USTOZGA EHTIROM

USTOZGA EHTIROM

Yaponiyaga sayohat qilgan kunlarimning birida, u yerdagi о‘qituvchi hamkasbim Yamomotadan sо‘radim:
– Sizning mamlakatingizda О‘qituvchi va murabbiylar bayrami qachon nishonlanadi, bu kunni qanday kutib olasizlar?
U meni sо‘zlarimga hayron bо‘lib javob berdi:
– Bizda bunday bayram nishonlanmaydi.
Hamkasbimning bu javobiga ishonish-ishonmaslikni ham bilmay qoldim. Boshimda bir fikr g‘ujg‘on urardi:
“Nahotki, iqtisodiyoti, ilm-fan va texnikasi dunyoda eng rivojlangan mamlakat bо‘lmish Yaponiyada о‘qituvchilarga ehtirom kо‘rsatilmaydi, ularning mehnatlari qadrlanmaydi?”
Kun yarmidan oqqanda Yamomota meni uyiga mehmondorchilikka taklif qildi, u maktabdan biroz olisroqda yasharkan. Biz birgalikda yer osti metrosiga tushdik. Buni qarangki, kechki payt aholi zich vaqtda vagonlar odamlar bilan liq tо‘la edi. Men amallab ustunni ushlab turib oldim. Shunda qarshimda о‘tirgan qari chol menga darrov joy kо‘rsatdi. Uning bu iltifotini tushunmagancha ketaverdim. Metrodan chiqqach, Yamomota kо‘ksimdagi kо‘krak nishonimga qaragancha, о‘sha cholning bо‘lgan munosabatini tushuntirib berdi.
– Bu nuroniy sening manavi о‘qituvchilik nishoningni kо‘rgan va senga hurmat bilan о‘z joyini bо‘shatib bergan.
Mening hayratim oshdi, ichimda g‘alati hislar paydo bо‘ldi. Hamkasbimning xonadoniga birinchi marta ketayotgandim, shuning uchun qutlug‘ ostonaga quruq qо‘l bilan kirib borish juda noqulay bо‘ldi. Niyatimni dо‘stimga aytgach, u meni tushunib, о‘qituvchilar uchun mо‘ljallangan katta dо‘konga olib bordi. Aytishicha, u yerda о‘qituvchilar uchun maxsus imtiyozlar bor ekan.
– Imtiyozlar faqat о‘qituvchilar uchunmi, deya undan sо‘radim.
– Yaponiyada о‘qituvchilik – eng hurmatli kasb, uning egasi esa juda qadrli shaxs hisoblanadi. Agarda, о‘qituvchilar dо‘konga tashrif buyurishsa, tadbirkorlar bundan kо‘ngillari osmonga yetadi, buni о‘zlariga sharaf deb biladilar.
Men yapon millati barcha о‘qituvchi va murabbiylarni qanchalar qadrlashini angladim. Bu kasb egalari metroda uchun alohida joylar, ular uchun imtiyozli savdo shahobchalari ishlaydi, о‘qituvchilar bironta transport yoki boshqa xizmatlardan foydalanmoqchi bо‘lsalar hech qanday navbat ham kutishmaydi. Bu voqea meni juda ta’sirlantirib yubordi va chin kо‘ngildan barcha jamiyatda о‘qituvchilar mana shunday qadrlanishlarini istadim. Axir hayot yо‘limizni ilm nurlari bilan tо‘ldirgan zot har qancha hurmat-e’tiborga va muhabbatga loyiq emasmi?!
Ustozlar, sizlarga doim ta’zimdamiz!

 

Dostonbek RAHMATULLAYEV tarjimasi

image_pdfimage_print