O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Universitetlar hamkorligining yangi bosqichi – ikki davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili” mavzusida o‘tkazilayotgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov, Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini va Italiyaning 25 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi, shuningdek, mamlakatimizning 40 dan ortiq yetakchi oliygohlari rektorlari qatorida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.
Forum doirasida ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalari uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Shu jumladan, forumda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev dastlab Italiyaning Bari universiteti Xalqaro munosabatlar bo‘yicha prorektori Alessandro Rubino bilan uchrashdi hamda ikki oliy ta’lim muassasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumda ikki oliy ta’lim muassasi o‘rtasida o‘quv jarayonini takomillashtirish, bu borada zamonaviy usullar va o‘qitish tizimlaridan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish, mutaxassislar, bakalavrlar, magistrlar, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli asosda o‘quv-uslubiy materiallar almashish, bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini tashkil etish, birgalikda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rejalashtirish va amalga oshirish, o’qituvchilar va ilmiy xodimlar uchun ma’ruzalar, seminarlar va konsultatsiyalar tashkil etish, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, tadqiqot guruhlarini, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish markazini yaratish va boshqa ko‘plab masalalar qamrab olingan.
Uchrashuv davomida rektor ushbu forum davlatlarimizning keng ko‘lamli aloqalarining ta’lim sohasiga tadbiq etilishi ikki davlat oliy ta’lim muassasalarining kelgusi rivoji uchun ulkan imkoniyat yaratishini qayd etib, bugun o‘rnatilayotgan hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasi rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mehmonlar ham yurtimizning boy tarixi, madaniy yutuqlari hamda bugun amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlardan boxabar ekanligi, aynan keyingi sakkiz yildagi o‘zgarishlar sabab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikka jiddiy qiziqayotganlarini qayd etib o‘tishdi.
✅Ma’lumot o‘rnida ushbu universitet Italiyaning Bari shahrida joylashgan. Yevropa Universitetlar Assotsiatsiyasi (EUA) bilan faol hamkorlik qiladi. Xalqaro QS reytingiga 740-o’rinni egallagan. Universitet biotibbiyot va tabiiy fanlar bo’yicha dunyodagi eng yaxshi universitetlardan biridir. THE mustaqil universitetlar reytingida dunyo bo‘yicha 601-o‘rinda qayd etilgan.
Shundan so‘ng kuni kecha institutga tashrif buyurgan Roma Tre universiteti prorektori, professor Anna Liza Tota bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi hamda ikki oliy oliy ta’lim muassasi o‘rtasida hamkorlik bitim imzolandi. Mazkur bitim bilan ikki oliy ta’lim muassasa o’rtasidagi mustahkam hamkorlik uchun asos yaratildi.
Shuningdek, teatr sotsiologiyasi bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Anna Liza Tota O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti unda juda iliq taassurot qoldirgani hamda kelgusida memorandum doirasida amalga oshiriladigan professor-o‘qituvchilar almashinuvida o‘zi ham ishtirok etib, talabalarga seminar o‘tish istagini bildirdi.