SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR

Ayol dardi, qismati, orzu-armonlarga va baxtga tо‘la hayoti hamma uchun dolzarb bо‘lib qolaveradi. Umrning tekis-notekis yо‘llaridan, chig‘iriqli sinovlaridan kimlar omon о‘tib yashaydi-yu, kimlardir taslim bо‘lib qoladi. Bu insonning niyatiga, matonatiga, sabr-bardoshiga bog‘liq. Avvalgi “О‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida tashkil etilgan “Kinoaktyor” truppasining betakror spektakli ayol matonati mavzusida bо‘lib, uning jamoa kо‘rigi bо‘lib о‘tdi. Truppa rahbari, rejissyor Sayfiddin Meliyev amerikalik yozuvchi Tennessi Uilyamsning “Yovvoyi hayvonlar uchun shishali qafas” nomli pyesasi asosidagi inssenirovka asarini “Bir kunlik Baxt” nomi bilan yangi ijodiy ishini namoyish etdi. Muallif nafaqat dramaturg, balki publitsist, mahoratli pedagog hamdir. Uilyams ikki karra Publitser mukofotiga sazovor bо‘lgan. Mazkur asari uning ijodiy repertuaridagi eng mashhur pyesalardan hisoblanadi.
Asarning ziddiyatli voqealari bir xonadonda kechadi. Unda turmush о‘rtog‘idan ajrab, uning suratini uyi tо‘riga ilib asrovchi – ona, bir oyog‘ida nuqsoni bо‘lgan – qariqiz, hayot tashvishlaridan charchagan – uka, orzular kо‘milgan xonadonga tashrif buyuruvchi – bir kunlik mehmon hamda ularning dardini musiqiy ravishda ifodalovchi gitarachi qatnashadi. Spektakldagi ona nogiron qariqizini turmushga berishni istab, bir umr shu ezgu tilakni dilida tugib yashaydi. Tо‘satdan о‘g‘li dо‘koniga keluvchi bashang xaridor haqida sо‘z ochadi, onaning qistovi bilan xaridorni uyiga taklif qiladi. Tasodifni qarangki, о‘sha mehmon qariqiz bilan bir maktabda о‘qib, bir sahnada xor kuylagan yigit, qizning oppoq orzularga о‘rab, olovli qalbida chо‘g‘dek asrab yurgan otashin muhabbati ekani ma’lum bо‘ladi. Romantik kechadagi shirin suhbatda ular bir-birlari uchun yaralganliklarini anglashadi. Ammo yigit sevgani borligini aytib qizdan yuz о‘giradi va chiqib ketadi. U bilan birga oppoq orzular ham g‘oyib bо‘ladi.
Spektaklda mavzu о‘ta dolzarb, ilgari surilgan g‘oya esa umuminsoniy hamda zamonaviydir. Spektakl о‘z tomoshabinini topib olishiga, ayniqsa farzandining boshini ikki qilish arafasida turgan ota-onalarni ta’sirlantirib yuborishiga shubha yо‘q. Mavzuga mos muhit yaratgan dekoratsiya, psixologik pauzalar, betakror jonli ohanglar, gitaraning jо‘r ovozi insonni hayratga soladi. Sahna tо‘rida ilingan aylanma ilgakda qariqizning oq kelin kо‘ylagi va orzulari ilingan. Atrofdagi oppoq par yostiqlarga esa qora rangdagi yovvoyi hayvonlarning surati tikilgan, ular qiz qalbidagi nogiron xayollardan darak beradi. Insonning orzulari uning ishlarida namoyon bо‘lganidek, oppoq yostiq – bu qalb, undagi hayvonlar esa gо‘yoki nozik hissiyotlarni anglamayotgan odamlar. Qiz hech qayerda ishlamaydi, о‘zining ichki xayollari bilan uyida kо‘ngil ermagi – tikish bilan shug‘ullanadi. Shu yumush bilan о‘zini ovutadi. Uydan bezigan ukasi kinoga oshiqadi. Bir umr baxtsiz hayotining armonli biqiqlaridan taskin topish uchun oydin kо‘chalarni tonggacha yolg‘iz sayr qiladi. Ikki sevishgan necha yillar о‘tib bir xonadonda taqdir izmi bilan uchrashib qolishganidan xursand ona sham yoqadi. Ammo bu ramziy yorug‘lik juda ham zaif va о‘tkinchi edi. U kо‘p о‘tmay sо‘nadi. Spektakl uchun rejissyor ramziy jihozlar, musiqa va qо‘shiqlar tanlash jarayoniga aniq maqsad bilan yondashgan. Sahnada asosan oq qora ranglardan foydalanilgan. Topilmalarning bari tomoshaning badiiyligi va falsafiy yechimiga xizmat qiladi.

