O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti O’quv teatrida 8-dekabr – О‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi

Unda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, professor o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Mirodil Baratov taklif etildi.

U yig‘ilganlarga Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, undagi asosiy tamoyillar, fuqarolarning huquq va erkinliklari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil tushunchalar berdi. Ishtirokchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, ularning ahamiyati va hayotimizdagi o‘rni borasida yanada muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Shundan so‘ng “Matonatli Maryam” badiiy-publitsistik filmi postanovkachi rejissyori, institutimizning 2-kurs “Kino va televideniye rejissyorligi” sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabasi Umrbek Ro‘zimov hamda filmda bosh qahramon Maryam Sultonmurodovaning yoshligini mahorat bilan ijro etgan “Estrada aktyorligi san’ati” yo‘nalishi 4-kurs talabasi Diyora Olimovalar so‘zga chiqib, filmning suratga olish jarayonlari, davlatimiz xususan institutimiz tomonidan yosh ijodkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlarni e’tirof tdilar.

Mazkur filmning muvaffaqiyatida institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilarining ham munosib xissasi borligini ta‘kidlashdi. Ularga o‘zlarining chuqur minnatdorliklarini bildirishdi.

So‘ng yig‘ilganlar e‘tiboriga film namoyishi taqdim etildi.

Yig‘ilganlar XX asrning 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va buning oqibatida siyosiy qatag‘onga uchragan vatandoshimiz Maryam Sultonmurodovaning matonatli hayot yo‘li va fojiali taqdirini yorituvchi voqealarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Namoyish so’ngida Nodirbek Sayfullayev taklif etilgan mehmon Mirodil Baratovga ajoyib ma’ruza uchun o’z minnatdorligini bildirdi.

Shuningdek, Umrbek Ro’zimov va Diyora Olimovalarga kelgusi ijodiy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Milliy qadriyatlar” kuniga bag‘ishlangan “Qadriyat javohirlari” nomli konsert-dasturi tashkil etildi

Unda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Nodirbek Sayfullayev institutda “Milliy qadriyatlar” kuni doimiy ravishda keng o‘tkazilib kelinayotgani, yosh avlod ongida milliy o‘zlikni anglash, urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, ularni zamonaviy ta’lim jarayoniga uyg‘un ravishda singdirish institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shahnoza Sultanova esa milliy qadriyatlarga hurmat, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishi, ularni vatanparvarlik va e’tiqod ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Dasturda institutning iste’dodli talabalari va tajribali o‘qituvchilari tomonidan milliy musiqa san’ati, raqs, folklor, an’anaviy kuy va qo‘shiqlar, laparlardan iborat sahna chiqishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Konsert dasturida:
• “Ko‘ngil taronasi” – Sozandalar ansambli
• “Ko‘hna cholg‘ular” – Talabalar ansambli
• “Doira zavqi” – musiqiy kompozitsiya
• “Tanovar”, “Buxorcha termalar”, “Andijoncha raqs”, “Xorazm navolari” kabi milliy sahna ko‘rinishlari
• Folklor qo‘shiqlari guldastasi, “Dutor navolari”, “Baxshilar davrasi”, “Surnay sadosi” kabi xalq ijodiyoti namunalari ijro etildi.

Aytish kerakki, ushbu konsert milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, yoshlar ongida ma’naviy merosga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish va an’anaviy san’atimizni keng ommaga yetkazish yo‘lida muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.