SEPKILLI QIZ

SEPKILLI QIZ

Mehnatkash odamlar ekinlarini yig‘ishga, chumolilar esa inini donga tо‘ldirishga ulgurdimi yо‘qmi, charxpalak bir aylanib kelguncha qish ham keldi. Kunlar sovuq. Ariqlarda oqayotgan suv yuzlari muzlagan, charxpalak esa eringandek aylanishdan tо‘xtagan edi. Qishloq kichgina hamma bir-birini taniydi. Keyin qishloqda hammani laqabi bor. Hech kim bir-birini ismi bilan chaqirmaydi. Temirchi Mohir akaga ham odamlar Mohir jovvoyi deb laqab qо‘yib olishgan. Ustaning harakteri yaxshi, birovga yomon gapirmaydi. Bekorga ota-onasi ismini Mohir qо‘ymagan. Ishining ustasi, esli-hushli inson bо‘lsin degan. Odamlar qiziqda, kun bо‘yi ishi bilan band bо‘lgan Mohir akani, birovga qо‘shilmaydi deb jovvoyi degan laqabni qо‘yib olishgan. Bitta oilaga bitta laqab yetmaydimi? Mohir jovvoyining yolg‘izgina qizi Feruzani ham maktabda tengqurlari sepkilli qiz deb ustidan kulishadi. Sochlari timqora, kо‘zi qorachig‘i bilan bir hil. Novchadan kelgan oriqqina bо‘lsa-da istarali qiz. Feruza har safar oyna yoniga kelganida kayfiyati buziladi. Uy tо‘rida tikish bilan band bо‘lib qizini maktabga yuborish ham esidan chiqqan onasining yoniga sekingina borib gap sо‘radi.
-Ona yuzimdagi sepkillar qayerdan paydo bо‘lgan, yoki sepkilli qilib tuqqanmisiz meni?
Ona qizining gaplarini eshitib nima deyishini bilmay ishini tо‘xtatdi. О‘zini huddi bunda aybdordek sezdi. Qiziga kulib qaradi.
-Seni dunyoda eng choroyli qilib tuqqanman qizim. Osmondagi oy ham sening chiroyingga havas qilardi. Dunyoda eng chiroyli oy bо‘lsa, sen undan chiroyli eding qizim. Kunlarning birida, sen hovlidagi belanchakda yotganingda oy senga hasad qilib yuzidagi dog‘larini yuzingga sepkil qilib sepibdi, qizim.
Qizcha о‘rnidan turdida yugurib borib oynaga qaradi. Qо‘li bilan yuzidagi sepkillarini siladi. Sо‘ng soatga bir qarab qо‘ydi-da sumkasini taqib maktabga ketdi.
Maktabda tengqurlariga qо‘shilmas, gohida esa tengqurlari qо‘shmas edi. Birga о‘ynasak sepkillaring sakrab bizning ham yuzimizga о‘tib oladi derdi. Sepkilli qiz bitta о‘zi yolg‘iz yurardi. Sinfida Temur degan bola bor bо‘lib, hammaga kuchini kо‘rsatish uchun zо‘ravonlik qilardi. Kunlarning birida Feruzaning mayda qilib о‘rilgan uzun sochlaridan tortib hammaning oldida sepkilli qiz deb masxara qildi. Qizcha uyiga yig‘lab qaytdi. Ertasi kuni maktabga bormadi. Kun sovuq, qor erimay kо‘cha yuzlari yaxmalakka aylangan. Qizcha ustini qalin qilib soydan suv olib kelar, otasiga ustaxonada qarashar, onasi ham tikish qilib о‘tirganida qizni tez-tez yordamga chaqirar qiz esa uy tashvishlariga о‘ralashib qolar edi. Oradan uch-tо‘rt kun о‘tdi. Qizchani esa maktabga borgisi kelmasdi. Agar borsa, kuni qanday о‘tishini yaxshi bilar edi. Qizni ahvolini onasi yaxshi bilgani uchun maktabiga borishiga majburlamasdi. Ona qizini nimagadir chalg‘isin, deb unga chevarlik sirlarini о‘rgata boshladi. Qizcha onasi о‘rgatganlarini tez о‘rganib oldi. Shu