Professor Aziz Oppoqovich To‘rayev qutlug‘ 85 yoshni qarshi oldi

Professor Aziz Oppoqovich To‘rayev qutlug‘ 85 yoshni qarshi oldi
Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining sobiq rektori, tarix fanlari nomzodi, professor Aziz Oppoqovich To‘rayev qutlug‘ 85 yoshni qarshi oldi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yo‘ldoshev ushbu qutlug‘ sana bilan qutlash uchun Aziz Oppoqovichning xonadoniga tashrif buyurdi.
“Sizning madaniyat institutida ko‘p yillik rektorlik faoliyatingiz tajriba o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Biz Sizning tajriba va o‘gitlaringizdan doimo foydalanib kelamiz. Qolaversa, Sizning butun mehnat faoliyatingiz barchamiz uchun o‘rnakdir. Madaniyat va san’at sohasida qilgan fidokorona mehnatlaringizni e’tirof etgan holda Siz tomoningizdan yaratilgan ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy ishlar, o‘quv adabiyotlari va ilmiy maqolalaringiz bugungi kunda soha xodimlari va talaba yoshlarga dasturulamal bo‘lib xizmat qilib kelmoqda”, – dedi Ibrohim Yo‘ldoshev Aziz Oppoqovich bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot chog‘ida.
Professor Aziz Oppoqovich To‘rayev qutlug‘ 85 yoshni qarshi oldi
Aziz ustoz sha’niga iliq sо‘zlar aytilib, institut rektori Ibrohim Yо‘ldoshev tomonidan qutlug‘ sana munosabati bilan Aziz Oppoqovichga institut jamoasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Aziz To‘rayev 1956-yil Toshkent pedagogika bilim yurtini tamomlab, Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 7-sonli o‘rta maktabda o‘qituvchi faoliyatini boshlagan.
Aziz Oppoqovich o‘tgan yillar davomida hukumat darajasida bir qancha mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 1988-yildan 2012-yilgacha Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida rektor vazifasida ishlagan. U institutni boshqarish jarayonida yosh avlod tarbiyasi va ma’naviyatiga, jamoada sog‘lom va mustaqil dunyoqarashni shakllantirishga alohida e’tibor berdi. Mustaqillik davrida institutda o‘quv, ilmiy-uslubiyot, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi.
A.O.To‘rayev institutda kadrlar tayyorlash milliy dasturini bajarilishida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, mashg‘ulotlarni yuqori darajada tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar qildi. Institutda OTMlar o‘rtasida xalqaro aloqalar o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Chelyabinsk davlat madaniyat va san’at akademiyasi, Qozon davlat madaniyat va san’at instituti bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Ta’lim sifatini oshirish maqsadida xorijiy OTMlar bilan shartnomalar imzolab, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘ydi. Ta’lim jarayoniga Respublikamizning yirik olimlari, yetuk mutaxassislarini jalb etdi. Yangi kompyuter sinflarini tashkil etdi. Institutning axborot-resurs markazini yangi adabiyotlar bilan to‘ldirdi.
A.O.To‘rayev rahbarligida ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy ishlar ham amalga oshirilib,ko‘zga ko‘rinarli muvaffaqiyatlarga erishilgan. Barcha fanlardan o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yaratildi. A.To‘rayev tomonidan 60 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan.
Professor Aziz Oppoqovich To‘rayev qutlug‘ 85 yoshni qarshi oldi
Ta’lim va tarbiya jarayonining uzviy bog‘liqligini ta’minlash, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik xislatlarini shakllantirish, mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, o‘zining qat’iy qarashlariga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashda ham salmoqli hissa qo‘shgan.
A.O.To‘rayev doimiy ravishda o‘z malakasini, siyosiy, madaniy, ilmiy-nazariy saviyasini oshirish ustida qat’iyat bilan ishlagan.
U tashabbuskor, jur’atli, to‘g‘ri so‘z, ma’naviy yetuk inson. Xodimlarga nisbatan doimo mehribon va g‘amxo‘r rahbar sifatida faoliyat yuritgan.
Aziz Oppoqovich To‘rayevning yurtimiz, xalqimiz uchun qilgan xizmatlari munosib baholanib, 1974-yil “Mehnat qizil bayrog‘i”, 1982-yil “Xalqlar do‘stligi”, 1971-yil “Hurmat belgisi ordeni”, 2002-yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” kabi qator davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

 

Matbuot kotibi

image_pdfimage_print