«San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjumani

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan «San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.

«Renessans» kino uyida tashkil etilgan mazkur anjumanda yurtimiz va jahon darajasidagi nufuzli mutaxassislar o’z ma’ruzalari bilan ishtriok etdilar.

Anjuman doirasida tashkil etilgan yalpi majlisni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochar ekan, jumladan shunday dedi: — Barchangizni ushbu nufuzli ilmiy anjumanda ko‘rib turganimdan bag‘oyatda mamnunman. Globallashuv va integratsiya shiddat bilan kechayotgan bugungi davrda milliy madaniyatni zamonaviy jarayonlarga moslashtirish, uni xalqaro miqyosda tanitish va rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Prezidentimiz tashabbuslari asosida qabul qilinayotgan strategiyalar, davlat dasturlari va huquqiy hujjatlar soha rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

San’atshunoslik va madaniyatshunoslik fanida dolzarb masalalar chuqur o‘rganilmoqda, ilmiy tahlil, bahs va munozaralar, yangi nazariy qarashlar shakllanmoqda. Shu jihatdan, “San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman nafaqat muammolarni muhokama qilish, balki ularning yechimlari bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tashabbuslar ilgari surish uchun keng maydon vazifasini bajaradi deb ishonch bildiramiz.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov hamda Kinematografiya agentligi Bosh direktori Shuxratilla Rizayevlar so‘zga chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ular o‘z nutqlarida mazkur tadbirning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdilar. Videoaloqa orqali konferensiya ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan Tyantszin musiqa konservatoriyasi prezidenti janob Vang Xonvey murojaat qildi.

Shuningdek yalpi majlisda Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti rektori, professor Jeyran MAHMUDOVAning “Ozarbayjonda madaniy ta’limning dolzarb masalalari”, Qozon davlat madaniyat instituti rektori, professor Roza AXMADIYEVAning “Rossiya xalqlari etnomadaniy an’analarini aktuallashtirish”, Oltoy davlat madaniyat instituti rektori, professor Olesya KUTKINAning “Badiiy ta’lim tashkilotlari va madaniyat muassasalarining kasbiy hamkorligi davlatning ijtimoiy-madaniy sohasini rivojlantirish sifatida”, Sungkyul universiteti professori JIN-HVAN RAning “Ijtimoiy uygʻunlik sari: oʻzgalar qarashlarini jamiyat fikr-mulohazalariga singdirish”, Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Muhabbat TULYAXODJAYEVAning “Soʻzlovchi mizansahnalar: rejissura san’atida asarning gʻoyaviy-tematik mazmuni ifodasi sifatida”, Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abduxalil MAVRULOVlarning“ Oʻzbekiston tarixi – madaniyat tarixi” nomli ma’ruzalari tinglandi. Yalpi majlis so’ngida ma’ruzachilar sertefikat va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Anjuman “San’atshunoslikning dolzarb masalalari: an’anaviylik va zamonaviylik” hamda “Ijtimoiy-madaniy faoliyatda integratsion va transformatsion jarayonlar” nomli sho‘balarda davom ettirilib, 40 ga yaqin ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiya ma’ruzalari to‘plam sifatida nashr etildi.




2025-yil 18-oktabr kuni soat 12.00 da Sobirovaning dissertatsiyasi muhokamasi.

E’LON

2025-YIL 18-OKTABR KUNI SOAT 12.00 DA O‘ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT VA MADANIYAT INSTITUTI HUZURIDAGI ILMIY DARAJA BERUVCHI

PhD.08/28.08.2020.San.121.01 RAQAMLI ILMIY KENGASH ASOSIDAGI BIR MARTALIK ILMIY KENGASH MAJLISI BO‘LIB O‘TADI

 KUN TARTIBI:

Sobirova Oygul Alimovnaning 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (musiqa ta’limi) ixtisosligi bo‘yicha Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarining metodik kompetentligini rivojlantirish texnologiyalari mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi muhokamasi.

Majlis O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “A” binosi,

2-qavat, majlislar zalida 12.00 da boshlanadi.

 Dissertatsiya qo‘lyozmasi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti

Axborot-resurs markazida tanishish mumkin.




2025-yil 18-oktabr kuni soat 10.00 da Sobirov Navro‘zbekning dissertatsiyasi muhokamasi

E’LON

2025-YIL 18-OKTABR KUNI SOAT 10.00 DA O‘ZBEKISTON DAVLAT SAN’AT VA MADANIYAT INSTITUTI HUZURIDAGI ILMIY DARAJA BERUVCHI

PhD.08/28.08.2020.San.121.01 RAQAMLI ILMIY KENGASH ASOSIDAGI BIR MARTALIK ILMIY KENGASH MAJLISI BO‘LIB O‘TADI

KUN TARTIBI:

Sobirov Navro‘zbek Xakimjon o‘g‘lining 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (musiqa ta’limi) ixtisosligi bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalari talabalarida sozandalik mahoratini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi muhokamasi.