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR
Spektaklda aktyorlarning о‘ziga xos – personaji xarakteriga mos ijrolarda kо‘rasiz. Izrohat Murodova – ona qiyofasini jonli gavdalantirgan. Uning nigohlaridagi keskinlik, harakatlaridagi sharttakilik onaning yuragida yashirin tuganmas dardlarini oshkor qiladi. Ayniqsa, qizini nogironligini berkitib, uning baxti uchun hammadan kо‘proq kurashib yashaydi. Turmush о‘rtog‘i ancha avval tashlab ketgan bо‘lsa-da, boshqa oila qurmasdan о‘z umrini ikki farzandi iqboli uchun qurbon qiladi. Aktrisa bu obrazda ijodiy mahoratini yanada yorqin namoyon eta oldi. Xonadoniga uzoq kutilgan mehmon tashrif buyurgandagi hayajonli harakatlari, undan tez-tez vaqt xabar olgani, har chiqqanda yangi libosdagi kо‘rinishlari ayol qalbining sof mehrga, loaqal bir lahzalik Baxt va e’tiborga tashnaligi kо‘rinadi. Sahnadagi ildam hamda mag‘rurona qadamlari, egik boshi achchiq qismatini yashirayotganini anglatadi. Shartli sharoitda gitarachi yigitga jо‘rligi aktrisaning о‘zgacha mahorat qirrasini kashf etadi. Terma qо‘shiqlardagi samimiylik, jonli xonish tomoshabinni о‘zga dunyoga boshlaydi, qahramonni yashirin dardi va quvonchini oshkor qiladi.
Nogiron qiz – Ilmira Rahimjonovaning mungli nigohlari, bejo harakatlari, bazо‘r sо‘zlayotgan tillari, uning ichki dunyosi, armonlarga aylanib bо‘lgan, oyog‘i kabi chо‘ltoq hayotidan tomoshabinni ogohlantirib turadi. Aktrisaning hissiy mimikalari, suyukli yigitini kо‘rgandagi qizlik holati, nozik ehtirosli nigohlari ayol dunyosi naqadar oppoq, sirli, orzularga tо‘liq ekanligini anglatadi. Bir umr о‘zi kutib, umid qilib, xayolida yashab kelayotgan yigit, gо‘yo u ham sevadi, biroq yigit boshqa qismatni tanlagan. Sof muhabbat yetim bо‘lib qoldi. Aktrisaning ma’suma boqishlari, beg‘ubor qalbiga yashirin dardlari bilan bog‘liq tuyg‘ulari beixtiyor tomoshabinni larzaga soladi. Uni baxtli bо‘lishi uchun chin istak uyg‘otadi.
Uka personajini aktyor – Farhod Xudoyberdiyev о‘ziga xos qiyofada olib chiqqan. Achchiq qismati bitigidagi ichki dardining isyonga aylangani, ayniqsa onasi bilan bahsidagi keskin diologlarida nihoyatda hayotiy va jonli. Bir tom ostida baxtiqaro ikki ayol ona va opaning yolg‘iz suyanchi bо‘lgan voyaga yetgan о‘g‘il yelkasini kо‘tarolmay qolgan, turmush tashvishlaridan charchagan, Otasining suratini va omonat xotirasini asrovchi о‘g‘il nihoyatda dardchil. Aktyorning о‘ziga xos ijro uslubi, nigohlaridagi ma’sumlik, onasiga qarata: “ Oyi, men baqirib sо‘zlaganingizda emas, asta pichirlab gapirganingizda kо‘proq qо‘rqaman”, degan munosabatlaridagi о‘zaro muhabbat sezimlari chiroyli tasvirlangan.

