimov va Qozon davlat madaniyat instituti rektori Roza Axmadiyeva o‘z kirish so‘zlari orqali konferensiya ishtirokchilarini qutladilar.

O‘zbekiston danlat san‘at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullaev mazkur tadbirda onlayn tarzda ishtirok etib, bugungi kunda Qozon davlat madaniyat instituti bilan bizni institutimiz o’rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar xaqida tо‘xtalib о‘tdi.

Shuningdek, madaniy merosni chuqur o‘rganish, an’anaviy san’atni asrab-avaylash va zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishda katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professorlari, tarix fanlari doktori Abduxalil Mavrulov “O‘zbekistonning an’anaviy badiiy madaniyatini rivojlantirish va uni jahon axborot makoniga integratsiya qilish” mavzusida ma’ruzasi bilan hamda “Estrada va ommaviy tomoshalar sanʼati” kafedrasi professori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jahongir Mamatqosimov “О‘zbek xalqi mavsumiy bayramlarining о‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada dunyo xalqlarining etnik va etnomadaniy xilma-xilligini ochib berishga doir dolzarb masalalar, folklor merosini o‘rganish, saqlash va talqin qilish muammolari, an’anaviy badiiy madaniyat va etnobadiiy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, xalq badiiy madaniyatining jahon axborot makonidagi o‘rnini aniqlash, folklor festivallari va tanlovlarini polimadaniy va polietnik muloqotning namoyon bo‘lish shakllari sifatida ko‘rib chiqishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Mavjud muammo va kamchiliklarni hal etishda xalqaro hamkorlik ishlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Qozon davlat madaniyat instituti o‘rtasida imzolangan memorondium asosida tashkil etilib, konferensiyaning asosiy maqsadi – jahon xalqlarining an’anaviy madaniyati va badiiy ijodiyotini tiklash, saqlash va avloddan-avlodga yetkazish texnologiyalarini o‘rganish sohasida hamkorlikni kengaytirish, hamda zamonaviy etnomadaniy makonda jahon folklor merosini ommalashtirishdir.

Konferensiya doirasida institut vakillari Qozon davlat madaniyat instituti rektori Roza Axmadiyeva bilan muloqatda bo‘lib, ikki institut o‘rtasidagi samimiy hamkorlik natijasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Anjuman ishtirokchilari Qozon shahrining diqqatga sazavor joylari bilan yaqindan tanishishdi.




O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O’quv teatrida 8-dekabr – О‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi

Unda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, professor o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Mirodil Baratov taklif etildi.

U yig‘ilganlarga Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, undagi asosiy tamoyillar, fuqarolarning huquq va erkinliklari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil tushunchalar berdi. Ishtirokchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, ularning ahamiyati va hayotimizdagi o‘rni borasida yanada muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Shundan so‘ng “Matonatli Maryam” badiiy-publitsistik filmi postanovkachi rejissyori, institutimizning 2-kurs “Kino va televideniye rejissyorligi” sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabasi Umrbek Ro‘zimov hamda filmda bosh qahramon Maryam Sultonmurodovaning yoshligini mahorat bilan ijro etgan “Estrada aktyorligi san’ati” yo‘nalishi 4-kurs talabasi Diyora Olimovalar so‘zga chiqib, filmning suratga olish jarayonlari, davlatimiz xususan institutimiz tomonidan yosh ijodkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlarni e’tirof tdilar.

Mazkur filmning muvaffaqiyatida institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilarining ham munosib xissasi borligini ta‘kidlashdi. Ularga o‘zlarining chuqur minnatdorliklarini bildirishdi.

So‘ng yig‘ilganlar e‘tiboriga film namoyishi taqdim etildi.

Yig‘ilganlar XX asrning 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va buning oqibatida siyosiy qatag‘onga uchragan vatandoshimiz Maryam Sultonmurodovaning matonatli hayot yo‘li va fojiali taqdirini yorituvchi voqealarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Namoyish so’ngida Nodirbek Sayfullayev taklif etilgan mehmon Mirodil Baratovga ajoyib ma’ruza uchun o’z minnatdorligini bildirdi.

