JONKUYAR VA MAHORATLI PEDAGOG

JONKUYAR VA MAHORATLI PEDAGOG

Umrni zoye etma, mehnat qil,
Mehnatni saodatning kaliti bil.
Alisher Navoiy

Yillar о‘tgani sayin inson о‘z umrini bir-bir sarhisob qila boshlaydi. Umr bezagi – mehnat, ayniqsa, u insonlarning baxt-u saodati uchun xizmat qilishi lozim. Eng oliy mehnat yoshlarga ta’lim va tarbiya berish bо‘lsa, kasblar ichida sharaflisi murabbiylikdir. Hayot yо‘li davomida shunday ulug‘ kasbni tanlab, san’at bо‘stonida ijod qilgan va navqiron umrini baxshida qilgan jonkuyar insonlardan biri tajribali pedagog, teatrshunos olim, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Teshaboy Bayandiyev necha yillik faoliyatini ilmga sarf etdilar. Pedagog olim о‘zbek teatr san’ati taraqqiyotida о‘zining ilmiy tadqiqotlari ila kо‘plab kitoblar, ilmiy-publitsistik maqolalar, ijodiy monografiya va taqrizlar muallifi sanaladi.
Piri ustozning ijodiy ustaxonasini о‘tagan, maktabida saboq olgan hech bir shogird ilm-fan yо‘lida qoqilmaydi, sohadagi faoliyatida adashmaydi. Olimning “Teatrshunos tanqidchi emas, aslida teatrning dо‘sti bо‘ladi”, degan sо‘zlari shogirdlar uchun shiorga aylangan.

JONKUYAR VA MAHORATLI PEDAGOG

Dars jadvaliga muvofiq auditoriya talaba-yoshlar bilan tо‘lgan, kirish qо‘ng‘iroq chalinadi va eshik ochilib domla kirib keladilar. Nuroniy qiyofada, qо‘llarida doimo kitob bо‘lib, eng qiziq mavzulardan ma’ruza boshlaydilar. Biz esa ularning kasb chо‘qqisidagi pillapoyalari bilan qiziqdik. “Pedagoglik faoliyatimni ilk bor 1968 yili avvalgi A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat san’at va rassomchilik instituti (hozirgi О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning “Teatrshunoslik” kafedrasida katta о‘qituvchi lavozimida boshlagan bо‘lsam, 1970 yili dotsent, 1970-1974 yillari “Teatr san’ati” fakultetining dekani, 1974-1985 yillari shu instituning о‘quv ishlari bо‘yicha prorektor lavozimlarida ishladim. Hozirgi kunda “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasida pedagoglik kasbiy faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Yuzlab ilmga chanqoq shogirdlar chiqardim, jonajon teatrlarga qadam ranjida etib, minglab spektakllarni tomosha qildim va ularning umrboqiyligi uchun kichikkina bо‘lsa-da hissa qо‘shganimdan behad baxtiyorman”– deya faxr bilan ammo kamtarona takidlaydi domla.
Darhaqiqat, ustozning teatrshunoslikka oid kо‘plab asarlari va о‘quv darsliklari ijodiy repertuaridan о‘rin oldi. “Mariya Kuznetsova”, “Zamira Xidoyatova”, “Qoraqalpoq teatri tarixi”, “Teatr i vremya”, “San’at masalalari teatrshunos nigohida”, “О‘zbek teatrida milliy g‘oya talqini”, “Teatrshunoslik asoslari” kabi nashrlar shular jumlasidandir.
Hurmatli professorda yuksak insoniy sifatlar: kamtarlik, samimiylik, shogirdlarga ota singari mehr kо‘rsata bilish, yoshlarni doimo yaxshi va ezgu ishlar qilishga da’vat etish, jonkuyarlik mujassam. Eng asosiysi, pedagogning noyob shogird sevarlik fazilatining tuganmasligi kо‘ngilni quvontiradi.
Teshaboy Bayandiyev domla hozirda muborak 88 yoshni qarshiladilar. Bugun professor sanoqsiz shogirdlar bag‘rida, el ardog‘ida, ahil va birodar jamoa orasida hormay-tolmay mehnat qilib, ilmga tashna talaba-yoshlarga saboq berib kelmoqdalar.
Yurtimizda bilimli va iste’dodli yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratilayotgan bir davrda professor Teshaboy Bayandiyevdek mas’uliyatli, jonkuyar mahoratli pedagoglar safi yanada ortishini, domlaning umrlari uzoq bо‘lishlini chin dildan tilab qolamiz!

JONKUYAR VA MAHORATLI PEDAGOG

 

Adiba UMAROVA,
Dostonbek RAHMATULLAYEV
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti magistrantlari

image_pdfimage_print