NAVOIY PATQALAMDA YOZGANMI?  YО‘Q!

NAVOIY PATQALAMDA YOZGANMI? YО‘Q!

Yaqinda “TURON – IQBOL” nashriyotida filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshevning “О‘zbek kitobat san’ati va terminologiyasi” nomli kitobi chop etildi.
Ushbu kitobda о‘zbek madaniyatshunosligida hali tо‘liq tadqiq etilmagan kitobatchilik tarixi va terminologiyasining shakllanishi, taraqqiyoti haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Qolaversa, muallif kitobatchilik sohasini о‘rganish jarayonida qadimda kashf etilgan о‘zbek qog‘ozining dunyo sivilizatsiyasiga ta’siri, qо‘lyozma san’ati, kitobatchilikda qо‘llanilgan qalam, siyoh kabi yozuv ashyolari tarixi bо‘yicha ham qiziqarli ma’lumotlar beradi.
Umuman olganda, mazkur tadqiqot о‘zbek terminologiyasi, kitob madaniyati, kitobatchilik tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarni о‘z ichiga olganligi bilan alohida xarakterlanadi.
Mazkur monografiyani о‘qish jarayonida biz hozirgi kunda kо‘zimizga oddiygina tuyuladigan kitob va uning tarixi haqida bir olam ma’lumotlar olish bilan birga, qiziq ma’lumotga duch keldik. Kо‘pchiligimiz mumtoz asarlarimiz, qadimiy qо‘lyozmalarimiz qanday yaratilgan, ular nimada yozilgan degan savolga patqalamda deya javob beramiz. Aksariyat ommaviy axborot vositalari, televideniye va boshqa vizual vositalarda qadimiy asarlar yaratish jarayonini, umuman mumtoz asarlarni kitob va patqalam obrazi orqali shakllantirishga о‘rganib qolganmiz.
Aslida-chi? Buyuklarimiz, xususan, Navoiy bobomiz patqalamda yozganmi?
Bu savolga tо‘laroq javob olish uchun muallifning о‘zi, О‘zbekiston davlat madaniyat va san’at instituti rektori, professor Ibrohim Yо‘ldoshevni suhbatga tortdik.

