BUGUNNING TALABI QAT’IY

SIZ BUNI ALBATTA UDDALAYSIZ

Professor-о‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bitiruvchilar bilim darajasini belgilaydi
— Bugun zimmamizga yuksak vazifalar yuklanmoqda. Biz hozirgacha qilgan ishlarimiz qо‘yilayotgan talablarga javob bermasligini anglab turibmiz. Prezidentimiz ilgari surayotgan vazifalarni uddalash uchun avallo о‘z vazifamizga munosabatni mutlaqo о‘zgartirishimiz zarur. Har kuni yangilikka, tashabbusga intilib yashashimiz lozimligini bugungi hayot kо‘rsatmoqda. Aks holda zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlash mumkin emas.
Bizning institutimiz misolida oladigan bо‘lsak, kechagi ahvol bilan bugungi imkoniyat va yutuqlar о‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, desak mubolag‘a bо‘lmaydi.

BUGUNNING TALABI QAT’IY
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining bakalavriat ta’lim yо‘nalishlariga kirish о‘tgan yildan boshlab test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshirila boshlandi. Bu tajriba iqtidorli yoshlarning institut talabasi bо‘lish imkoniyatini yanada kengaytirdi.
Mamlakatimizda san’at va madaniyat sohasini rivojlantirish uchun keng kо‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda zamonaviy madaniyat maskanlari, amfiteatrlar bunyod etilayapti, ta’lim dargohlari samarali faoliyat yurityapti. Respublikamiz bо‘ylab turli san’at va madaniyat festivallarining davomli tashkil etilayotgani bu sohadagi islohotlarning naqadar ahamiyatli ekanligini kо‘rsatib turibdi.
Oliy ta’lim muassasasining о‘rni, bitiruvchilarning bilim darajasi yosh avlodga ta’lim-tarbiya berayotgan professor-о‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bilan bog‘liq. О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida sо‘nggi bir yil mobaynida 17 nafar о‘qituvchi dotsent hamda professor ilmiy unvoniga, 8 nafar xodim esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bо‘ldi. Ana shu say-harakatlar samarasi sifatida institutning ilmiy salohiyati 46,2 foizga yuksaldi.
Talabalarning bilim olishi va о‘z sohasini har tomonlama chuqur о‘rganishida eng avvalo, sohaga doir о‘quv adabiyotlarining salmog‘i muhim ahamiyatga ega. О‘quv qо‘llanmalari qanchalik kо‘p bо‘lsa, о‘qituvchining dars jarayonini tushuntirishi, talabaning esa tushunishi shunchalik oson kechadi. 2017 yilda barcha ta’lim yо‘nalishlari kesimida san’at va madaniyatga oid fanlarga taalluqli о‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasi о‘rganilib, tahlil qilindi.
Natijalarga kо‘ra, sohaga doir 144 fandan о‘quv adabiyotlari yaratish lozimligi aniqlandi. Endi tasavvur qiling, talabalar shu paytgacha mazkur fanlarni о‘zlashtirishda manbalarni qayerdan topishdiykin? Agar Qо‘qon yoki Navoiy davlat pedagogika institutlari bо‘lganida, zaruriy о‘quv adabiyotlarini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetidan olish mumkin edi.
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti respublikamizda yagona yetakchi oliy ta’lim muassasasi sanaladi. Mutaxassislik bо‘yicha о‘qitiladigan adabiyotlar soni esa yetarli emas. Ana shu muammoni hal etish maqsadida institut professor-о‘qituvchilari orasidan mualliflar guruhi tuzilib, 2018-2019 о‘quv yilida eng zarur bо‘lgan 80 ga yaqin о‘quv adabiyoti, 2019-2020 о‘quv yilida 60 dan ortiq о‘quv adabiyotini yaratish rejalashtirildi. Mualliflar tomonidan taqdim etilgan darslik mavzulari va ularning qamrov darajasi muntazam ravishda muhokama etib borildi. Mavjud muammolar о‘z joyida hal etildi.
Natijada 76 fandan о‘quv adabiyoti yaratildi. Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligining Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan tasdiqlanib, chop ettirish uchun sertifikat olindi. Bugunga qadar 24 nomdagi о‘quv adabiyotlari chop etilib, institut Axborot-resurs markazi fondiga qо‘yildi. Ulardan talabalar samarali foydalanishmoqda.
Institut talabalari turli Respublika va Xalqaro tadbirlarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Yaqinda teatr san’ati fakulteti talabalari Buyuk Britaniyaning jahonga mashhur Rouz Brufort universitetida yilda bir marotaba tashkillashtiriladigan «Xalqaro talabalar diplom spektakli»da ishtirok etib qaytishdi. Safar davomida talabalar tomonidan sahnalashtirilgan, mashhur yozuvchi Shekspirning shoh asari «Gamlet» ingliz teatrida о‘zbek tilida ijro etildi. Uni sahnalashtirishda bir necha oy davomida yosh о‘zbek talabalari bilan birga mehnat qilgan Rouz Brufort universiteti professori Jon Takkerning xizmatlarini ham alohida e’tirof etish lozim. О‘zbekistondagi bir necha oylik faoliyati davomida britaniyalik professor «Gamlet»da о‘ynovchi yoshlarni shaxsan о‘zi saralab oldi va ular bilan bir necha oy davomida tinimsiz mehnat qildi.
