Milliy sozlar sadosi

Milliy sozlar sadosi

Sozgarlar doimo turli tajribalarga qо‘l urib cholg‘ularni mukammalashtirish, ijro imkoniyatini yanada kengaytirish, sadosini yaxshilash, kо‘rinishini takomillashtirish, turli bezaklar bilan bezashga harakat qilib keladi. “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi ham sozgar ustalar bilan bevosita hamkorlikda ijod qiladi. Ana shunday ustalardan biri unitilgan musiqa cholg‘ularni tiklab, yangi cholg‘ular yasab kelayotgan Andijonlik usta Abdumalik Madraimovdir. Ular tomonidan yasalgan yangi cholg‘ularning taqdimoti joriy yilning 19 fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasida bо‘lib о‘tdi.

Unda usta tomonidan yasalgan G‘ijjaki Boburiy cholg‘usi asosida G‘ijjaki Boburiy, alt, violonchel, kontrabaslar “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi mutaxassis professor-о‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan ijro etilib sinab kо‘rildi. Mutaxassislar tomonidan cholg‘uning tuzilishi, ovozi, sozi va ijroda qulayligi tо‘g‘risida fikrlar bildirilib takliflar aytib о‘tildi. ”Milliy qо‘shiqchilik” kafedrasi dotsenti, О‘zbekiston xalq hofizi О‘lmas Rasulov tomonidan ham cholg‘ularda kuylar ijro etilib bu cholg‘ularda milliy kuylarimiz bilan birga jahon kompozitorlari asarlarini ham ijro etish imkoniyati mavjudligini aytib о‘tildi.


Kafedra professori U.Toshmatov sо‘zga chiqib bugungi kunda bu kabi milliy cholg‘ular о‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri uchun muhim ahamiyat kasb etishi, asarlarimizni milliy ruhda boyitishi tо‘g‘risida о‘zlarining fikrlarini aytib sozgar ustaga bu ishlarida muvaffaqiyatlar tilab, ijodiy hamkorligimiz davom etishini ta’kidladi.

“Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi о‘qituvchisi X.Beknazarov