О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida madaniyat va san’at sohasi oliy ta’lim muassasalari professor-о‘qituvchilaridan iborat tinglovchilarning malakaviy attestatsiyasi o‘tkazildi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida madaniyat va san’at sohasi oliy ta’lim muassasalari professor-о‘qituvchilaridan iborat tinglovchilarning malakaviy attestatsiyasi o‘tkazildi.

Mazkur malakaviy attestatsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 797-son qaroriga muvofiq o’tkazildi.

✅ Unda Attestatsiya komissiyasi raisi, professor Nodirbek Sayfullayev, komissiya raisi о‘rinbosari, markaz direktori Abror Porsoyev, shuningdek, komissiya a’zolari: “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi professori, Sarvinoz Qodirova, “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi professori, О‘razali Toshmatov, Yunus Rajabiy nomidagi О‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi professori, Rifatilla Qosimov, О‘zbekiston davlat konseratoriyasi “Talim sifatini nazorat qilish bо‘lim boshlig‘i, professor, Abdupattax Abdugapparov hamda О‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi dotsenti Gulshod Abdiyevalar ishtirok etdilar.

Nodirbek Sayfullayev himoya arafasida turgan pedagoglarga muvaffaqiyat tilar ekan, ularning ilmiy izlanishlari va amaliy tajribalari kelgusida ta’lim jarayonini takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shundan so`ng  Tarmoq markazida rejaga muvofiq “Vokal San’ati” va “Texnogen san’ati” yo’nalishida bir oy davomida о‘z malakalarini oshirgan jami 25 nafar tinglovchining malakaviy attestatsiya ishi komissiya a’zolari tomonidan birma-bir tinglandi.

Malakaviy himoya yakunida barcha tinglovchilar muvaffaqiyatli baholandi. Kelgusida ham izlanishlarini chuqurlashtirish, о‘z ijodiy faoliyatlarini takomillashtirish, shuningdek, san’atimiz va madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qо‘shishlari yuzasidan tavsiya-tilaklar bildirildi.




Institut professor-o`qituvchilari va magistrantlari Turkiyada bo`lib o`tgan “International Students Social Sciences Congress IV” xalqaro kongressda ishtirok etishdi

Joriy yilning 22–28 oktabr kunlari Turkiyaning Izmir shahrida Urdun Yermek universiteti hamkorligi va TUBITAK tashkilotining ko‘magida Izmir Katip Celebi universitetida “International Students Social Sciences Congress IV” xalqaro kongressi o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Munavvara Abdullayeva, dotsent Zamfira Axmedova, katta o‘qituvchi Qahramon Madrimov hamda magistratura bosqichi 2-kurs talabasi Jasurbek Egamberdiyev o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi.

Ularning ma’ruzalari kongress tinglovchilari tomonidan katta qiziqish va iliq taassurotlar bilan qarshi olindi. Tadbir davomida xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur kongress ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash, kelgusida xalqaro ilmiy almashinuv dasturlari faoliyatini rivojlantirish uchun
muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, Izmir shahrida Ege universiteti prorektori professor Mehmet Ersoy hamda Turkiy davlatlar hamkorligi va Orhun almashinuv dasturi koordinatori Kenan Dogan ishtirokida turkiy davlatlardan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot chog‘ida Orhun almashinuv dasturi doirasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularning malakasini oshirish hamda ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi professori Munavvara Abdullayeva, dotsent Zamfira Axmedova, katta o‘qituvchi Kahramon Madrimov hamda magistratura talabasi Jasurbek Egamberdiyev ham faol ishtirok etishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alar almashishdi.

Bundan tashqari, Ege universiteti vakillari tashabbusi bilan Izmir shahrining “Qozoq milliy vodiysi” deb ataluvchi fermer xo‘jaligida “Turkiy davlatlar birligi” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Orhun almashinuv dasturi ishtirokchilari — turkiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan o‘qituvchilar va talabalar qatnashishdi. Dastur davomida turkiy xalqlarning milliy urf-odatlari, madaniy merosi va tarixiga oid ma’lumotlar taqdim etildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Qadimgi turkiy xalqlarga xos chavandozlik, o‘q otish kabi sport turlaridan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida professor Munavvara Abdullayeva Turkiya Respublikasi hamda Turkiy davlatlar hamdo‘stligi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Izmir shahridagi Dokuz Eylül universiteti Sahna san’ati fakulteti o‘qituvchilari va talabalari bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillarining uchrashuvi Sabancı Kültür Sarayıda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi o‘quv jarayoni, sahna mashg‘ulotlari, ta’lim tizimi va ijodiy faoliyat bo‘yicha tajriba almashinuvi amalga oshirildi.

