Institut professor-o`qituvchilari va magistrantlari Turkiyada bo`lib o`tgan “International Students Social Sciences Congress IV” xalqaro kongressda ishtirok etishdi
Joriy yilning 22–28 oktabr kunlari Turkiyaning Izmir shahrida Urdun Yermek universiteti hamkorligi va TUBITAK tashkilotining ko‘magida Izmir Katip Celebi universitetida “International Students Social Sciences Congress IV” xalqaro kongressi o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Munavvara Abdullayeva, dotsent Zamfira Axmedova, katta o‘qituvchi Qahramon Madrimov hamda magistratura bosqichi 2-kurs talabasi Jasurbek Egamberdiyev o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi.

Ularning ma’ruzalari kongress tinglovchilari tomonidan katta qiziqish va iliq taassurotlar bilan qarshi olindi. Tadbir davomida xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur kongress ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash, kelgusida xalqaro ilmiy almashinuv dasturlari faoliyatini rivojlantirish uchun
muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, Izmir shahrida Ege universiteti prorektori professor Mehmet Ersoy hamda Turkiy davlatlar hamkorligi va Orhun almashinuv dasturi koordinatori Kenan Dogan ishtirokida turkiy davlatlardan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot chog‘ida Orhun almashinuv dasturi doirasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularning malakasini oshirish hamda ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi professori Munavvara Abdullayeva, dotsent Zamfira Axmedova, katta o‘qituvchi Kahramon Madrimov hamda magistratura talabasi Jasurbek Egamberdiyev ham faol ishtirok etishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alar almashishdi.

Bundan tashqari, Ege universiteti vakillari tashabbusi bilan Izmir shahrining “Qozoq milliy vodiysi” deb ataluvchi fermer xo‘jaligida “Turkiy davlatlar birligi” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Orhun almashinuv dasturi ishtirokchilari — turkiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan o‘qituvchilar va talabalar qatnashishdi. Dastur davomida turkiy xalqlarning milliy urf-odatlari, madaniy merosi va tarixiga oid ma’lumotlar taqdim etildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Qadimgi turkiy xalqlarga xos chavandozlik, o‘q otish kabi sport turlaridan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida professor Munavvara Abdullayeva Turkiya Respublikasi hamda Turkiy davlatlar hamdo‘stligi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Izmir shahridagi Dokuz Eylül universiteti Sahna san’ati fakulteti o‘qituvchilari va talabalari bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillarining uchrashuvi Sabancı Kültür Sarayıda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi o‘quv jarayoni, sahna mashg‘ulotlari, ta’lim tizimi va ijodiy faoliyat bo‘yicha tajriba almashinuvi amalga oshirildi.
“ERASMUS” va “Orhun almashinuv” dasturlari doirasida talabalar almashinuvi masalalari muhokama qilindi. Muloqot yakunida Dokuz Eylül universiteti tomonidan institutimiz a’zolariga tashakkurnomalar topshirildi.
Umuman olganda, mazkur safar davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari nafaqat xalqaro ilmiy maydonda o‘z faoliyatlarini muvaffaqiyatli namoyon etishdi, balki Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali hamkorlik yo‘nalishlarini ham belgilab olishdi.