О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun suhbat jarayoni o‘tkazilmoqda

Hukumatining tegishli (11.01.2022-yildagi 17-son) qarori bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Bugun, 14-avgust kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tegishli ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun suhbat jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonlar kuzatuv kameralari ostida hamda belgilangan talablarga monand adolatli hamda shaffof tarzda o‘tkazilmoqda.




O‘zDSMI talabalarini turar joy bilan ta’minlash maqsadida ijara xonadonlari tayyorlanmoqda

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev va rektor maslahatchisi Alisher Ishchanov, dekan o’rinbosarlari va tyutorlar yangi o‘quv yili oldidan talabalarning turar joy bilan bog’liq ehtiyojlarini hal etish maqsadida ijara uylarida bo’lishdi.

Oliy ta’lim muassasasiga yaqin hududda joylashgan ijara xonadonlaridagi shart-sharoitlar o’rganilib, xonadon egalari bilan suhbatlashildi. Shuningdek, talabalarning moddiy holatini inobatga olgan holda, ularni qulay narxlarda ijara xonadonlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur jarayon talabalar manfaatini himoya qilish va ularga barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu orqali yigit-qizlarning bor e’tiborini bilim olish va ijodkorlik qobiliyati rivojlantirish maqsad qilingan.




Sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari

26-iyuldan 11-avgustga qadar butun dunyo e’tibori Fransiya poytaxti Parij shahriga qaratildi. Negaki bu yerda to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiri — yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari Yangi O‘zbekistonning jahonda oshib borayotgan obro‘-e’tiboriga munosib tarzda ishtirok etib, tarixiy g‘alabalar va rekordlar qayd etishdi.

Jumladan, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan medallar soni va sifati bo‘yicha dunyo miqyosida 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rinni egallagan bo‘lsak, MDH davlatlari, Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida mutlaq tengsiz bo‘ldik. Shu jumladan, boks bo‘yicha 5 ta oltin medal qo‘lga kiritgan holda mazkur sport turida dunyo miqyosida eng yaxshi natijani qayd etdik.

Diyora Keldiyorova yurtimiz tarixida dzyudo sport turida ilk oltin medal sohibasi va yozgi Olimpiya o‘yinlarida xotin-qizlar o‘rtasida ilk chempionimizga aylandi.

Bokschilarimiz — Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘stmatov hamda taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidovlar ikki karra Olimpiada chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, erkin kurash bo‘yicha Razambek Jamalov, boks bo‘yicha Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakovlar oltin medal, og‘ir atletika bo‘yicha Akbar Jo‘rayev va taekvondo bo‘yicha Svetlana Osipova kumush medal hamda erkin kurash bo‘yicha G‘ulomjon Abdullayev, dzyudo bo‘yicha Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupovlar bronza medallarini qo‘lga kiritib, eng aziz, eng ulug‘ bayram — Mustaqilligimizning 33 yilligiga munosib sovg‘a va yurtdoshlarimizga ulkan quvonch taqdim etishdi.

Shuningdek, sportchilarimiz Parij Olimpiadasida sportning futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi turlari bo‘yicha ilk bor ishtirok etishdi.

Albatta, bunday olamshumul yutuqlar va g‘alabalar zamirida Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mujassamdir.

Davlatimiz rahbari mazkur yutuqlarni oldindan ko‘ra olgan edilar. Zero, 2021-yildayoq Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘n beshtalikka kirish imkoniyatimiz borligini ta’kidlab o‘tdilar. Ko‘rib turganimizdek, bugun sportchilarimiz jahonda 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Guvohi bo‘lganimizdek, Prezidentimiz har bir g‘olib sportchimiz bilan muloqot qilib, ularni g‘alaba bilan muborak etdilar. Sportchilar va sportga bunday yuksak e’tiborni boshqa bir davlatda uchratmaysiz. Albatta, sportchi yoshlarimiz ham bunday e’tiborga munosib tarzda Yangi O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilayotganlari quvonarli hol.

Aziz yurtdoshlar, barchangizni sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etamiz!

Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor.




O‘zDSMIda yangi o‘quv yili munosabati bilan talabalar turar joyida tayyorgarlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda

Bugun О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Shohbek Ergashev barcha fakultet dekan o’rinbosarlari va tyutorlar ishtirokida 2-talabalar turar joyini borib ko‘rdi.