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR
Mehmon rolidagi – Erkin Bozorovning tarbiyalangan plastikasi, kelishgan, istarali qiyofasi personajga xos. Aktyorning harakatlarida qizga bо‘lgan sirli munosabati oddiy va hayotiy. Gо‘yoki baxt-u saodat mana shu oddiylikda, biroq u shiddatli zamon oqimiga tushib qolgan parchadek yashayotganini his qila boshlaydi. Juda sodda hamda samimiy qiz bilan xayrlashayotganda suyuklisi bergan sharfni bо‘yniga ilarkan, о‘zi bilan birga sof tuyg‘ularini ham olib ketayotganini oshkor qiladi. Zarur sahnalarda paydo bо‘ladigan gitarachida ham maqsadga muvofiq ijroni kо‘rish mumkin. Ba’zan yakka, goho jо‘rnavoz qо‘shiqlar spektaklga badiiy ruh bag‘ishlaydi. Inson xayoloti romantikaga naqadar moyilligini kо‘rsatadi. Sobiq “Kinoaktyor” truppasining navbatdagi spektakli jahon dramaturgiyasiga murojaat bо‘lsa-da, rejissyor о‘zbekona dardni badiiy shaklda ifodalaydi. Ona va bо‘y yetgan farzandlar taqdiri bilan bog‘liq hayotiy haqiqatni yorqin dardli tomoshaga aylantiradi. О‘z farzandlarini, ayniqsa qariqizning baxtini о‘ylab har narsaga tayyor bо‘lgan onaning turli iztiroblari sahnada badiiy yaxlit tomoshaga aylangan. Tomosha zalining kichik bо‘lganligi aktyorlarni muxlislar bilan muloqotga tez kirishish imkonini bergan. Ijodiy jamoaning bu boradagi yutuqlari ham alohida tahsinga loyiq.
Millatimizga xos bо‘lgan asriy an’analar silsilasida gо‘zal tо‘ylarimizning shukuhi о‘zgacha tus olib kelgan. Ota uyida navniholdek о‘sayotgan suluv qizni turmushga berish, yor-yor sadolari ostida yangi xonadonga kuzatish, о‘lan qо‘shiqlar ohangida baxt uyi tomon eltishdek gо‘zal qadriyatlarimiz saodat uchun xizmat qilajak. Rejissyor Sayfiddin Meliyev boshchiligidagi “Turon” teatr truppasi kuni kecha shunday mavzuga yо‘g‘rilgan yangi milliy asar “О‘lan” spektaklini sahnalashtirishdi.

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR
Yozuvchi Shahodat Isaxonova qalamiga mansub shu nomli hikoyani rejissyor inssenirovka asosida sahnaga kо‘chirdi. Bosh rollarda ona – Ilmira Rahimjonova, qizi – Gulxumor Abdullayeva, о‘g‘illari – aktyorlar Davron Kaunbayev, Elmurod Shodiyev, Asilbek Eshonov, kelinlar – Feruza Sobitova, Zilola Haqberdiyeva, kelin – Dilshoda Jо‘rayeva, kuyov – Erkin Bozorov betakror ijrolarni namoyish etishdi. Ayniqsa, aktyorlar tilidan kuylangan jonli ijrodagi xalq qо‘shiqlari tomoshibanlar qalbini gо‘zal va samimiy tuyg‘ularga chorladi. Asar g‘oyasi va mazmunidan kelib chiqib tanlangan milliy qо‘shiqlar aktyorlar mahorati ostida tomoshaga о‘zgacha ruh bag‘ishladi. Xonadonda tо‘y qilib, kelin tushirishdek muqaddas odatlarimiz, tabarruk qadamlari ila ostonaga kelayotgan kelinga о‘lan aytib, umrboqiy baxt-u saodat tilashdek mо‘tabar xislatlar sahnada betakror talqinini topdi.
Tomoshabinlar mazkur spektakl borasida samimiy fikrlarini bildirishdi. Bugungi teatr ixlosmandlariga, ayniqsa, yoshlarimizga mana shunday milliy ruhdagi spektakllar kerakligi borasida xulosalar bildirildi.

Nomingga men qancha she’rlar bitayin,
Magar oxiri yо‘q, boqiy g‘azalsan.
Jonimni poyingga tо‘shab о‘tayin,
Muhabbat, muhabbat – buncha gо‘zalsan!
Lahzalar lahzaga ulangan umrim,
Poyoni kо‘rinmas nafis hislarim,
Qishda ham ochilgan kuzgi gullarim,
Muhabbat, muhabbat – shuncha gо‘zalsan!
Sen olov, otashin, chо‘g‘ yuragimda,
Sarvqomat dilbarim, kuch – bilagimda,
Unutma, visoling – jon tilagimda,
Muhabbat, muhabbat – qancha gо‘zalsan!!!

