1

Xalq ijodiyoti fakulteti “Folklor va etnografiya” kafedrasi tomonidan filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Malik Murodov nomi berilgan xona topshirildi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yо‘ldoshevning tashabbusi bilan mazkur oliy о‘quv yurtida yana bir xayrli ishga qо‘l urilgan edi. Buyuk san’atkorlar, taniqli aktyorlar, adabiyot, san’at va madaniyat arboblari xotirasiga hurmat-ehtirom kо‘rsatish, ularning hayoti, ijodi haqida talabalarga yanada kengroq ma’lumot berish, faoliyatlaridan yoshlarni kо‘proq xabardor qilish maqsadida amaliy va nazariy mashg‘ulotlar о‘tkaziladigan xonalar ushbu madaniyatimiz va san’atimiz namoyondalarining nomlari bilan atala boshlandi. Bugungi kunda ushbu hayrli ishlar davom etmoqda.

Jumladan, Xalq ijodiyoti fakulteti “Folklor va etnografiya” kafedrasi D 0-3 auditoriyasiga о‘zbek folklorshunoslik ilmining buyuk namoyondalaridan biri, xalq ijodiyoti, folklor va etnografiya sohasi rivojiga о‘zining munosib hissasini qо‘shgan olim, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Malik Murodov nomi berilgan edi. Bugun
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yо‘ldoshev ushbu xonaga tashrif buyurdi va xonadagi ko‘rgazmali jihozlar bilan tanishdi. Suhbat jarayonida zahmatkash olimning sermahsul ijod va mehnat faoliyati xotirlandi. “Malik Murodov talabchan, ma’suliyatli inson edi. O‘z umrini xalq og‘zaki ijodi madaniyati va o‘zbek xalqi madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga xizmat qilishsiz tasavvur etmagan. U kishi Respublika matbuotida deyarli har doim chiqishlar uyushtirgan. O‘zbek folklorshunosligining tolmas targ‘ibotchisi edi”, – dedi institut rektori Ibrohim Yuldashev.

Malik Murodov 1933-yilning 20-iyulida Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumani, Chortoq qishlog‘ida tavallud topgan. 1950-1955- yillarda Toshkent davlat universitetida tahsil olgan. O‘zbek folklorshunosligining otasi Hodi Zarif undagi folklorshunoslikka bo‘lgan qiziqishini bilib, uni O‘zRFA Til va adabiyot ilmiy tekshirish institutining Folklor bo‘limiga ishga chaqiradi, u shu joyda aspiranturani tugatib, katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritadi. 1979-yildan to 2001-yilga qadar Abdulla Qoditiy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida katta o‘qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida ishlagan. 1993-yilda” O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni berilgan.
Yangilikka intiluvchan institut jamoasi tomonidan tashkil etilgan bu kabi о‘ziga xos ta’lim jarayonlari mazkur ijodiy ustaxonalarda tahsil olayotgan talaba-yoshlarni ushbu buyuk shaxslarga nisbatan hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, ularning hayot yо‘li, ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishishlari, yaratgan asarlarini yanada chuqurroq о‘rganishlariga xizmat qiladi.

 

Matbuot kotibi