Ma’rifat ulashib

 

✅Ma’lumki bugungi kunda yoshlar o ‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va ularni adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda “Ma’rifat ulashib” loyihasining ahamiyati yuqori bo‘lmoqda.

✅Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. “Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukur, О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi Farog‘at Xudoyqulova hamda “Guliston” jurnali bо‘lim muharriri Baxtiyor Haydar tashrif buyurdi.

Dastlab. mehmonlar isntitutning dars mashg‘ulotlari, talabalar, xodimlar va professor-o‘qituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

✅Shundan so‘ng institutning O‘quv teatrida talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda yoshlar qalbida adabiyotga mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish muhim masala ekanligi aytib o‘tildi. Qizg‘in va samimiy suhbatlar go‘zal mushoiralarga ulanib, mehmonlar o‘zlarining ijodlaridan Vatanga muhabbat, insoniy tuyg‘ular aks etgan she’rlaridan namunalar o‘qidilar.

Shuningdek, adabiyotga doir savollariga mehmonlar batafsil javob berib o‘tishdi.

Tadbir Toshkent viloyati Zangiota tumanida  37-sonli hamda 2-sonli umumta’lim maktablarida davom ettirildi.

Mazkur maktablarda ham adabiyot ixlosmandi bo‘lgan o‘quvchilar uchun o ‘zbek adabiyotining tarxi va buguni haqida batafsil ma’lumot berildi hamda ijodkor bo‘lish istagidagi yoshlar uchun kerakli tavsiyalar berildi.

Ushbu tadbirlar ham an’anaga muvofiq mushoiralar bilan yakunlandi.




“Ustozga ehtirom!” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi ishtirokchilariga

Assalomu alaykum!

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qо‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yо‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.

Turkiston san’at saroyida “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan “Ustozga ehtirom!” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu so’zlarning yana bir isboti bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Men, fursatdan foydalanib, ushbu dasturni tayyorlashda sahnada va sahna ortida ishtirok etgan barcha professor-o‘qituvchilar, jo‘rnavozlar, ishchi-xodimlar hamda talaba-yoshlarga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

Zeroki, konsertda barcha ishtirokchilar o’zlarining professional hamda yuksak ijro mahoratlarini namoyon etishdi. Shuning uchun ham bu tadbir tom ma’noda san’at va madaniyat bayramiga aylandi hamda tomoshabin-u mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Men ishonch bilan ayta olamanki, bugun ustozlari bilan bir qatorda ilk bor katta sahnaga qadam qo’ygan iste’dodli talabalarimiz, albatta, kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishadi hamda eng muhimi Yangi  O‘zbekiston san’ati va madaniyatining yanada keng tanilishiga xizmat qiladi.

Yosh iste’dod egalarini kashf etishda institutimizning ham alohida о‘rni bor. “Ustozga ehtirom!” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Kelgusida bu kabi tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazishni hamda qamrovini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Xususan, zamon qahramoni, jadid bobolarimiz va tarixiy qahramonlar hayoti, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqimiz hayotiga ta’siri aks etgan spektakllar va teatrlashtirilgan tomoshalar sahnalashtirish, milliy va zamonaviy kuy-qo’shiqlardan iborat konsert dasturlarini tayyorlash, qisqa metrajli filmlar yaratish hamda ularni yurtimizning katta sahnalarida va chekka hududlarda namoyish etish rejalarimiz bor.

Albatta, bu kabi yuksak maqsadlarni Hurmatli Prezidentimiz tomonidan san’at va madaniyat xodimlariga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda hamda institutning fidoiy va ahil jamoasi bilan birgalikda amalga oshiramiz.

Yana bir bor teatrlashtirilgan konsert dasturining yuqori saviyada o‘tishida jonbozlik ko‘rsatgan har bir ishtirokchiga, shuningdek, bizni qo‘llab-quvvatlagan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Milliy teleradiokompaniya hamda Turkiston san’at saroyi ma’muriyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori, professor.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayevning 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayevning 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlar uchun 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

 

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

So’ng, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar jarayonida o’z mehnatini ayamagan quyidagi professor-o‘qituvchi va xodimlarga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali topshirildi:

Amanulla Rizayev – “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi professori, san’atshunoslik fanlari nomzodi;

Shoira Xamidova – “Dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi dotsenti;

Manzura Yuldasheva – “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi professori;

Mansur Mamirov – “Milliy qо‘shiqchilik” kafedrasi dotsenti;

Mahmud Rashidov – “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi professori;

Uljon Mamatqulova – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimasi;

Nurnazar Kallibekov – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiali “Vokal” kafedrasi katta о‘qituvchisi;

Gulsanam Tursunova – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali “Sahna nutqi va san’atshunoslik” kafedrasi dotsenti.




O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi.