Prorektor tomonidan yangi oʻquv yilida birorta talaba turar joy masalasida eʼtiborsiz qolmasligi, buning uchun bor imkoniyatni ishga solish kerakligini qayd etilib, barcha mas’ullarga ushbu masalani hal qilishda aniqlik va izchillik bilan ish olib borish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda talaba-yoshlarning ta’lim olish bilan birga o’z ustida ishlashi va dam olishi uchun yetarli sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur koʻrsatmalar berildi.

Ma’lumot o’rnida aytib o’tishimiz joiz, hozirda institutga qarashli 774 nafar talabani turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega 2 ta talabalar turar joyi mavjud.




Tayinlov

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektorining tegishli buyrug‘iga asosan Sobir Turatov institutning o’quv-uslubiy bo’limi boshlig’i lavozimiga tayinlandi.

Sobir Turatov 1980-yilda Jizzax viloyatida tavallud topgan. O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini cholg’u ijrochiligi mutaxassisligi bo’yicha tamomlagan.

Tayinlovga qadar О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti cholg’u ijrochiligi va musiqa nazariyasi kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelgan.




O‘zDSMIda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar rivojiga e’tibor qaratilmoqda

9-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori boshchiligida ma’naviy-ma’rifiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda barcha prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tyutorlar hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, belgilangan vazifalar ijrosini tizimli yo‘lga qo‘yish, talabalarning institut ichki tartib-qoidalariga rioya qilishini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, talabalar turar joyini yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar sifatli ta’mirlash va yigit-qizlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim ekanligiga e’tibor qaratildi.

Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev mamlakat Prezidenti tomonidan ilgari surilgan islohotlarni amalga oshirishda har bir xodimning birdamlik va fidoyilik bilan harakat qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Qolaversa, har bir xodim oliygoh rivoji uchun o‘z vazifasiga halol va sidqidildan yondashishi lozimligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘ngida kelgusidagi aniq vazifalar belgilab olinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Topshiriqlarning ijrosi muntazam ravishda nazorat qilinishi hamda ularning bajarilish jarayoni yuzasidan hisobot berish talabi qo‘yildi.




O‘zDSMI rektori Mustaqillik bayrami tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan institut talabalari bilan uchrashdi

Mustaqillik – bu xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’mat, buyuk orzularimiz va yuksak intilishlarimiz timsoli, xalqimizning milliy iftixori, kelajagimiz poydevori. Ushbu ulug‘ ayyomni munosib kutib olish va nishonlash har birimiz uchun sharafli burchdir.

Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab katta tantanalar bilan nishonlanishi kutilmoqda. E’tiborli jihati, mazkur shodiyonalarga tayyorgarlik jarayonlarida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ham faol ishtirok etishmoqda.

8-avgust kuni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev «Yangi O’zbekiston» bog’ida bayram shodiyonalariga tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan oliygoh talabalari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ushbu jarayon ijodkor talabalarining kelgusi faoliyati uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlab o’tildi. Qolaversa, talabalarning tayyorgarlik jarayonidagi faolliklari ham e’tirof etilib, ular institut rahbariyati tomondan hamisha qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlandi. Shuningdek, talaba-yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishildi.

Uchrashuv so’ngida rektor tomonidan ayyom ishtirokchilariga institut ramzi tushirilgan futbolkalar va bosh kiyimlarni o‘z ichiga olgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.




O‘zDSMIda yangi o’quv yiliga tayyorgarlik jarayoni jadallik bilan davom etmoqda

8-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev oliygohda yangi o’quv yiliga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, o’quv binolari va auditoriyalarning holati, o’quv jihozlari yetarliligi ko’zdan kechirildi.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida xodimlarning mas’uliyatini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlanib, har bir vazifa o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi lozimligi aytib o‘tildi. Bu borada belgilangan muddatlarda amalga oshiriladigan ishlar ro‘yxati tuzilib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, talabalar turar joyida amalga oshirilayotgan o’zgarishlar va registrator ofisini (talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi) tashkil etish bilan bog’liq jarayonlar ham o’rganildi. Institut rektori mas’ullarga barcha ishlarni sifatli bajarish yuzasidan o’z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib, muhim tavsiyalar berib o’tdi.