Shuningdek, Umrbek Ro’zimov va Diyora Olimovalarga kelgusi ijodiy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Milliy qadriyatlar” kuniga bag‘ishlangan “Qadriyat javohirlari” nomli konsert-dasturi tashkil etildi

Unda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Nodirbek Sayfullayev institutda “Milliy qadriyatlar” kuni doimiy ravishda keng o‘tkazilib kelinayotgani, yosh avlod ongida milliy o‘zlikni anglash, urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, ularni zamonaviy ta’lim jarayoniga uyg‘un ravishda singdirish institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shahnoza Sultanova esa milliy qadriyatlarga hurmat, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishi, ularni vatanparvarlik va e’tiqod ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Dasturda institutning iste’dodli talabalari va tajribali o‘qituvchilari tomonidan milliy musiqa san’ati, raqs, folklor, an’anaviy kuy va qo‘shiqlar, laparlardan iborat sahna chiqishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Konsert dasturida:
• “Ko‘ngil taronasi” – Sozandalar ansambli
• “Ko‘hna cholg‘ular” – Talabalar ansambli
• “Doira zavqi” – musiqiy kompozitsiya
• “Tanovar”, “Buxorcha termalar”, “Andijoncha raqs”, “Xorazm navolari” kabi milliy sahna ko‘rinishlari
• Folklor qo‘shiqlari guldastasi, “Dutor navolari”, “Baxshilar davrasi”, “Surnay sadosi” kabi xalq ijodiyoti namunalari ijro etildi.

Aytish kerakki, ushbu konsert milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, yoshlar ongida ma’naviy merosga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish va an’anaviy san’atimizni keng ommaga yetkazish yo‘lida muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Teatr san’atida vokal ijro mahorati: kecha va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Anjumanda soha mutaxassislari: teatr san’atida vokal ijrochiligi bo‘yicha ijod qilib kelayotgan aktyorlar, teatrshunoslar, musiqashunoslar, san’at ta’limi yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar, yosh tadqiqotchilar hamda o‘zining ko‘p yillik tajribalari, ilmiy izlanishlari, tadqiqotchilik va pedagogik faoliyati bilan soha rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik ijodkor va olimlar ishtirok etdilar.

Dastlab, anjumanni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U anjuman mavzusiga e‘tibor qaratar ekan, teatr san’atida vokal ijrochiligining nafaqat tarixi va bugungi kuni balki, uning istiqbolli taqdiriga ham ahamiyat qaratish lozimligini aytiib o’tdi. Anjuman davomida bu masalalar ham chuqurroq o‘rganilishiga ishonch bildirdi.
N. Sayfullayev so‘zi yakunida barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorligini bildirib, anjuman ishiga omad tiladi.

Konferensiya yalpi majlisida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
“Musiqali teatr san’ati” kafedrasi dotsenti Bahodir Nazarovning “Mustaqil teatr aktyorining rol ustida ishlash nahorati” mavzusida,

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri solisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ma’sumaxon Boltaboyevaning “Saodat Qobulova — O‘zbekiston opera san’atining buyuk namoyandasi” (hayoti va ijodiga chizgilar) mavzusidagi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Vokal” kafedrasi professori, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Dilbar Malikovaning “Musiqali teatr aktyorlarining vokal ijrochilik malakalarini shakllantirishdagi ayrim musiqiy muammolar” mavzusidagi,

 

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Musiqali teatr san’ati” kafedrasi professori v.b. Rashid Usnatovning
“Musiqali asar tanlash, stol atrofida ishlash va kechinma san’ati to‘g‘risida tushuncha, vokal san’atining teatr sahnalarida tutgan o‘rni va o‘ziga xosligi” mavzusidagi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Vokal” kafedrasi dotsenti Dilmurod Uzoqovning “Vokal san’atining teatr sahnalarida tutgan o‘rni va o‘ziga xosligi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Har bir ma’ruza anjuman ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qabul qilindi va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.