– Ibrohim Jо‘rayevich, yaqinda sizning “О‘zbek kitobat san’ati va terminologiyasi” nomli kitobingizni о‘qib chiqdim. Kitobdan hozirda oddiygina bir kundalik vositaga aylanib qolgan kitob va kutubxonalar bir qancha tadrijiy bosqichlarni bosib о‘tganligini, qadimda hayvonlar terisiga yozilib, hozirgi qog‘oz shakliga о‘tilguncha muayyan vaqt va tajriba kerak bо‘lgani haqidagi ma’lumotlarni bilib oldim. Xususan, dunyo kitobatchiligi tarixida qalam, patqalamning qо‘llanilishi haqidagi ma’lumotlar men uchun ham, shu bilan birga, gazetxonlarimiz uchun ham qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
– Qо‘lyozma yaratish tarixidagi eng asosiy yozuv qurollaridan birining nomi qalamdir. Qadimda uning bir qancha turlari bо‘lgan. Masalan, ulardan biri chо‘pqalam termini bilan atalgan va u yog‘ochga ishlov berish natijasida yasalgan. G‘oz patidan tayyorlangan qalam turiga nisbatan patqalam terminini ishlatamiz. Qadimda kotiblar qamish qalam bilan birga suyak yoki metallardan ishlangan qalam turlaridan ham foydalanishgan.
G‘arb dunyosida bu qalam turlari о‘rnini asta-sekinlik bilan parrandalar patidan tayyorlangan patqalamlar egallay boshlagan. Atoqli olim A.P.Kajdanning fikricha, antiq davr kotiblari, buyuk ehtimolda, patqalamdan foydalanishmagan; har holda, u davrlarga oid yunon yoki rim yodgorliklarining birontasida ham patqalamdan foydalanilganligi qayd etilmagan, aksincha, barcha matnlarda qamish qalam yodga olingan, rassom suratlarida ham, asosan, qamish qalam tasvirlangan. G‘arbda XI asrga qadar yaratilgan diniy miniatyuralarda yevangelist (injilchi)lar surati qо‘llarida qamish bilan tasvirlangan. XI asrdan keyingina Yevropada patqalam ishlatish urfga aylangan.
– Demak, patqalam tushunchasi bizga Yevropa orqali kirib kelgan?
– Rus kitoblarida, A.P.Kajdanning yozishicha, qamish qalam deyarli qо‘llanmagan. I.YE.Barenbaum qadimgi rus kotiblari yozuv ishlarida, asosan, patqalam ishlatganligini, uning g‘oz, oqqush, hatto, tovus patlaridan tayyorlanganligini yozadi . Keyinchalik qadimgi Yevropaning ayrim hududlarida, bunga taqlid sifatida Suriyada ham patqalam ishlatish bir muddat urfga aylangan.
– Osiyo mamlakatlarida qanday yozuv ashyolaridan foydalanishgan ?
– Arab qо‘lyozma kitobatchiligida yozuv qurollari sifatida qamish qalam birinchi о‘rinda turgan. Arablar ushbu yozuv qurolini qalam, mizbar, yara kabi terminlar bilan atashgan. Bu nomga hamda predmetga tarixda juda katta hurmat-e’tibor bilan qarashgan va unga har doim hamdu sanolar aytilgan. Islom dunyosida qalamning ilk ta’rifi muqaddas Qur’oni Karimda aytilgan. Qur’oni Karimning ilk nozil bо‘lgan suratlaridan birining nomi ham “Qalam” surasi bо‘lgan. Sura avvalida Alloh taolo inson zotiga ato etgan buyuk ne’mati – qalam va u bilan bitiladigan bitiklarga qasam ichib, о‘z payg‘ambari Muhammad alayhis-salomning Makka mushriklari hasad, adovat bilan u kishiga taqayotgan tuhmat – majnunlik aybidan pok ekanligini uqtiradi.
Qalam leksemasi asli yunoncha (qalamos) bо‘lib, yunon tilida “qamish”ni ifodalagan. Bu leksema о‘zbek tiliga arab tili orqali о‘zlashgan. Arab tilida qalam leksemasining ma’no anglatish kо‘lami ancha keng. Uning asosiy ma’nolaridan biri yozuv quroli ekanligi hammamizga yaxshi ma’lum.
Albatta, arab kitobatchiligi bilan о‘zbek kitobatchiligi о‘rtasida tarixiy mushtaraklik mavjud. О‘rta Osiyoga muqaddas Islom dini bilan birga, arab tili va u orqali kо‘plab arabcha sо‘zlar kirib keldi. Arabcha о‘zlashma qatlamning miqdori sohalarga kо‘ra turlicha bо‘ladi. Xususan, о‘zbek kitobatchiligida uning miqdori ancha salmoqlidir. О‘rta Osiyoda ham asosiy yozuv quroli qamish qalam bо‘lganligi va uni ifodalashda arab tilidan о‘zlashgan qalam termini qо‘llanilgani ma’lum.
Arab tilida qalam leksemasining lug‘aviy ma’nosi “kesilgan, tarashlangan, kesik”dir. Shu ma’noda qalam yozma adabiyotda kо‘plab uchraydi.
О‘rta asrlarda yaratilgan ba’zi asarlarda qalamning ta’rifini keltirishda turli stilistik bо‘yokdorlikka ega bо‘lgan xizrsifat qalam, ikki tilli qalam, gavharraqam qalam, mushkinraqam qalam, xushbо‘y qalam, tuzatish qalami, nozik naqsh sо‘zlovchi qalam, tahrir qalami kabi birikma shaklidagi terminlar ham muomalada bо‘lgan.
Xattotlik ishida kо‘llangan qamish qalam tayyorlash jarayoni ancha murakkab bо‘lgan. Qalam tayyorlash kishidan о‘ziga xos malaka va tajriba talab kilgan. Qalam yasashga mо‘ljallangan qamish turi tо‘g‘ri kelgan joydan olinmagan, ular turli joylarda yetishgan. Xususan, XVI asrning yetuk xattotlaridan bо‘lmish Fatxulloh ibn Ahmadning fikricha, Vosit shahri (Kuf va Basra shaharlari о‘rtasida joylashgan) atrofida yetishgan qamish eng oliy nav hisoblangan bо‘lsa, Amudaryo sohillarida о‘suvchi qamish о‘zining sifati bо‘yicha ikkinchi о‘rinni egallagan.
Qamishning yetishgan joyiga kо‘ra qalam turlarini anglatuvchi terminlar ham joy nomlariga kо‘ra yasalgan: vositiy, amuriy, misriy va mazandaroniy va boshqalar. Vositiy termini Kufra va Basra shaharlari orasida joylashgan Vosit degan joyda, amuriy Amudaryo sohillarida, misriy Misrda, mozandaroniy Mazan – daronda yetishgan qalam turlariga nisbatan qо‘llangan. Bu qamish qalamlarning har biri bir-biridan qamishning rangi, qattiqligi va qalinligi kabi xususiyatlari bilan farq qilgan.
Buyuk olim va shoir Umar Xayyomning yozishicha, qalamning о‘n ikki xili mavjud: ularning har birining о‘z uzunligi, yо‘g‘on-ingichkaligi va shakli bor. Xattotlar ularning har birini buyuk odamlarning nomlari bilan ataydilar. Bularning har birining о‘z qadri, о‘lchovi va shakli bor.
Qalamning ta’rifi haqida Yusuf Xos Hojibdan tortib to Alisher Navoiygacha bо‘lgan mutafakkirlar о‘zining deyarli har bir asarida aytib о‘tadi. Xususan, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida shunday deydi:
“Qalam bahri kafida turfa ishdur,
Magar daryo aro butgan qamishdur,
Ajab ermas qamish bо‘lmoq shakarrez,
Va lekin bu qamish bо‘lmish guharrez”.
Bir sо‘z bilan aytganda, qadimgi sharq xalqlarida hamisha qalam, ya’ni, qamishdan yasalgan qalamlar yordamida asarlar yaratilgan. О‘zbek, umuman turkiy xalqlar kitobatchiligi tarixida patqalamda yozilgan asarlar haqida deyarli ma’lumotlar uchramaydi. Ammo hanuzgacha ajdodlarimiz patqalamda ijod qilishgan, degan notо‘g‘ri tushuncha tasavvurimizda shakllangan. Hatto mamlakatimizning bir burchida patqalamga haykal ham qо‘yilganiga kо‘zim tushdi.
Umuman, о‘zbek kitobatchiligi san’ati ulkan bir tarix. Uni о‘rganishni boshlasangiz, ajdodlarimiz hech bir taraqqiyotga yoki ma’rifatga osmonlikcha erishmaganliklariga guvoh bо‘lasiz. Bu haqda siz nazarda tutgan kitobda batafsil tо‘xtalib о‘tganmiz.

Alimurod Tojiyev suhbatlashdi