O‘ZBEKISTON DAVLAT SAN`AT VA MADANIYAT INSTITUTI REKTORINING YANGI YIL TABRIGI
Assalomu alaykum!
Qadrli yurtdoshlar!
Aziz ustozlar!
Hurmatli talaba-yoshlar!
Barchangizni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Yangi yilda Sizga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘liq, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu-baraka hamda hayotingizda ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
Yakunlanib borayotgan 2025-yil mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida muhim islohotlar, keng ko‘lamli o‘zgarishlar va yuksak natijalarga boy yil sifatida tarix sahifalaridan munosib o‘rin egallamoqda.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston san’ati va madaniyatining jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori tobora yuksalib, xalqaro maydonda munosib e’tirof etilayotgani barchamizni quvontiradi.
Bu yutuqlar zamirida, shubhasiz, Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan doimiy e’tibor, yuksak ishonch va g‘amxo‘rlik mujassamdir.
Xususan, xorijiy hamkorlarimiz bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va muzokaralar jarayonida ham ular tomonidan ushbu e’tibor alohida e’tirof etilib, mamlakatimiz tajribasiga katta qiziqish va havas bilan qaralayotganiga bevosita guvoh bo‘lmoqdamiz.
Qadrli do‘stlar!
O‘z navbatida, o‘tib borayotgan yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ham samarali mehnati va izlanishlari natijasida salmoqli yutuqlarga erishdi.
Jumladan, dual ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilgan izchil sa’y-harakatlar natijasida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali akademik teatri, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi hamda “O‘zbekfilm” kinokontsernida tegishli kafedralarning filiallari tashkil etildi. Bu esa talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kasaba uyushmalari saroyida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli jonli ijrodagi teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etilib, ommaviy axborot vositalari hamda san’at ixlosmandlari tomonidan yuksak baholandi.
Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq, Sahna nutqi kafedrasi dotsenti Ramz Qodirov II-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Iqtidorli talabamiz Nasiba Sodiqova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasiga aylandi.
Shuningdek, Qirg‘iz Milliy madaniyat va san’at universiteti tomonidan tashkil etilgan “Jana ismdar” (Yangi nomlar) nomli X-Xalqaro talabalar teatr festivali hamda “Turksoy dunyosi” III-Xalqaro talabalar teatr festivalida institut jamoasi munosib ishtirok etib, bir qator nominatsiyalar g‘olibi bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning “Sungkyul”Universitetida o‘tkazilgan Yevroosiyo talabalar festivalida ham talabalarimiz munosib ishtirok etishdi.
Madaniyat va san’at sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir qator professor-o‘qituvchilarimiz “Mo‘tabar ayol”, “Oliy ta’lim a’lochisi”, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.
2025-yil davomida institutda 4 ta xalqaro va 15 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Tajribali, ilmiy unvon va darajaga ega professor-o‘qituvchilar tomonidan 3 ta ilmiy-metodik seminar tashkil etildi.
Institutning ilmiy salohiyati 48,9 foizdan 57,9 foizga oshdi.
Xalqaro reytinglar doirasida ham institutimiz salmoqli natijalarga erishdi. Jumladan, HE Higher Education Rankings reytingida institut TOP-1000 talikdan 28-o‘rinni, WURI – World University Rankings for Innovation 2025 reytingida talabalarni qo‘llab-quvvatlash va jalb qilish yo‘nalishi bo‘yicha 1350 ta universitet orasida 69-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, UI GreenMetric World University Ranking xalqaro reytingida institutimiz 933-o‘rin bilan TOP-1000 talikdan joy oldi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Tailand Qirolligida O‘zbekiston tarixi va milliy madaniyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilarining Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya, Tailand, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va boshqa qator xorijiy davlatlarga xizmat safarlari amalga oshirilib, ushbu tashriflar doirasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma loyihalar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Bunday yutuqlarni sanab o‘tsak, yana uzoq davom ettirish mumkin.
Kelgusi 2026-yilda ham institut faoliyatini yanada takomillashtirish, pirovardida esa yurtimiz san’ati va madaniyati ravnaqiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida ulkan reja va maqsadlarimiz mavjud.
Ularni amalga oshirish uchun institutimizda faoliyat olib borayotgan har bir xodim va talaba yagona jamoa bo‘lib, fidoyilik bilan ezgu maqsadlar sari harakat qilishi muhimdir.
Yana bir bor barchangizni Yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman!
2026-yil xonadonlaringizga fayzu-baraka, quvonch va omad olib kelsin!
Ehtirom ila,
Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori, professor.