Joriy yilning mart oyida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ilk marotaba Rossiyada MDH davlatlari orasida о‘tkazilgan «GITIS-master-klass» Xalqaro teatr festivalida Mixail Bulgakov asari asosida tayyorlangan pantomima kо‘rinishidagi «Artist» nomli sahnalashtirilgan teatr tomoshasini namoyish etib, «Eng mohir rejissyor» nominatsiyasida birinchi darajali diplom, «Eng yaxshi plastik sahna asari» nominatsiyasida «E’tirof» diplomini qо‘lga kiritishdi.
Cholg‘u ijrochiligida tahsil olayotgan yoshlarning bir guruhi Ispaniyaning Kataloniya shahrida о‘tkazilgan san’at yо‘nalishidagi Xalqaro tanlov va festival — «Fiestalonia Milenio»da ishtirok etishdi. Festival doirasida Xalq ijodiyoti fakulteti 4-bosqich talabasi Bahodir Baratov qashqar rubobida kuy ijro etib, ikkinchi о‘rinni qо‘lga kiritdi. Cholg‘u ijrochiligi kafedrasi yetakchi konsertmeysteri Ayapbergen Otegenov fortepyano ijrochiligi yо‘nalishida 30 yoshdan oshgan о‘qituvchilar о‘rtasida birinchi о‘rinni oldi.
Bundan tashqari, institut о‘qituvchi va talabalari Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan «Serebryanaya shpaga» X Xalqaro sahna qilichbozligi festivalida, Moldova Respublikasida bо‘lib о‘tgan jahon teatr va kinematografiya maktablari о‘rtasida о‘tkazilgan «Class Fest» Xalqaro festivalda, Tojikiston poytaxti Dushanba shahrida о‘tkazilgan «Kaplya» nomli talabalarning qisqa metrajli filmlari Xalqaro festivalida va boshqa kо‘plab nufuzli kо‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli о‘rinlarni qо‘lga kiritib kelmoqda.
О‘zaro aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish maqsadida dunyoning kо‘plab san’at va madaniyatga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorlik qilish niyatida muzokaralar olib bormoqda. Bugungi kunda institutning mavjud xalqaro shartnomalari soni 20 taga yetdi. Xususan, о‘tgan davr mobaynida Chelyabinsk davlat madaniyat instituti, T.Jurgenov nomidagi Qozog‘iston milliy san’at akademiyasi, Qirg‘iz-turk Manas universiteti, Mirzo Tursunzoda nomidagi Tojikiston davlat madaniyat va san’at instituti, Koreya Milliy san’at universiteti, Belorus davlat san’at va madaniyat instituti, Dong-A san’at va media instituti va boshqa kо‘plab uzoq tarix hamda katta tajribaga ega xorijdagi ta’lim muassasalari bilan turli kelishuvlar imzolandi.
Chelyabinsk davlat madaniyat instituti bilan imzolangan о‘zaro hamkorlik doirasida mart-aprel oylarida rossiyalik talabalarning bir oy davomida О‘zDSMIda tahsil olgani va о‘zbekistonlik yoshlarning Chelyabinskda tajriba almashib qaytishi о‘zaro kelishuvlarning amaliy natijasi bо‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida»gi qarorda kelgusida Toshkent shahrida Rossiya san’at oliygohining qо‘shma fakultetini ochish kо‘rsatilgan. Yaqinda mazkur oliy ta’lim muassasasining ikki nafar prorektori hamda Oliy kinematografiya kursi direktoridan iborat guruh ana shu masala bо‘yicha institutda bо‘ldi.
Muzokaralar natijasida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti qoshida S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat institutining ijodiy markazi rasman tashkil etildi. Markazning asosiy maqsadi qarorda belgilangan vazifalarni, xususan, 2019-2020 о‘quv yilidan e’tiboran О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yо‘nalishlari bitiruvchilari uchun Kinematografiya instituti assissentura-stajirovkasi, «Ijro etuvchi prodyuser», «Dramaturgiya» va «Audiovizual san’at rejissurasi» mutaxassisliklari bо‘yicha kadrlarni saralash va о‘qishga tavsiya etish, institut о‘qituvchilarini malaka oshirishga tanlab yuborish bо‘yicha takliflar tayyorlash, har ikki institut talabalarining о‘zaro amaliyotlarini tashkil etish, 2020-2021 о‘quv yilida Respublikamizda Kinematografiya instituti filialini ochishga zamin hozirlash kabilardan iborat.
Prezidentimizning kechagi uchrashuvida bildirgan tanqidiy fikrlari, belgilab berilgan vazifalari ta’lim sohasida yangi davrni boshlab berishga xizmat qiladi. Bu jarayon bizdan yanada jiddiy izlanishni о‘z ishimizga tanqidiy yondashishni, fidoyi bо‘lishni talab etadi.

BUGUNNING TALABI QAT’IY
Ibrohim YО‘LDOSHEV,

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori

image_pdfimage_print