“ERASMUS” va “Orhun almashinuv” dasturlari doirasida talabalar almashinuvi masalalari muhokama qilindi. Muloqot yakunida Dokuz Eylül universiteti tomonidan institutimiz a’zolariga tashakkurnomalar topshirildi.

Umuman olganda, mazkur safar davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari nafaqat xalqaro ilmiy maydonda o‘z faoliyatlarini muvaffaqiyatli namoyon etishdi, balki Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali hamkorlik yo‘nalishlarini ham belgilab olishdi.




Nodirbek Sayfullayev rahbarligida institut Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, rektori professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida institut Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig’ilish kun tartibidagi masalalarga otilarkan, quyidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Jumladan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Farmoyishlari va topshiriqlarini, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va bayoni, vazirliklarning buyruqlari va topshiriqlarini bajarilishi,

2025/2026-о‘quv yili uchun 1-kursga talabalarni qabul qilish yakuni, magistrlik dissertatsiyalar (MI) mavzularini hamda о‘quv ijodiy repertuarlarini tasdiqlash, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ–5040-sonli qarori ijrosi,

2025/2026-o‘quv yilida rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga asosan (o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar yuzasidan) amalga oshirilgan ishlar, Ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish,

2025-yilida institutda о‘tkazilgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar hamda 2026-yil rejasi, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan grant loyihani Innovatsion rivojlantirish agentligiga yuborish,

Institut talaba-yoshlarning ijtimoiy-madaniy holatini o‘rganish yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazish to’g’risidagi masalalar muhokama qilindi.
Kengash yig’ilishi so’ngida barcha mas’ullarga kun tartibidagi masalalar bo’yicha tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev 80 yoshda

Shu yilning 25-oktabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi professori Xayrulla Lutfullayev xonadonida bo‘lishdi.

Uchrashuv samimiy va iliq ruhda o‘tdi. Institut rektori Nodirbek Sayfullayev ustoz san’atkorni 80 yoshga to‘lgan qutlug‘ ayyomi bilan chin dildan muborakbod etib, unga sihat-salomatlik, bardavom ijod va yangi avlodni tarbiyalashdagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Tabrik davomida Xayrulla Lutfullayevning O‘zbekiston san’at maktabi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona mehnati, o‘ziga xos ijro maktabi va pedagogik faoliyati e’tirof etildi.

Institut jamoasi nomidan ustozga esdalik sovg‘alari topshirilib, shogirdlari, hamkasblari va izdoshlari nomidan samimiy tilaklar bildirildi.

Shuningdek, N.Sayfullayev o‘z so‘zida Xayrulla Lutfullayevning yo‘nalishida yaratgan ijodiy merosi nafaqat institut balki, milliy qo‘shiqchiligimiz uchun bebaho boylik ekanini ta’kidladi.

Ustozning milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida san’atga mehr uyg‘otish borasidagi xizmatlari alohida e’tirofga sazovor ekani qayd etildi.

Ma’lumot uchun: O’zbekiston Respublikasi Madadiyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, professor Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag’ishlangan ijodiy kecha joriy yilning 20-noyabr kuni Turkiston san’at saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirda mazkur tantanaga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, jumladan, konsert dasturi, videolavhalar, fotoko‘rgazmalar hamda ustozning ijodiy faoliyatini yorituvchi maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda.

Xususan O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan Xayrulla Lutfullayev hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan xujjatli film tayyorlanmoqda.

Mazkur tadbir san’at ahli, ustoz-shogirdlar, talabalar hamda ustozning muxlislari uchun katta madaniy voqea bo‘lishi kutilmoqda.




“O‘zbekfilm” kinokonsernida institutning ikkita kafedrasi filiallarrining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun “O‘zbekfilm” kinokonsernida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” hamda “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedralari filiallarrining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Kinematografiya agentligi Bosh direktori, „Doʻstlik“ ordeni sohibi, „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi“ Shuxratilla Rizayev, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev, O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Baxodir Muxamedov, shuningdek, taniqli kino rejissyorlar, operatorlar, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.


— Bugungi hamkorlik O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Kinematografiya uchun muhim qadamdir. Institutning ushbu kafedralar filiallarini tashkil qilinishi, milliy kino san’atimizda yangi kadrlarni kashf etishda yana bir muhim qadamlardan biri bо‘lmoqda, deydi- Shuxratilla Rizayev.

