O’ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT VA MADANIYAT INSTITUTI TALABALARIGA MUROJAAT
Hurmatli talaba-yoshlar!
Bugungi kunda jamiyatimiz taraqqiyotiga, eng avvalo, yoshlarimizning sog‘lom hayot tarziga, ma’naviy kamolotga erishishiga jiddiy xavf solayotgan omillardan biri — giyohvandlikdir.
Afsuski, globallashuv davrida bu xatar nafaqat butun dunyo uchun, balki mamlakatimiz uchun ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Giyohvand moddalar inson sog‘lig‘ini izdan chiqaradi, tafakkurni zaiflashtiradi, ijtimoiy faollikni yo‘qotadi va eng og‘iri — insonning kelajagini barbod qiladi.
Biz san’at va madaniyat sohasini rivojlantirishga xizmat qilayotgan shu yurt vakillari sifatida bu illatga mutlaqo yo‘l qo‘ya olmaymiz.
Shu bois, siz aziz talabalardan:
• Sog‘lom va ma’naviy barkamol hayot tarziga qat’iy rioya qilishni,
• Giyohvandlikka oid har qanday chaqiriq va tahdidlarga qarshi qat’iy pozitsiyada bo‘lishni,
• Yoshlar orasida targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etishni,
• Shubhali holatlarni tegishli organlarga darhol murojaat qilishni
so‘rab qolaman.
Institutimizda sog‘lom muhitni yaratish, har bir talabani qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Biz birgalikda bu illatga qarshi turib, bardam va sog‘lom avlodni shakllantiramiz.
Aziz farzandlarim!
Unutmang, har biringiz —san’atimiz, madaniyatimiz va yurtimizning ertangi kunisiz. Sog‘lom va tiniq ong bilan qilingan har bir qadam — sizga kuch, ijodga ilhom va kelajakda buyuk muvaffaqiyatlar bag‘ishlaydi.
Kelajak o‘z qo‘limizda, uni asrash esa bizning burchimizdir.
Sizlarga doimo ishonaman va har biringizning kelajagingizni yuksak deb bilib, sog‘lom hayot yo‘lini tanlashga chaqiraman.
Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori.




