O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashrifi chog’ida yosh professor-o’qituvchilar hamda iqtidorli talabalarning sohaga oid yangi loyihalar bо‘yicha tashabbus va taqdimotlari bilan yaqindan tanishdi
Ushbu tashrif jarayonini O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshqarib bordi.

Xususan unda “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi dotsenti, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otajon Dostonov tomonidan “Kino klasteri” loyihasi doirasida kino va televideniye hamda ovoz yozish uchun mo‘ljallangan maxsus pavilion taqdimoti, “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi o‘qituvchisi Qahramon Rashidov tomonidan ko‘hna cholg‘ularni yanada ommalashtirish, ko‘hna cholg‘ular ijrochiligiga bag‘ishlangan elektron platformalar va mobil ilovalarini hamda o‘quv adabiyotlarini yaratish bo‘yicha taqdimoti,

“Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi” mutaxassisligi 1-kurs magistranti Shavkat Bazarbayevning 2026-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kelajak o‘yinlari” Digital olimpiadasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan “Uchinchi renessans ostonasida” nomli teatrlashtirilgan tomosha bo‘yicha rejissyorlik hamda “Axborot tenologiyalari” kafedrasi mudiri, PhD, dotsent Aziza Qurbonovaning “UzDigitalTheatre” mobil ilovasi g‘oyalari taqdim etildi.

Vazir mazkur taqdimotlar bilan tanishar ekan, institutda yaratilayotgan ilmiy-ijodiy muhit, yosh mutaxassislar va talabalarning tashabbuskorligi, ularning amaliy natijaga yo‘naltirilgan ishlarini yuqori baholadi. U ayniqsa, taqdim etilgan loyihalarni nafaqat ta’lim jarayonini boyitishga, balki mamlakatimiz madaniyat industriyasiga innovatsion yechimlar olib kirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Pedagoglarning yaratib kelayotgan ilmiy-metodik ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar uchun zarur sharoitlarni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi.


O‘z o‘rnida N. Sayfullayev mazkur loyihalar institutning innovatsion rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘un ekanini, yoshlar uchun bunday ko‘mak va e’tibor ularni yanada katta marralar sari ruhlantirishini aytib o‘tdi. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni chuqur tatbiq etish institutning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Shundan sо‘ng Ozodbek Nazarbekov hamda mehmonlar institut о‘qituvchi va talabalari tomonidan tayyorlangan konsert-dasturida qatnashishdi.
Unda ijro etilgan milliy kuy-qо‘shiqlar barchada katta taassurot qoldirdi.