Shuningdek, u o’z so’zida “DUAL” ta’limning yo‘lga qo‘yilishi, bunday hamkorlik kinematografiyaning yangi avlodini shakllantirish sari olib borilayotgan oqilona say-harakatlardan ekanini aytdi. Bu loyiha ilm-fan, ijod va texnologiyani birlashtirishga, xalqaro talab darajasida mutahassis kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Rektor Nodirbek Sayfullayev so‘nggi yillarda institutda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ta’lim sifati va ijodiy jarayonga bo‘lgan ijobiy ta’siri haqida so‘z yuritar ekan, jumladan shunday dedi:
—Bizning asosiy maqsadimiz — talabalarga nafaqat nazariy bilim berish, balki ularni bevosita sahna, ekran va madaniyat muassasalarida amaliy faoliyatga jalb etishdir ya’ni ishlab chiqarish bilan ta’lim intigratsiyasi uyg‘unligini ta’minlash. Bugun “O‘zbekfilm” kinokonsernida ikki yangi kafedra filialining ochilishi— shu yo‘nalishdagi say-harakatlarimizning mantiqiy davomidir.

Shuningdek, u mazkur tashabbus yosh mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘qitish, milliy kino va teatr san’atini yangi bosqichga olib chiqish imkonini berishini ta’kidladi.

Rektor yangi filiallar faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, bu ishlar avvalohurmatli Yurtboshimiz tomonidan boshqa sohalarqatorida ta’limga, shuningdek, san’at va madaniyatga qaratayotgan muhim e’tibori natijasi ekanligini alohida ta’kidladi.

Baxodir Muxamedov tadbir davomida sо‘zga chiqib, “O‘zbekfilm” kinokonserni negizida ochilgan kafedra filiallari yosh ijodkorlar uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochishi, talabalar endilikda o‘z bilimlarini amaliyot jarayonida, haqiqiy ijodiy muhitda mustahkamlashini aytib о‘tdi. Uning ta’kidlashicha bu hamkorlik kelajakda milliy kinomiz taraqqiyoti uchun yangi avlod professional mutaxassislarini yetishtirishda muhim o‘rin tutadi.



Shundan sо‘ng ishtirokchilar O‘zbekfilm” kinokonsernida kafedra filiali uchun tashkil etilgan xona bilan tanishdilar.
Bu yerda bо‘lib о‘tgan uchrashuv davomida О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi Abdurahim Ismoilov, taniqli kinorejissyorlar О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimlari Jahongir Qosimov hamda Hilol Nasimov, kinoshunos, san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent Oybek Kopadze, oliy toifali operator Azizbek Arzikulovlar mazkur tashabbusni qо‘llab-quvvatlashar ekan, bu boradagi samimiya fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
Ikki ijodiy tashkilot ishlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.


Qizg‘in kechgan ijodiy suhbatlar sо‘ngida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va “O’zbekfilm” kinokonserni о‘rtasida memorandum imzolandi.




Moskva viloyatida «O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining madaniy- gumanitar qirrasi» panel sessiyasi bo’lib o’tdi

21- 23 oktabr kunlari Moskva viloyatida o’tkazilgan O’zbekiston va Rossiya hududlararo kengashining II-yig’ilishi tadbirlari doirasida «O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining madaniy- gumanitar qirrasi» panel sessiyasi bo’lib o’tdi.

Unda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov rahbarlagidagi delegatsiya tarkibida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.

Rektor sessiyada «Madaniy ta‘lim sohadagi O‘zbekiston va Rossiya aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari» mavzusida ma’ruza qildi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri o’rinbosari Andrey Malishev va Rossiya teatr san’ati instituti – GITIS rektori Grigoriy Zaslavskiy bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shuningdek, Moskva shahrida joylashgan G‘alaba muzeyi hamda VDNXning «O‘zbekiston» paviloni ekspozitsiyalari bilan tanishildi.




“Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi

Sir emaski bugungi kunda yoshlar mislsiz hajmdagi ma’lumotlar oqimiga duch kelmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularga turli xil fikrlar, g‘oyalar va qarashlar yetkazilmoqda.
Afsuski, ushbu axborotlar orasida jamiyatimiz mentalitetiga yot bo‘lgan, zararli va hatto yoshlar ongiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar ham uchraydi.

Shu bois yoshlarni turli buzg‘unchi oqimlar va yot mafkuralardan asrash, ularni to‘g‘ri yo‘lga yetaklash jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Ana shunday dolzarb masalalar yuzasidan bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti Mirodil Haydarov, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo’yicha rektor maslahatchisi Alisher Ischanov hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i Jahongir Karimovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Mirodil Haydarov bugungi axborot texnologiyalari yuksak sur’atlarda rivojlanayotgan bir davrda axborotni saralash madaniyati, yolg‘on va soxta xabarlarni aniqlash, ularni ishonchli manbalardan tekshirish kabi masalalar haqida atroflicha fikr yuritdi.
U ta’kidlaganidek, ayniqsa diniy ma’lumotlarni olishda har bir yosh rasmiy va ishonchli sahifalarga murojaat qilishi zarur. Zero, noto‘g‘ri manbadan olingan birgina ma’lumot ham inson tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Suhbat davomida talabalarning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.

