TEATR SAN’ATINING JAMIYAT TARBIYASIDAGI О‘RNI

“Teyotr ibratnamodur teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda kо‘zliklar kо‘rub, kar-quloqsizlar yeshitib, asarlanur”

Mahmudxо‘jа Behbudiy

Darhaqiqat, taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxо‘ja Behbudiy tomonidan aytilgan yuqoridagi fikrlar ayni haqiqat ekanligini о‘tgan davrlar kо‘plab misollarda izohlab berdiki, gо‘yo isbot talab qilmaydigan aksioma sifatida ongimizga muhrlandi. Shu о‘rinda, jadidlarning xalqni ma’rifatli qilish, jahon sivilizatsiyasidan ortda qolayotgan milatni ta’lim-tarbiyasida yangicha davrni boshlash, shariatni isloh qilish va shu asosda Turkistonni о‘rta asrlarga hos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod yetib, mustamlakachilar zulmidan ozod etish borasida san’atni, madaniyatni, hususan teatrni о‘rni naqadar muhimligini о‘z vaqtida chuqur his etaolganliklariga taqsin aytmay ilojimiz yо‘q.

TEATR SAN’ATINING JAMIYAT TARBIYASIDAGI О‘RNI
Albatta, vatanimiz mustaqillikka erishganidan sо‘ng kо‘plab sohalarda bо‘lgani kabi sa’nat va madaniyat sohasiga bо‘lgan e’tibor, milatimizning tarixan boy madaniy-ma’naviy merosini qayta tiklab uni rivojlantirishga qaratilgan harakatlar sezilarli darajada о‘sdi. Milliy san’atlarimizning teng huquqli vakili sifatida teatr san’atimizda ham yuqoridagi islohotlarning ta’siri yaqqol namoyon bо‘lmoqda. Bunga misol qilib sohadagi moddiy bazani mustahkamlashga qaratilgan amaliy ishlarni, hududlardagi qad kо‘tarayotgan zamonaviy teatr binolarini, mutaxassis kadrlarni yetishtirishga ixtisoslashgan maktablar-u oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilayotganligini va yuksak natijalar kо‘rsatayotgan ijodkorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilayotganligini keltirishimiz mumkin. Bu borada “Navrо‘z”, “О‘zbekiston bahori”, “Humo”, “Debyut”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “37+1”, “Theater.Uz” kabi yoshlar va zamonaviy mavzulardagi spektakllar festivallari, undan tashqari “Respublika an’anaviy qо‘g‘irchoq teatrlari festivallari” kabi xalqaro va respublika miqiyosida о‘tkazilayotgan kо‘rik-tanlovlarning о‘rni beqiyosdir. Quvonarlisi shundaki, sohadagi islohotlar sо‘ngi uch yilda yanada jadallashib bormoqda.
Shu о‘rinda, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan о‘zlari san’at va madaniyat sohasini rivojlantirishga boshchilik qilayotganliklarini alohida ta’kidlab о‘tishimiz lozim. Yurtboshimizning soha vakillari, ziyolilar bilan uchrashuvlarida bildirayotgan takliflari sohani rivojlantirishda asosiy dasturi amal bо‘lib xizmat qilmoqda. Aholining, xususan yoshlarning manaviyatini yuksaltirish yо‘lida san’at turlari qatorida teatrning “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bо‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bо‘yicha beshta muhim tashabbusga kiritilganligi bugungi yangi О‘zbekistonning yangicha qiyofasini yaratishda muhim omil bо‘lib xizmat qiladi, albatta. Yerga ekilgan nihol albatta bir kun kelib meva beradi deganlaridek, olib borilayotgan amaliy islohotlar ham о‘z natijasini kо‘rsatmoqda. Yutuqlarni sanayversak adog‘i kо‘rinmaydi lekin sohada yechimini kutib yotgan ba’zi bir muammo va kamchiliklar ham kо‘zga tashlanadi.

