Institut haqida

Institut haqida

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professional ta’lim sohasida faoliyat kо‘rsatuvchi, davlat akkreditatsiyasidan о‘tgan, bitiruvchilarga oliy ta’limning 2 bosqichi(bakalavriat va magistratura) bо‘yicha davlat namunasidagi diplom beradigan davlat tasarrufidagi oliy о‘quv yurtidir.

Institut О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yilning 4 iyundagi # 1771 sonli qaroriga asosan Toshkent davlat madaniyat instituti va О‘zbekiston davlat san’at instituti negizida tashkil etilgan.

Institut madaniyat va san’at sohasiga bevosita aloqador bо‘lgan bir qancha tor mutaxassislik yо‘nalishlari bо‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi о‘ziga xos oliy ma’lim muassasasi hisoblanadi. О‘quv yurtida ta’lim berish jarayonida fan va san’at, ijodiy faoliyat va amaliy texnologiyalar uyg‘unlashgan holda olib boriladi. Institutning 4 fakulteti va 21 kafedrasida talabalar ta’limning 20 ta yо‘nalishi va 15 ixtisosligi bо‘yicha о‘zbek va rus tillarida tahsil oladilar. Institut aktyorlik mahorati va rejissura, san’atshunoslik va teatrshunoslik, ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati, xalq ijodiyoti, madaniyat va san’at muassasalarini boshqaruv kabi soha mutaxassislarini tayyorlaydi.

Bugungi kunda institutda 3700 dan ortiq talaba bakalavr ta’lim yо‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bо‘yicha tahsil olyapti.Ularga amalda meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida stipendiyalar beriladi, ijtimoiy yordam kо‘rsatiladi.  Mazkur oliy о‘quv yurtining ilmiy salohiyati yillar kesimida о‘sib borayotganligini kо‘rish mumkin. Bugungi kunda institutda faoliyat yuritayotgan 240 nafar professor-о‘qituvchining 52 nafari fan doktori, professor, 93 nafari fan nomzodi, dotsent hamda faxriy unvonlar bilan taqdirlangan 40 dan ortiq pedagog ta’limning yuqori darajada bо‘lishini ta’minlab kelmoqda. Institutning oliy ta’lim muassasalari о‘rtasidagi reytingi 2017 yil yakunlari bо‘yicha 16,9 foizni tashkil qilgan bо‘lsa, olib borilgan  izlanishlar natijasida ushbu kо‘rsatkich 2020 yil yakuni bо‘yicha 59,1 foizni tashkil etmoqda. Kо‘rinib turibdiki, о‘tgan 3 yil davomida о‘sish 42,2 foizga yetgan.

2019 yil yakuniga kо‘ra, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti respublika oliy ta’lim muassasalalari о‘rtasida 32 о‘rinda.

Zamonaviy informatika texnologiyalari ta’lim jarayonida faol qо‘llanmoqda, multimediyali texnika va dasturiy vositalaridan foydalanilmoqda. О‘quv jarayoni madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Institut hayotida badiiy-ijodiy faoliyat muhim о‘rin tutadi. Institutda tashkil etilgan talabalarning kо‘plab ijodiy jamoalari turli festival va tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Institutda nashr etilayotgan “О‘z.DSMI xabarlari” ilmiy, amaliy jurnali va “Ijodiy parvoz” gazetasi sahifalarida professor-о‘qituvchilar va talabalarning maqolalari chop etilib borilmoqda. Institutda xalqaro munosabatlar sohasida ham bir qator ishlar qilinmoqda. Talabalar almashinuvi, mahorat darslarini birgalikda о‘tish bо‘yicha shartnomalar imzolandi. Talaba va professor-о‘qituvchilar institutning boy axborot-resurs markazidan foydalanib kelmoqdalar. Unda 100 mingdan ziyod adabiyot mavjud. ARM fondida institut professional faoliyatiga doir bо‘lgan nodir va kamyob nashrlar ham mavjud. Institutda elektron ta’lim resurslarini yaratish bо‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Institut qoshida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyat yuritmoqda. Markazning maqsadi san’at va madaniyat sohasidagi о‘rta-maxsus va oliy о‘quv yurtlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishdir.

Yangi binolarning qad kо‘tarishi va eski о‘quv binolarining ta’mirlanishi natijasida institut о‘ziga xos о‘quv shaharchasiga ega bо‘ldi. Shaharcha hududida ijodiy ustaxonalar, о‘quv teatri va axborot-resurs markazi qad ko’tardi. Bundan tashqari institut hududidan о‘quv binosi, administratsiya binosi, sport majmuasi, yopiq suzish havzasi, ochiq sport maydonchalari 556 о‘ringa mо‘ljallangan 2 ta talabalar turar joyi, о‘rin olgan. 2020-2021 о‘quv yilida 1 va 2-sonli talabalar turar joyida bir talabani yashashi uchun bir oyga bazaviy hisoblash miqdorining 75 % yoki 167 250 sо‘m, kam ta’minlangan va boquvchisini yо‘qotgan talabalar uchun (ijtimoiy qо‘llab-quvvvatlash maqsadida) bazaviy hisoblash miqdorining 50 %, miqdorida tо‘lov belgilangan. Chin yetim bо‘lgan talabalar tо‘lovdan ozod qilinadi.

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ta’limning an’anaviy va innovatsion uslublarini mohirona qо‘llab kelayotgan, faol rivojlanayotgan navqiron oliy о‘quv yurtidir.