Muhabbat atalmish otashin tuyg‘u haqida asar bitmagan yozuvchi, ijodida she’r yozmagan shoir bо‘lmasa kerak! Bu tuyg‘u – inson hayotining mazmuni, baxt va saodatning poydevori, orzular olamining ustuni, cheksiz xayollarning rо‘yobidir. Atoqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning ijodida ham sevgi-muhabbat haqida yozilgan asarlar talaygina. Sayfiddin Meliyev yangidan tashkil etgan “Turon” teatr truppasida “Sarvqomat dilbarim” spektakli namoyish etildi. Yangi sahna asarida о‘ziga xos dekoratsiyalarga, g‘oyaviy izchillikka, hayotiy motivlarga asoslangan. Truppaning yetakchi uch aktyori Ilmira Rahimjonova – Xadicha, Feruza Sobitova – Asal, Erkin Bozorov – Ilyos rollarini maromiga yetkazib ijro etishdi. Inson tuyg‘ularining, ayniqsa, muhabbat atalmish inja hissiyotning hayot sinovlarida toblanishi, sevishgan qalblarning ichki sadolari, turmush qiyinchiliklari ta’sirli voqealar zanjirida ochib berildi.

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR
Prologda personajlarning poyezd ovozi ostida qо‘llarida katta jomadon va yoniq sham bilan sahnaga kirib kelishlari, insonning hayotga bо‘lgan tashrifi, tomosha vaqtidagi harakatlari umr soatlaridagi о‘tayotgan zalvorli kunlarni kо‘rsatsa, yakunda о‘z buyumlarini olib chiqib ketishlari hayotdagi sо‘nggi vidolashuv onlarini anglatdi. Rejissyor о‘z uslubidan kelib chiqqan holda spektaklda falsafiy yechimlarga alohida e’tibor qaratgan. Bosh qahramon Ilyosning yuragidagi tuyg‘ular doim kurashda yashashi, ikki qalb о‘rtasida murosada qolib, turmush sо‘qmoqlaridan tо‘g‘ri о‘tolmay qoqilishi, yoshlik xatolari, baxtli taqdirini о‘tkinchi va aldamchi hislarga almashtirgani kishini hayratga soladi. Asal rolidagi Feruza Sobitovaning betakror ijrosi, nigohlaridagi epkinlik, haqiqatan, sarv kabi tikka qomatning bejirim fusuni, sahnadagi erkin plastik harakatlar va betakror ijro qahramonning og‘ir dardini yuzaga chiqardi. Xadicha qiyofasidagi Ilmira Rahimjonovaning dardu-dunyosi, javobsiz muhabbatining ozurlari, sо‘nggi pushaymonidagi ichki afsuslari о‘ziga xos tarzda ijro etildi. Qalbidagi kemtik muhabbatining armon bо‘lib qolganligi, otashin hislarining hayqiriqlari, ayollik istaklari kо‘rsatildi.

SAYFIDDIN MELIYEV REJISSURASI: ISTIQBOLLAR, YANGICHA YONDASHUVLAR
Truppa rahbari postanovkachi rejissyor Sayfiddin Meliyev mukammal asarning sahna variantida uch aktyor bilan ishlab, yangicha talqin topgan, qirg‘iz millatining noyob asari bо‘lmish “Sarvqomat dilbarim” bizning an’analarimizga, bugungi davrda ijtimoiy turmushimizga naqadar kerakli asar ekanligini kо‘rsatgan.
Tomoshabin qalbida inson umrida bir marta tuhfa etilajak muqaddas tuyg‘u – muhabbatni asrab avaylash, sevgan yorini bir umr ardoqlash kabi insoniy fazilatlarga undovchi mazkur spektakl truppaning qimmatli repertuaridan о‘rin olganligi va eng asosiysi, buyuk adibning yubileyi arafasida sahnalashtirilganligi madaniy hayotimizda ulkan voqea bо‘ldi. О‘z kasbining fidoyisi bо‘lmish ijodkorlarga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

Dostonbek RAHMATULLAYEV
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
Matbuot kotibi

image_pdfimage_print