Tadbir yoshlar ongida ma’rifat, tanqidiy fikrlash va mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.




“Yangi davr estrada san’ati: ma’naviy, badiiy, ta’limiy kontekstda” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi tomonidan “Yangi davr estrada san’ati: ma’naviy, badiiy, ta’limiy kontekstda” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yangi O‘zbekistonning madaniy taraqqiyotida estrada san’atining ma’naviy, badiiy va ta’limiy aspektlarini tadqiq va tahlil etish, estrada aktyorligi san’ati, ommaviy bayram va tomoshalar rejissurasi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini tubdan isloh etishga qaratilgan nazariy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlash anjumanning asosiy maqsadi bo‘ldi.

Anjumanda soha mutaxassislari: poytaxt teatrlari direktorlari va bosh rejissyorlari, televideniye rejissyorlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, magistr va iqtidorli talabalar bilan birgalikda Respublikadagi madaniyat va san’atga ixtisoslashgan ta’lim muassasasalari direktorlari, shuningdek, pedagoglari faol ishtirok etdi.

Dastlab, anjumanni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib, Yangi O‘zbekiston ma’naviy-madaniy qiyofasini shakllantirishda san’at, xususan estrada san’ati va ommaviy bayram, tomoshalarning tutgan o‘rni, sohadagi yutuqlar va mavjud kamchiliklar, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ta’lim muassasalari hamda ijodiy ishlab chiqarish tashkilotlari bilan mustahkam integratsiyani yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi va anjuman ishiga omad tiladi.

Konferensiya yalpi majlisida san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhabbat Tulyaxodjayevaning “Zamonaviy estrada san’atining badiiy-estetik ahamiyati, televizion kliplardagi zamonaviy tendensiyalar, yutuq va kamchiliklar” mavzusidagi, professor Jahongir Mamatqosimovning zamonaviy ommaviy bayramlar rejissurasidagi innovatsion texnologiyalarning qo‘llanilishi, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash holati, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam integratsiyani o‘rnatish, kadrlar tayyorlashdagi mavjud muammolar va yechimlar” mavzusidagi, “OXUS Culture” tashkiloti rahbari Husniddin Atoning “Ommaviy bayram va tomoshalar hamda xalqaro festivallarni tashkil etish yuzasidan xorijiy tajribalar” mavzusidagi, professor v.b. Ramz Qodirovning “Aktyorlik san’ati ixtisosliklarida sahna nutqini o‘qitish spetsifikasi, xususan estrada aktyorlarining sahnaviy nutqini rivojlantirishning spetsifik asoslari” mavzusidagi, “Rapid Company” rahbari, rejissyor, klipmeyker Rauf Nabiyevning “Zamonaviy media olamda sun’iy intellektdan foydalanishning ahamiyati va bu borada O‘zbekiston sharoitida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, sanatshunoslik fanlari boyicha falsafa doktori (PhD) Charos Raximova «Milliy o‘zlikni anglashda estrada san‘atining ahamiyati» mavzusidagi, shuningdek, San‘atshunoslik fanlari nomzodi, professor Lola Gʻaniyevaning “Yangi davr estrada san‘atida ijrochilik masalalari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Har bir ma’ruza anjuman ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qabul qilindi va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Shundan so‘ng anjuman “Estrada san’ati dolzarb masalalari: an’anaviylik va zamonaviylik kontekstida” va “Estrada san’atida kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari” mavzularida ikki sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi.

Unda sohaning rivojlanishiga qaratilgan 50 dan ortiq ma’ruza tinglandi. “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi tomonidan olib borilayotgan o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishtirildi.

Konferensiyaning ilmiy-amaliy jihatlarini e’tiborga olib konfrensiya ishtirokchilari uchun “Estrada aktyorligi san’ati” 3-kurs talabalari ishtirokida professor Temur Rashidov tomonidan sahnalashtirilgan “Kuz” spektakli namoyish etildi. Spektakl muhokamasida uning yuksak badiiy saviyada va aynan estrada teatri spetsifikasiga mos sahnalashtirilganligi ta’kidlandi.

Anjuman yakuniga ko‘ra: estrada san’atining ijtimoiy hayotimizdagi madaniy ahamiyati tahlil qilinib, istiqbolli rejalar ishlab chiqildi. Estrada aktyorlik san’ati va ommaviy bayram va tomoshalar rejissyorlarini tayyorlashning dolzarb masalalari tahlil qilindi. Ommaviy bayram va tomoshalarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan jahon tajribasi tahlil qilindi, professor-o‘qituvchilarning rivojlangan davlatlarda malakasini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Tadbir so’ngida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.