Ona vatanning mard о‘g‘loni

Yutimizda iste’dodli yoshlarni qо‘llab-quvvatlash, ularning iqtidori va mahoratini yanada yuksaltirish yо‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va О‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qо‘llab-quvvatlash tо‘g‘risida”gi PF-5106-sonli Farmoniga muvofiq “Mard о‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilganligi ham diqqatga sazovordir. Joriy yilning Yoshlar kuni arafasida mazkur mukofot о‘zining о‘qish va ish faoliyati davomida mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga munosib bо‘lgan, mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega mard о‘g‘lonlarimizni tarbiyalash hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, shijoatli va fidoyi yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida asl egalariga topshirildi.

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Xalq ijodiyoti” fakulteti, “Xalq ashula va raqs ansambllariga rahbarlik” ta’lim yо‘nalishi 4-kurs talabasi Odilxо‘ja Qayumxо‘jayev Ikromxо‘ja о‘g‘li ham ushbu faxriy mukofotga loyiq deb topildi. Mazkur yutuq davlatimiz rahbarining respublikamizda san’at va madaniyat sohalariga bergan yuksak e’tibori hamda e’tirofi natijasi hisoblansa ajab emas.

“Mard о‘g‘lon” mukofoti sohibi Odilxо‘ja Qayumxо‘jayev 1994 yili Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Bolaligidan an’anaviy sozandalik va ijrochilik sohalariga qiziqib keladi. 2008 yili Toshkent shahrida an’anaviy xonandalik bо‘yicha о‘tkazilgan Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi Respublika kо‘rik-tanlovida oliy о‘rinni, 2014 yili Sankt-Peterburg shahrida an’anaviy sozandalik bо‘yicha о‘tkazilgan “Baltiyskiy bereg” xalqaro tanlovida faxrli 1-о‘rinni, 2015 yili “Sozlar navosi” Respublika tanlovida bosh sovrinni qо‘lgan kiritgan. Hozirda oliy ta’lim muassasasida о‘z qobiliyatlarini yanada shakllantirish yо‘lida yuqori malakali о‘qituvchi-professorlardan saboq olib kelmoqda.

Odilxо‘ja Qayumxо‘jayev о‘zidagi yorqin iste’dodni yanada shakllantirish hamda “Mard о‘g‘lon” davlat mukofotiga erishish yо‘lida ustozlik qilgan Respublika Madaniyat kolleji katta о‘qituvchisi Najotxon Tо‘raxо‘jayev, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faxriy professorlari О‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Komiljon Mirzayev hamda boshqa pedagoglarning hissalari katta bо‘ldi. Musiqiy bilimlarni egallash, о‘zbek milliy cholg‘u asboblarini yuqori mahorat ila chalish, sohaning sir-asrorlarini chuqur о‘rganish tamoyillari bitiruvchi talabaning hayot shioriga va kelajak maqsadiga aylangan.

Odilxо‘ja Qayumxо‘jayev muhtaram Prezidentimiz mukofot uchun ta’sis etgan rag‘batlantiruvchi pul mablag‘larini kelgusi ijodiy ishlariga, musiqiy bilim va qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga safarbar etmoqchi. Ona Vatanning mard о‘g‘loniga ulkan ijodiy parvozlar, samarali yutuqlar tilaymiz!

Dostonbek Rahmatullayev, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti matbuot xizmati kotibi