1-bosqich talabalari institut bilan tanishtririldi

Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi tasarrufidagi “Sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi”, “Kino san’ati tanqidi va tahlili”, “Teatrshunoslik”, “San’at jurnalistikasi” ta’lim yо‘nalishlari 1-kurs talabalari uchun tanishuv darslari o‘tkazildi.

Fakultet dekani Anvar Qurbonov va “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi mudiri Faxriddin Abduvohidov barcha yoshlarni avvalo, talaba bо‘lganliklari bilan tabriklab, bu institutda o‘zbek san’atining eng taniqli namoyondalari tahsil olganliklari, ayni paytda ularning ko‘pchiligi ustoz sifatida yoshlarga san’at sir-asrorlaridan ta’lim berib kelayotgani, kelajakda bu yoshlar ham ularga munosib izdosh bo‘lish uchun ustozlar bergan ta’limni mukammal o‘zlashtirish barobarida, o‘zlari ham tinimsiz izlanishlari lozimligini ta’kidlab o‘tishdi.

Sо‘ngra kurs murabbiylari talaba-yoshlarni fakultet va institut tarkibiy tuzilmasi, ta’lim yо‘nalishlari, kafedralar tarkibi, shuningdek, institutning о‘quv-ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati bilan tanishtirdi.




O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda

➡️ Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institutda talabalarni turar joy bilan ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar hamda Mustaqilligimizning 33 yilligi va joriy o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan 1-bosqich talabalarini qutlash maqsadida “Biz bir-bo‘lsak yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga tayyorgarlik jarayonini yana bir bor ko‘zdan kechirdi.

➡️ Rektor avvalo, talabalarni turar jory bilan ta’minlash markazlari (infokiosk) faoliyati bilan tanishdi. Jarayonda farzandini Talabalar turar joyiga joylashtirish uchun kelgan ota-onalar bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida ota-onalar institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlarning adolatli va shaffof tashkil etilganini alohida ta’kidlab, buning uchun minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Shuningdek, farzandlarini turar joy bilan ta’minlash ishlari va talabalar turar joylaridagi sharoitlar ham ularga ma’qul kelganini aytib o‘tishdi.

➡️ Shundan so‘ng talabalar turar joylariga tashrish buyurib talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi hamda talabalar bilan suhbat qurdi. Suhbat asnosida institut rektori bugun yurtimizda yoshlarga о‘z iste’dodlarini namoyon qilishlari hamda о‘z kasbining yetuk mutaxassisi bо‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilganini, shu barobarda, institut xodimlari ham talabalar uchun barcha sharoitlarni yaratib berish uchun tinimsiz izlanishda ekanligini aytib o‘tdi.

➡️ Shuningdek, yangi oʻquv yilida talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini adolatli va shaffof tarzda olib borish, belgilangan reglamentga qat’iy amal qilish, birorta talaba eʼtiborsiz qolmasligi, buning uchun bor imkoniyatni ishga solish kerakligi qayd etilib, barcha mas’ullarga ushbu masalani hal qilishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda talaba-yoshlarning ta’lim olish bilan birga o’z ustida ishlashi va dam olishi uchun yetarli sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur koʻrsatmalar berildi.

➡️ Ertaga bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bayram tadbiri borasida fikr bildirar ekan Nodirbek Sayfullayev avvalo, ushbu bayram tadbirini talabalarning qiziqishlaridan kelib chiqib tashkil etish, birinchi bosqich talabalariga xush kayfiyat ulashish hamda talabalik baxtidan faxrlanish tuyg‘usini singdirish birinchi darajali vazifa ekanligini ta’kidladi.




Talabalar xorijda tajriba almashmoqda

Ayni kunlarda Rossiya Federatsiyasining Verxnyaya Pishma shahrida Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti tashabbusi bilan _Teatr_Ural “Твое время” VIII xalqaro talabalar teatr laboratoriyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yetakchi teatr institutlari – Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti, Rossiya davlat sahna san’ati instituti, Rossiya davlat teatr san’ati instituti, Boris Shukina nomidagi teatr instituti, Lugan davlat madaniyat va san’at akademiyasi, Yerevan davlat teatr va kino instituti va ilk marotaba O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ishtirok etmoqda.

Mazkur laboratoriyaning maqsadi “Aktyorlik san’ati”, “Rejissyorlik san’ati”, “Ssenografiya” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun professional start-up platformasini yaratish hamda do‘stona, ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti nomidan “Teatr san’ati” fakulteti “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi professori Jahongir Mamatqosimov hamda mazkur fakultetning Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabalari Shavkat Bazarbayev, Ruslan Rustamov ishtirok etmoqda.

Laboratoriya talabiga ko‘ra rejissyorlar, aktyorlar va ssenograflar o‘zaro hamkorlikda hakamlar hay’ati tomonidan berilgan pyesa asosida bir hafta muddatda spektakl eskizini tayyorlashi lozim. Joriy yilda teatr laboratoriyasi “Muzey makonida – teatr” mavzusida noan’anaviy sahnada, ya’ni Verxnyaya Pishma shahrida joylashgan harbiy muzey kompleksida bo‘lib o‘tmoqda. Muzey kompleksida o‘n besh mingdan ortiq harbiy texnikalar joylashgan bo‘lib, mazkur harbiy texnikalar makonida spektakl eskizlari tayyorlanishi lozim.

Institut jamoasi uchun Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti “Dramaturgiya” yo‘nalishi talabasi Shusharin Artyom tomonidan yozilgan “Do‘stona tashrif” dramasi asosida spektakl eskizi tayyorlash vazifasi belgilangan. Mazkur jarayonga ijodiy hamkor sifatida Rossiya davlat sahna san’ati instituti talabasi Arina Romanenko (ssenograf), Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti talabasi Krivoshyokov Dimitriy (rejissyor assistenti) va mazkur institutning “Drama aktyorligi san’ati” ta’lim yo‘nalishi talabalari aktyor sifatida biriktirilgan.

Teatr laboratoriyasi davomida institut jamoasi Yekaterinburg davlat teatr san’ati instituti bilan tanishib bormoqda. Professor-о‘qituvchilar mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, teatr laboratoriyasi dairasida teatrlarga tashrif va shahar bо‘ylab ekskursiyalar rejalashtirilgan.

Natijalar joriy yilning 14-sentabr kuni e’lon qilinadi.