SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR

SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR

MUSIQA inson kо‘ngli va ruhiyatining ehtiyoji, sharafli va nafis tuyg‘ularning sarchashmasidir. Jonli ohanglar kо‘ngilning eng nozik torlarini chertib о‘tadi, hasrat-u qayg‘ularga taskin beradi, insonni ma’nan poklikka yetaklaydi.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bugun turli ma’naviy islohotlar qatorida о‘zbek milliy musiqa san’atini, ayniqsa, maqom ashulalarini yanada keng targ‘ib qilish va rivojlantirishni maqsad qilib qо‘ydilar. Shuningdek, ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning debochasida ham yoshlarimizni musiqa san’atiga oshno etish harakatlari belgilangan.

SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti О‘quv teatrida “Xalq ijodiyoti” fakulteti “Milliy qо‘shiqchilik” kafedrasining “Nazm va navo” nomli musiqiy kechasi bо‘lib о‘tdi. Kechada О‘zbekiston xalq hofizlari Orolmirzo Safarov buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azaliga bitilgan “Yaxshilig‘”, Beknazar Dо‘stmurodov Avaz О‘tar she’riga bitilgan “Bu oqshom”, Mashrab Ermatov Muqimiy g‘azaliga bitilgan “Qalandar” ashulalarini jonli xonishda kuyladilar. Ustoz hofizlarning betakror ijrolari, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayev boshchiligidagi ansamblning nozik va serjilo kuylari sahnani titratib, barcha yig‘ilganlarni larzaga soldi. О‘zbek klassik adabiyotining yetuk asarlariga bitilgan ashulalar insonga ma’naviy ozuqa beribgina qolmay, о‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ona Vatanga muhabbat, sadoqat va dо‘stlik singari muqaddas tuyg‘ularni tarannum etadi.

SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR
Tadbirda Nigora Arzimurodova Xalq kuyi bо‘lmish “To muhabbat”, Mirshod Elov hamda Nuriddin Xolboyev birgalikda ulug‘ bobokalonimiz, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy g‘azaliga bitilgan “Nasri uzzol” nomli Buzruk maqomini, Yahyobek Muqimjonov Xaziniy g‘azaliga bitilgan “Farg‘ona tong otguncha”, Doston Aminov “Savti suvora” kabi ashulalarni aytishdi. Ijrochilarning qalb qо‘ridan chiqayotgan dardli xonishlari tinimsiz qarsaklar bilan olqishlandi.

SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR
Tadbir yakunida institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev sahnaga chiqib, barchaga tashakkur izhor etdilar. Muhtaram yurtboshimiz olib borayotgan samarali islohotlarga munosib g‘ayrat sifatida mazkur “Nazm va navo” kechasini yuksak baholadilar. Shuningdek, rektor ustoz hofizlar qarshisida har oyda institutda mana shunday yuksak darajadagi “Maqom kechalari” hamda yetuk ustozlarimizning ijodiy kechalarini uyushtirishni taklif qildilar. Mazkur tashabbuslar oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan barcha talaba-yoshlar uchun muhim voqelik bо‘ladi.

SAHNANI TITRATGAN XONISHLAR
Maqom ashulalarining salobati, haybatli sadosi va vujudni titratuvchi xonishlari butun dunyoga ziyo sochmoqda. Yurtimizda о‘tkazilayotgan xalqaro festivallar ham buning yorqin misolidir. Institutda mana shunday “Maqom kechalari”ning bо‘lishi ham kelgusida talaba-yoshlarimizning tarbiyasida yuksak maqsadlar sari xizmat qiluvchi boqiy an’analar bо‘lib qoladi. Ijodkorlarimizga tuganmas shijoat tilaymiz!

 

Dostonbek RAHMATULLAYEV
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat
instituti matbuot xizmati kotibi

image_pdfimage_print