Shu yilning 3-4-dekabr kunlari Tatariston Respublikasi Qozon shahrida Qozon davlat madaniyat instituti tomonidan “Многогранный мир традиционной культуры и народного художественного творчества” III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

 

Konferensiyaning ochilish marosimida Tatariston Respublikasi madaniyat vaziri Irada Ayupova, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsuli Nodirjon Qosimov va Qozon davlat madaniyat instituti rektori Roza Axmadiyeva o‘z kirish so‘zlari orqali konferensiya ishtirokchilarini qutladilar.

O‘zbekiston danlat san‘at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullaev mazkur tadbirda onlayn tarzda ishtirok etib, bugungi kunda Qozon davlat madaniyat instituti bilan bizni institutimiz o’rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar xaqida tо‘xtalib о‘tdi.

Shuningdek, madaniy merosni chuqur o‘rganish, an’anaviy san’atni asrab-avaylash va zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishda katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professorlari, tarix fanlari doktori Abduxalil Mavrulov “O‘zbekistonning an’anaviy badiiy madaniyatini rivojlantirish va uni jahon axborot makoniga integratsiya qilish” mavzusida ma’ruzasi bilan hamda “Estrada va ommaviy tomoshalar sanʼati” kafedrasi professori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jahongir Mamatqosimov “О‘zbek xalqi mavsumiy bayramlarining о‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada dunyo xalqlarining etnik va etnomadaniy xilma-xilligini ochib berishga doir dolzarb masalalar, folklor merosini o‘rganish, saqlash va talqin qilish muammolari, an’anaviy badiiy madaniyat va etnobadiiy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, xalq badiiy madaniyatining jahon axborot makonidagi o‘rnini aniqlash, folklor festivallari va tanlovlarini polimadaniy va polietnik muloqotning namoyon bo‘lish shakllari sifatida ko‘rib chiqishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Mavjud muammo va kamchiliklarni hal etishda xalqaro hamkorlik ishlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Qozon davlat madaniyat instituti o‘rtasida imzolangan memorondium asosida tashkil etilib, konferensiyaning asosiy maqsadi – jahon xalqlarining an’anaviy madaniyati va badiiy ijodiyotini tiklash, saqlash va avloddan-avlodga yetkazish texnologiyalarini o‘rganish sohasida hamkorlikni kengaytirish, hamda zamonaviy etnomadaniy makonda jahon folklor merosini ommalashtirishdir.

Konferensiya doirasida institut vakillari Qozon davlat madaniyat instituti rektori Roza Axmadiyeva bilan muloqatda bo‘lib, ikki institut o‘rtasidagi samimiy hamkorlik natijasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Anjuman ishtirokchilari Qozon shahrining diqqatga sazavor joylari bilan yaqindan tanishishdi.