O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev O‘zbekiston davlat yoshlar teatrida talabalarning amaliy dars jarayonlari bilan tanishdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev “Madaniyat va san’at menejmenti”kafedrasi mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sayfullo Ikromov bilan birgalikda O‘zbekiston davlat yoshlar teatrida “San’at sohasida prodyusserlik” ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining amaliy dars jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.

Mazkur darsni Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, institut dotsenti Farhod Jo‘rayev olib bordi. U dars davomida sahna jarayonlarini boshqarish, aktyorlar bilan ishlash, spektaklning dramaturgik tuzilishini tahlil qilish va prodyuserlik faoliyatining amaliy jihatlari bo‘yicha talabalarga kerakli ma’lumotlar berdi.

N. Sayfullayev dars jarayonlarini diqqat bilan kuzatar ekan, talabalarning tashabbuskorligi, sahnani texnik va badiiy jihatdan uyg‘unlashtirish borasidagi izlanishlari, ijodiy fikrlashi va mas’uliyatli yondashuvlariga guvoh bo’ldi.

Darsdan so‘ng talaba-yoshlar bilan bo’lib o’tgan ijodiy suhbatda N.Sayfullayev ushbu amaliy darslar aynan teatr sahnasida o‘tkazilishi, kelgusida ularning professional faoliyatida mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi.


Suhbat jarayonida talabalar o‘z qiziqishlari, hozirda olib borayotgan ijodiy izlanishlari, prodyuserlik faoliyatidagi ilk tajribalari va kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ijodiy loyihalari haqida so‘zlab berishdi.

Muloqot chog‘ida N. Sayfullayev bitiruvchi talaba sifatida ularning kelgusidagi amaliyot maskanlari, qaysi teatr, telekanal yoki madaniyat muassasasida o‘zini sinab ko‘rmoqchi ekanliklari bilan qiziqdi.

Shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy jihatdan o‘sishiga ko‘maklashish, hamkor tashkilotlar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan gapirib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida ustozlar talabalarga o‘z kasbini puxta egallash, tajriba va malakani doimiy ravishda oshirib borish, ijodiy jasoratli bo‘lish hamda zamonaviy san’at jarayonlarini yaqindan kuzatib borish bo‘yicha muhim tavsiyalar berishdi.




“Teatr san’ati” fakultetida “Estrda va ommaviy tomoshalar rejissyorligi” ta’lim yо‘nalishi 1-bosqich talabalari ishtirokida “Tasavvurdagi buyumlar bilan ishlash” mavzusida ochiq dars о‘tkazildi

 

Unda institut rektori, professor, mazkur kafedra pedagogi Nodirbek Sayfullayev, shuningdek, kafedra professor-o’qituvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur ochiq darsda asosiy e’tibor sahnaviy tasavvur, diqqat, munosabat va xotirani rivojlantirishga qaratilgan bо‘lib, talabalar ijrosida trening mashqlari va tasavvurdagi buyumlar bilan ishlash mashqlari asosida yoritilib berildi.

 

Dasturdan о‘rin olgan har bir amaliy mashq talabalar tomonidan ijro etilib, har bir buyumga tasavvur orqali murojaatning amaliy ifodalanishi ularning xatti-harakatlari asosida namoyish etildi.

Sinxron harakatlar va ijrodagi ishonch, talabalarda rejissyor uchun eng muhim layoqat omillari bо‘lgan tasavvur, diqqat, kо‘rish, eshitish, his qilish, musiqani his qilish, ritmga mos tushish, sahnaviy hamrohni his qilish, eng muhimi talabalarning sohaga nisbatan ishtiyoqini kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etdi.

Ochiq darsning yuqori saviyada о‘tkazilishida kurs pedagoglari: “Aktyorlik mahorati” fani o‘qituvchisi – J.Sobirov, “Sahna nutqi” fani o‘qituvchilari – san’atshunoslik fanlarinomzodi, professor G.Xoliqulova, I.Nazarova, “Plastika” fani o‘qituvchisi –san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b. S.Mannonov, “Raqs” fani o‘qituvchisi – professor N.Abrayqulova va kurs badiiy rahbari – pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor J.Mamatqosimov hamda magistrant Sh. Bazarbayevning xizmatlari katta bо‘ldi.

Shundan so’ng kafedra professor-o’qituvchilari ishtirokida muhakama bo’lib o’tdi.

Unda N.Sayfullayev Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori san’atga, xususan teatr, ommaviy bayram va tomoshalar rejissurasiga berilayotgan katta e’tibor xususida gapirirar ekan, bu islohotlarga javoban institutda amalga oshirilishi lozim bо‘lgan muhim vazifalarga tо‘xtalib о‘tdi.

Shuningdek, muhokamada so’zga chiqqanlar malakali rejissyorlarni tayyorlashda milliy teatr maktabi an’analarini tо‘g‘ri davom ettirish, о‘qitish metodikasini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib borish samarali ekanligini aytib o’tishdi.

Dars jarayonlarini “ustoz-shogird” an’analariga tayangan holda olib borish, xorijiy ilg‘or tajribalarni ta’lim tizimiga tatbiq etish kabi zarur vazifalar yuzasidan fikr almashildi.