yili qish qattiq kelib, hali erib suv bо‘lishga ulgurmagan qor ustiga yana qor yog‘di. Tabiat yana kelinlar libosini kiydi. Shunday kunlarning birida sepkilli qiz soydan suv olib kelish uchun qо‘liga chelak oldida kо‘chaga chiqdi. Soy yonida tepalik. Qizcha charxpalak yonidan chelaklarini suvga tо‘ldirib ortiga qaytdi. Tepalikda chana uchub о‘ynayotgan tengqurlarini kо‘rdi. Ularga qо‘shilgisi keldi. Bolalar ichida Temur ham bor edi. U sepkilli qizni kо‘rib yoniga yugurib keldi. Qizchaning qо‘lidagi chelaklarini olib yerga qо‘ydi. Sо‘ng, qо‘lidan ushlab tepalikka olib chiqdi. Temur qizni chanasida uchirdi. Qizcha о‘zini shunchalik baxtli sezardiki, chana ustida о‘tirib qо‘llarini ikki yonga yoyganida, о‘zini parvoz qilayotgan qushdek his qilardi. Quyosh bо‘zardi. Bolalar uylariga chopadi. Sepkilli qiz ham chelaklarini kо‘tarib uyi tamon ketmoqchi bо‘ldi. Temur yugurib borib oldini tо‘sdi. Baland ovozda qizga gapirdi.
-Hoy sepkilli qiz. Yuzingni oppoq qorga ishqalasang, sepkillaring qorga qо‘shilib yuzingdan erib tushadi. Keyin chiroyli qiz bо‘lasan.
Qizga Temur yoqmasa-da lekin aytgan gaplari qizchaning kayfiyatini kо‘tardi. Yerda oyoq izi tushmagan joyidan oppoq qorni oldi. Ikkilanmay yuziga ishqaladi. Buni kо‘rgan Temur qor ustida dumalab kulishdan о‘zini tiyaolmadi. Sepkilli qiz aldanganligini sezdi. Yuzini yengining uchi bilan artdi. Kо‘zi yoshlandi, lekin buni Temurga sezdirmadi. Yerdan chelaklarini kо‘tardi-da uyiga ketdi. Shu kuni qizcha isitmalab chiqdi. Onasi qizcha yonidan bir muddat ham jilmadi. Tuni bilan boshida parvona bо‘ldi. Qizcha sekin-asta tuzala boshladi. Keyin anchagacha maktabga bormadi. Shu muddat oralig‘ida qizcha onasining yonida tikish ishlariga qarashdi. Tikishga ancha qо‘li kelishib qoldi. Oradan kunlar о‘tdi. Qorlar erib kunlar isib ketdi. Sepkilli qiz onasining qо‘lidan ishini oldi. Hali yosh bо‘lsa-da tayyor chevarga aylandi-qoldi. Qishloq ayollari kо‘ylak tiktirish uchun sepkilli qizga olib kelar, bu esa hammaning kо‘ngliga qarab aytganlaridek qilib tikib berardi. Endi qizchani butun qishloq taniydi. Sepkilli qiz endi hursand, hech kim endi unga yomon gapirmas, sepkillariga esa hech kim axamiyat ham bermas edi. Maktabga borganida tengqurlari unga yaxshi muomilada bо‘lar, doim birga yurib birga о‘ynashardi. Endi hamma uni chevar qiz deb chaqirishardi. Temur ham endi qizcha ustidan kula olmasdi. Qishda chanadan yiqilib yuzi toshga urilib chandig‘ bо‘libdi. О‘ziga “Temur chandig‘” degan nom orttirib olibdi. Sepkilli qiz endi Temurga e’tibor ham bermaydi. Qizcha nafaqat о‘zining, otasining laqabini ham insonlar qalbidan yulib tashladi. Endi yoshi katta insonlar Mohir boyni qizi, tengqurlari esa chevar qiz deb chaqirishardi. U endi doim xursandligida esa sepkillari unga biram yarashardi.

Abbos XURRAMOV
“Sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi”
ta’lim yо‘nalishi
2-kurs talabasi

image_pdfimage_print