Rossiya davlat teatr san’ati instituti rektori professor Grigoriy Zaslavskiy O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rossiya davlat teatr san’ati instituti (GITIS) rektori, professor Grigoriy Zaslavskiy, shuningdek, “Rossotrudnichestvo” agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya hamda GITISning bir qator professor-o‘qituvchilari institutga tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev, fakultet dekanlari hamda professor-o‘qituvchilar kutib olishdi.

Shundan so‘ng mehmonlar institut o‘quv teatriga tashrif buyurib, “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi 3-bosqich 302-guruh talabalarining “Kuyov” nomli diplomoldi spektaklining repetitsiya jarayonini kuzatishdi.

Tashrif davomida mehmonlar talabalarning ijodiy dars jarayonlari bilan ham yaqindan tanishishdi. 4-bosqich “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi talabalari tomonda ijro etilgan “Sevgi afsonasi” hamda “Estrada aktyorligi san’ati” yo‘nalishi 4-bosqich talabalari tomonidan ijro etilgan “Malikai Turandot” spektaklidan parchalar tomosha qilishdi.


Tashrif so‘ngida institut anjumanlar zalida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Unda institutning professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Uchrashuv chog‘ida professor Grigoriy Zaslavskiy so‘zga chiqib, bugungi sana GITIS jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi:
— Bugun Rossiya teatr san’ati instituti — GITIS o‘zining 147 yilligini nishonlamoqda! Biz uchun bu nafaqat tarixiy sana, balki yangi ijodiy g‘oyalar, xalqaro do‘stlik va madaniy almashinuv ramzidir. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorligimiz san’at ta’limini yanada boyitish va yosh avlodni sahna san’ati ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi,” — dedi u.


Uchrashuv iliq muloqot va o‘zaro fikr almashuvlar ruhida o‘tdi. Tomonlar kelgusida o‘zaro ta’lim, ijodiy almashinuv va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirishdi.


