Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim…

Bugun intiluvchan, iqtidorli, izlanishdan charchamaydigan yoshlarimiz uchun yurtimizda juda keng imkoniyatlar yaratilgan. Buning birgina yorqin misoli sifatida 2017 yil 25 dekabr kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. M. Mirziyoyev huzurida Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiya rahbarlarining hisobotlarini muhokama qilish yakunlari bо‘yicha imzolangan 19580-son bayonining 24-bandiga oid vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, shoir, bastakor hamda xonandalarning ijodiy hamkorligini yо‘lga qо‘yish orqali yaratilgan yangi va eng yaxshi asarlar mualliflarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “О‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning 25 yanvar kuni Respublikada ilk marotaba “Zuvola” asil qо‘shiqlar milliy tanlovi e’lon qilingan edi.

Tanlovga ma’naviyatimizga zid bo`lmagan mavzu va janrdagi professional qo`shiqlar, audioyozuv shaklida qabul qilindi. Tanlov natijalariga ko`ra Top-20 qatoridan o`rin olgan sara qo`shiqlarning har biri uchun 20 million so`m pul mukofoti belgilandi. Tanlovdan o`tgan qo`shiqlar tele va radiokanallar orqali bepul efirga uzatilish imkonini ham berdi. Eng quvonarli jihati shundaki, ushbu tanlov g`oliblari safida bizning institutimizning yosh, umidli talabalari Mamadaliyeva Aziza va Abdurahmonova Yulduz tomonidan ijro etilgan “Mayda-mayda” qo`shig`i “Eng zuvolasi pishshiq” qo`shiq sifatida hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

“Ochig`ini aytganda, bizning qo`shig`imiz eng oliy mukofotga loyiq deb topiladi deb kutmagandik. Sababi, ushbu tanlovda professional xonandalar xam ishtirok etishyotgan edi. Lekin, bizning mehnatlarimiz ham besamar ketmadi. Bu natijaga erishishimizga sababchi bo`lgan insonlar – ustozlarimiz, ota-onalarimizga, qolaversa, mana shunday tanlovlarni tashkil etayotgan tashkilotlarga ham ko`pdan-ko`p tashakkurlar aytamiz. Bunday ishonch, bunday rag`batdan so`ng, yanada o`z ustimizda ishlab izlanishdan, harakatdan to`xtamaymiz” deydi yuzida mamnuniyat bilan umidli honandalarimiz.

“Intilganga tole yor” deb bejizga aytishmagan dono xalqimiz. Bugun ham yaratish, ham yashnatish ishtiyoqi bilan, buyuk manzillarni ko`zlagan holda, ezgu g`oyalar yo`lidan dadil borayotgan yoshlarimiz ko`pchilikni tashkil etmoqda. Hamisha marrani baland qo`yib yashaylik! Chunki davr bizniki, marra bizniki!!!

Jumagul Nishonova “Xalq ijodiyoti” fakulteti “Ijtimoiy-madaniy faoliyat” ta’lim yo`nalishi 2-kurs talabasi