Chelyabinsk madaniyat instituti vakillari tomonidan konsert dasturi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Chelyabinsk madaniyat instituti o‘rtasida yangi memorandum shartnomasi imzolangandi.

Bugun O‘zDSMI o‘quv teatrida Chelyabinsk oliygohining xalqaro tanlovlar lauretlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Yetuk kompozitorlar tomonidan ijro etilgan musiqalar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.




O‘zDSMI Nukus filialida Najimatdin Ansatbayevning 80 yillik yubileyi nishonlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filialida O‘zbekiston xalq artisti, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati, «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Do‘stlik» ordenlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, professor Najimatdin Ansatbayevning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.

Unda filial professor-o‘qituvchilari tomonidan Najimatdin Ansatbayevga tabriklar va sovg‘a-salomlar yo‘llandi. Konferensiya so‘ngida konsert dasturi namoyish etildi.




«Debyut-2023» respublika ko‘rik-festivali muhokamasi bo‘lib o‘tdi

29-noyabr kuni «Renessans Holl» majmuasida «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi doirasida o‘tkaziladigan «Debyut-2023» respublika kinofestivalini tashkiliy jarayonlari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matjonov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov, oliygoh kafedra mudirlari hamda kino sohasining taniqli namoyondalari va taniqli jamoat arboblari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mas’ul shaxslar tomonidan «Debyut-2023» respublika kinofestivalini o‘tkazishga doir loyihalar taqdimoti namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbek kinosi — yangi nigoh» kino oyligi 4–22-dekabr kunlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham ishtirok etadi.




O‘zbek kinosi dovrug‘ini birgalikda yuksaltirish sari

Xabaringiz bor, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda tashkil etilishi rejalashtirilgan kinooylik doirasida «Oltin Humo-2023» milliy kinotaqdimoti o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, yosh kinoijodkorlar ishtirokida «Debyut-2023» qisqa metrajli filmlar tanlovi va boshqa bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Mazkur kinooylikda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etadi.

Bugun oliygoh rahbariyati boshchiligida mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish hamda undagi ishtirokchilar qamrovini oshirishga doir yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda kinooylikni muvaffaqiyatli o‘tkazish, bu orqali yangi iqtidorlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga oid topshiriq va vazifalar belgilandi.

Qayd etish joiz, birgina «Debyut-2023» qisqa metrajli filmlar tanlovi uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari tomonidan suratga olingan 47ta film qabul qilingan.




Oqilxon Ibrohimov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida musiqashunos olim, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon Ibrohimovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan «O‘zbek musiqiy merosining ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyati» mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyani oliygoh rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berdi.

«So‘nggi yillarda madaniyat va san’at sohasiga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. So‘zlarimning isbotini statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Hukumatimiz tomonidan hozirga qadar 200dan ortiq qaror va farmoyishlar e’lon qilindi. Bu haqda baralla aytsak arziydi. Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan mukammal va oqilona olib borilayotgan islohotlar samarasi hisoblanadi.

Musiqa qadimdan bizga hamnafas bo‘lib kelgan. O‘zbek musiqasi boy tarixga ega. Birgina maqom san’atining o‘zi ulkan xazina sanaladi. Albatta, ushbu sohalarning nazariya sifatida taraqqiy etishi ko‘pgina insonlar bilan bog‘liq. Ilm-fan yo‘lida ko‘pgina olimlar bir umr fidoyi xizmat qilib kelgan. Ulardan biri Oqilxon Ibrohimov edi. Ustozning birgina maqomchilik san’ati yo‘lida amalga oshirgan ishlarini sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Oqilxon aka maqom san’atining ustunlaridan biri edi. Endilikda biz ham u kishining ishlarini davom ettirmoqchimiz. Mazkur konferensiya ham buning bir debochasi deyishimiz mumkin. Bu yo‘lda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘layotgan barchaga omad tilayman», dedi Eldor Shermanov.

Yalpi majlisda san’at arboblari, xalq artistlari hamda professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Shundan so‘ng sho‘balar tashkil qilinib, unda «O‘zbek xalq musiqiy merosini tadbiq etish masalalari», «Mumtoz musiqa merosi: o‘tmishi va buguni», «O‘zbek musiqashunoslik, madaniyatshunoslik va etnomusiqashunoslik muammolari» hamda «Ta’lim tizimida milliy musiqa san’atining o‘qitilishi» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




«Zakovat» intellektual o‘yinining noyabr oyi g‘oliblari aniqlandi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Zakovat» intellektual o‘yinining noyabr oyi 4-tur bahslari o‘tkazildi.

Mazkur bahslarda oliygohda kunduzgi va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oluvchi o‘nga yaqin jamoa ishtirok etdi.

Natijalarga ko‘ra, kino, televideniye va radio san’ati fakulteti talabalari oy g‘olibi sifatida ko‘chma kubokni yana o‘zlarida olib qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bellashuvlar haftaning har shanba kunlari o‘tkazilib, unda barcha talaba-yoshlar ishtirok etishi mumkin.




O‘zDSMIda zamonaviy mehmonxona ochildi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda jihozlangan mehmonxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, xonalarni bevosita ko‘zdan kechirdi.

«So‘nggi yillarda xorijiy mamlakat oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarimiz qamrovining kengayib borishi natijasida institutimizga mahorat darslari o‘tkazish hamda tajriba almashish maqsadida tashrif buyurayotgan chet ellik professor-o‘qituvchilar va talabalarning soni sezilarli ravishda ko‘paydi. Bu esa ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib berishni taqozo etardi. Shu bois, mehmonlarga har tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur mehmonxonani qaytadan ta’mirladik. Bu yerda nafaqat xorijiy mehmonlar, balki farzandini yo‘qlab kelgan ota-onalar ham istiqomat qilishi mumkin. Bosqichma-bosqich talabalar turay joyini ham shunday ko‘rinishga keltirishni rejalashtirganmiz», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Marosimdan so‘ng institut rahbariyati tomonidan inshoot ishga tushirilishida hissa qo‘shgan xodimlarga minnatdorchilik bildirildi.




O’zDSMIda «Talabalar oqshomi» konsert dasturi namoyish etildi

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalar turar joyida yashovchi ijodkor talabalar tomonidan «Talabalar oqshomi» deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Unda talabalar darslar davomida o’zlashtirgan ijodiy mahoratlarini namoyish etib, tadbirga yig’ilgan barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Tadbir so’nggida talabalar turar joyida namunali yashayotgan talabalarga rahbariyat tashakkurnomari topshirildi.

Bunday yuqori kayfiyatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar talabalarning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazish va o’z ijodiy salohiyatini namoyish etishlari uchun muntazam o’tkazilmoqda.