 

➡️Kengashda institutda о‘quv binolari, talabalar turar joylarida ta’lim olish uchun yetarli shart-sharoitlarning yaratilganligi, kredit-modul tizimida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, 2024/2025 о‘quv yilida grant loyihalarini tayyorlash, ilmiy maqolalarni chop etish va institut reytingini oshirish bо‘yicha olib borilayotgan ishlar, 2024/2025 о‘quv yilida institutda о‘tkaziladigan xalqaro, respublika va OTM miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, ilmiy unvon olish uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni yuborish, kafedralardagi mavjud bо‘sh-vakant о‘rinlarga “О‘zbekiston ovozi” gazetasining 2024 yil 21 avgustdagi 33-sonida berilgan tanlov tо‘g‘risida, professor-о‘qituvchilar tomonidan yozilgan adabiyotlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi Kengashda kо‘rib chiqish uchun yuborish va monografiyalarni chop qilishga tavsiya etish, talabalarining ijara xonadonlariga joylashtirilish holati kabi institut hayotiga aloqador bir qator masalalar muhokama qilindi.

❗️Ushbu masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi hamda barcha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.




O‘zbekiston-Turkiya III ta’lim forumi taassurotlari

 

Joriy yilning 27-29-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida O‘zbekiston-Turkiya III ta’lim forumi bo’lib o’tdi.

Mazkur forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbari, Oliy taʼlim kengashi raisi Odil Abdurahmonov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida 30 ga yaqin OTM rektorlari bilan birgalikda ishtirok etdik.

Forumning shoʻba yig‘ilishlari doirasida ikki davlatning 86 ta oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida B2B shaklida qator hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida 60 dan ortiq memorandum, kelishuv va shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, yangi hamkorlar topishda mazkur forumning ahamiyati juda yuqori bo‘ldi.

Jumladan, forum doirasidagi tadbirlar bilan bir qatorda, Turkiya Respublikasining Ege universiteti rektori, professor Nejdet Budak, Gaziantep universiteti rektori, professor Arif O‘zaydin, Kayseri universiteti rektori, professor Kurtulush Karamustafa, Afyon Kojatepe universiteti prorektori, professor Shuayip O‘zdemir, Anqara universiteti rektori, professor Nejdet Unuvar hamda Bartin universiteti rektori Orhan Uzunlar bilan uchrashuv o‘tkazdik.

Uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish, uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, mazkur oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar, magistrlar, ilmiy tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan konferensiya va simpoziumlarda o‘zaro professor-o‘qituvchilar ishtirokini ta’minlash, ilmiy maqola va tadqiqotlarni nashr qilishda hamkorlik qilish, videokonferensiyalar tashkil qilish, kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi muhim vazifalar qamrab olingan jami 6 ta hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Istanbul texnika universitetida o‘tkazilgan forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Folklor va etnografiya” kafedrasi o‘qituvchisi Kamoliddin Sunnatillayev ham o‘zining musiqiy chiqishi bilan ishtirokchilarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Bir so’z bilan aytganda, mazkur forumda ko‘plab ziyolilar bilan fikr va tajriba almashdik. Turkiyadagi ilmiy va ijodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishdik.

Ma’lumki, 24-27-sentabr kunlari O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ham ikki tomondan 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Bunday forumlarning ko‘plab o‘tkazilayotganidan bilish mumkinki, jahonda barcha sohalar kabi yurtimizning ta’lim tizimiga ham qiziqish yuqori.

Buni yuqori darajada bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va tadbirlarda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ham bot bot e’tirof etishmoqda.

Shubhasiz, bu e’tirof va qiziqishning zamirida Hurmatli Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohot va yangilanishlar, sohaga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassamdir.

O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor Nodirbek Sayfullayev




Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari bugun Teatr san’ati fakultetida davom ettirildi.

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari bugun Teatr san’ati fakultetida davom ettirildi.

Fakultet dekani Ma’murjon To’rayev barcha ishtirokchilarga omad tilab, sport barchamizning kun tartibimizdagi muhim mashg‘ulotga aylanishi lozimligini, zeroki, ijodkorning ijodiy kamolotida jismoniy tarbiyaning ahmiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.

⚡️Shuning bilan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining fakultet bosqichlari yakunlandi. Endi barcha g‘oliblar institut bosqichida bellashadi.




Navbatdagi dissertatsiya himoyasi o’tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.08/28.08.2020.San.121.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengashning navbatdagi majlisida Ramz Qodirovning 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (san’atshunoslik fanlari) ixtisosligi bo‘yicha “Talaba-aktyorlarda sahna nutqiga oid bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish texnologiyalari” mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi himoyasi bo‘lib o‘tadi.

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Jahongir Mamatqosimov ilmiy rahbarligida bajarilgan mazkur dissertatsiya ishi kengash a’zolari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Majlis yakunida kengash qaroriga ko ‘ra Ramz Qodirovning “Talaba-aktyorlarda sahna nutqiga oid bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish texnologiyalari” mavzusidagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi mufaqqiyatli himoya qilindi deb topildi.