TEATR SAN’ATINING JAMIYAT TARBIYASIDAGI О‘RNI
E’tibor bersangiz, bugungi kunda teatrlarimizda sahnalashtirilayotgan spektakllar tomoshasiga kelayotgan tamoshabinlarning soni siyraklashib qolgan. Viloyat markazlaridagi va hattoki poytaxtimizdagi kо‘zga kо‘ringan teatrlarimizda ham spektakllar vaqtida kо‘plab о‘rinlarning bо‘shligini kо‘rib odamning dili xira bо‘ladi. Bunday hollar badiiy, tarbiyaviy jihatdan mukammal bо‘lgan mashhur spektakllar namoyishida ham kuzatilishi rad etib bо‘lmaydigan haqiqat. Bu kabi holatlar tomoshabinlar bilan tо‘lmayotgan teatrlarimizning iqtisodiy tomonlariga zarar yetkazishi bilan birgalikda, xalqimiz manaviyatini oshirishga qaratilgan islohotlarni jadal amalga oshirishga ham tо‘sqinlik qilishi ehtimoldan holi emas. Bu borada sohada yetishib chiqayotgan yangi kadrlar, yosh dramaturglarimizning ijodiy faoliyatiga berilayotgan kо‘mak va imkoniyatlar kо‘lamini yanada kengaytirib, ularni jarayonga kengroq jalb qilsak, maqsadga muofiq bо‘ladi. Yangicha rejalarni amalga oshirar ekanmiz, bugun jamiyatimizda kechayotgan “Bozor iqtisodiyotiga о‘tish”, “Talab va taklif” islohotlarini ham inobatga olib tomoshabinlarimizning talab va takliflarini ham atroflicha о‘rganib chiqib kamchiliklarimizga о‘z vaqtida barham berishimiz lozim. Mana shunday kamchiliklarimizdan biri, teatrlarimizda sahnalashtirilayotgan spektakllarimizning sanasi, namoyish vaqti kо‘rsatilgan afishalar, ommaviy axborot vositalarida berib borilayotgan reklamalar yetarlicha yо‘lga qо‘yilmaganligidir. Yuqorida aytib о‘tilgan muammolar yuzaga kelayotgan bir paytda, spektakllar tomoshasiga kelish istagini bildirayotgan tomoshabinlarimizning muhim axborotdan bexabar qolayotganliklari jiddiy kamchilik deb о‘ylayman. Bundan tashqari, Respublikamiz aholisining kо‘p sonli qismini tashkil etuvchi, poytaxt va viloyat markazlaridan uzoqda yashovchi fuqorolarimizning spektakllar tomoshasiga yetib kelishdagi muammolarini ham xisobga olishimiz kerak. Bizga ma’lumki, teatrlarimizdagi spektakllarning namoyish vaqti kо‘p hollarda kunning kechki qismiga, soat 18:00 dan keyingi vaqtlarga tо‘g‘ri keladi. Teatrlarimizning poytaxtda va viloyat markazlaridagina joylashganligini hisobga olsak, bu uzoqdan keluvchi tomoshabinlarimizga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Balkim, bu masalani ham о‘ylab kо‘rish kerakdir.

TEATR SAN’ATINING JAMIYAT TARBIYASIDAGI О‘RNI
Bugungi kunda teatrlarimizda namoyish etilayotgan insonni oilaparvarlikka, uning muqaddasligiga da’vat etuvchi “Chimildiq”, “Andishali kelinchak”, yoshlarni vatanparvarlikka, insoniylikka undovchi “Mirzo Ulug‘bek”, “Jaloliddin Manguberdi”, jamiyatni adolatga, ne’matlarni qadriga yetishga chaqiruvchi “Iymon”, “Tog‘larday baland bо‘l!” kabi tarbiyaviy ahamiyatga ega spektakllarimiz kо‘lamini kengaytirib ularni nafaqat poytaxtimiz va viloyat markazlarida, chekka tumanlarimizdagi madaniyat maskanlarida ham namoyishini tashkil etilishi yuksak ma’naviyatli jamiyat qurishga qaratilgan islohotlarimizning samaradorligini oshishiga xizmat qiladi. Zero, millatimizning, jamiyatimizning ertangi kuni bugungi faol amaliy ishlarimizga bog‘liq.

Murodillo MAHMUDOV
“Kino san’ati tanqidi va tahlili”
ta’lim yо‘nalishi
3-kurs talabasi

image_pdfimage_print