Majlis O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “A” binosi,

2-qavat, majlislar zalida 10.00 da boshlanadi.

Dissertatsiya qo‘lyozmasi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti

Axborot-resurs markazida tanishish mumkin.




Xitoy bilan hamkorlikning yangi bosqichlari

Xitoy bilan hamkorlikning yangi bosqichlari O‘zbekiston davlat san‘at va madaniyat instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Baxtiyor Yakubov hamda institut Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi direktori Maksim Savochkinlar shu yilning 19–20 sentabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Chanchung shahridagi “Szilin” xalqaro ta’lim universitetida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok etishdi.

Universitet prezidenti xonum Sin He bilan kechgan samimiy muloqot chog’ida prorektor Baxtiyor Yakubov taklif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori professor Nodirbek Sayfullayevning mazkur universitetning 30 yillik yubileyi munosabati bilan bildirgan tabrigini yetkazdi.

Xonum Sin He tashrif uchun о‘zining cheksiz minnatdorligini aytarkan, ushbu uchrashuv ikkala oliygoh o‘rtasida samarali hamkorlikning yangi bosqichlari bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng Szilin Xalqaro Ta’lim Universiteti Xalqaro San’at Akademiyasi tashabbusi bilan Akademiya direktori Van Szyanxuey, prorektorlar Go Tinszyun va Van Chjo hamda professor-o‘qituvchilar jamoasi ishtirokida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida san’at ta’limi sohasida hamkorlikka bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv universitet yubileyi tadbirlarining muhim qismi bo‘lish bilan birga, san’at ta’limi yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va madaniy almashinuvni rag‘batlantirish uchun imkoniyat bo‘ldi.

Suhbat davomida Van Szyanxuey O‘zbekistonlik mehmonlarni samimiy qutlab, universitetning 30 yil davomida til ta’limi, san’at yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlikda erishgan asosiy yutuqlari haqida ma’lumot berdi. U Xalqaro San’at Akademiyasi «san’at + xorijiy til + raqamli texnologiya» integratsiya modeli asosida innovatsion rivojlanishga alohida e’tibor qaratganini ta’kidladi va mazkur uchrashuv qo‘shma rivojlanishning yangi yo‘llarini izlashda muhim qadam bo‘lishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida, prorektor Baxtiyor Yakubov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tarixi va o‘ziga xos ta’lim yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. Ikki mamlakat o‘rtasida san’at ta’limi, ilmiy-tadqiqot hamkorligi va talabalar almashinuvini yanada rivojlantirish istagini bildirdi.

Muloqot jarayonida tomonlar kurslar yaratish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, san’at ko‘rgazmalari hamda ilmiy hamkorlik kabi yo‘nalishlarda istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. «2+2» ikki diplomli bakalavriat, «2+3» bakalavriat–magistratura hamkorlik dasturlari, shuningdek, xalqaro yozgi maktab loyihalari ilgari surildi. Ishtirokchilar mazkur uchrashuv Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida san’at ta’limi sohasida «yagona taqdir hamjamiyati»ni barpo etish yo‘lida muhim bosqich ekanini ta’kidlab, ikki mamlakat yosh avlodlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini qayd etdilar.

Shundan sо‘ng uzoq muddatli do‘stlik va hamkorlik timsoli sifatida tomonlar bir-birlariga madaniy ramziy to‘hfalar topshirishdi. Rasmiy qismdan so‘ng mehmonlar universitet kutubxonasi, xalqaro ta’lim Markazi va «Global qishloq» amaliy ta’lim bazasi bilan tanishdilar. Shuningdek, ular universitetning ilmiy yutuqlari va ta’lim imkoniyatlari, talabalar tomonidan tayyorlangan amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi, universitet yubileyiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar hamda Szilin viloyati madaniyati va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

Ishtirokchilar universitetning 30 yillik rivojlanish yo‘lida erishgan natijalarini, uning madaniy muloqotni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini, xalqaro mutaxassislar tayyorlashdagi tajribasini va «Bir kamar – bir yo‘l» tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdagi faolligini yuqori baholadilar.

Xizmat safarinig ikkinchi kuni Xitoy va xorijiy davlatlar universitetlari prezidentlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ta’lim jarayonini raqamlashtirish va qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Konferensiyada xalqaro hamkorlik zamonaviy ta’lim makonini shakllantirishda, globallashuv sharoitida samarali faoliyat ko‘rsata oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillarining Szilin Xalqaro Ta’lim Universitetiga bо‘lgan safari ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishida yangi bosqich boshlanishini tasdiqladi. Erishilgan kelishuvlar va belgilangan loyihalar akademik va madaniy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratib berdi.