Fan va texnologiyalar agentligi xalqaro "Web of Science" tizimiga obuna bо‘ldi

Alisher Navoiy nomidagi О‘zbekiston Milliy kutubxonasida О‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan "Web of science" xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasiga milliy obuna bо‘lishni ta’minlash” mavzuida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Vazirliklar va davlat tashkilotlari vakillari, ilmiy va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirda 2017-2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasida ijtimoiy soha, xususan, ilm-fan, texnika sohalarini rivojlantirish, ta’lim tizimining uzluksizligini yanada takomillashtirish maqsadida sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorini zamonaviy ehtiyojlarga mos yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash muhim vazifa etib belgilangani ta’kidlandi.

О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 12 iyunda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning saviyasi va raqobatbardoshligini oshirish, tadqiqotchilarni zamonaviy ilmiy-texnika adabiyoti va ma’lumotlari bilan о‘z vaqtida ta’minlash maqsadida qabul qilingan farmoyishiga muvofiq ilm-fan sohalarini rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda "Web of science" xalqaro tizimiga obuna bо‘lish masalalari haqida sо‘z yuritildi.

"Web of science" – xalqaro nufuzli ilmiy adabiyotlar, jurnallar, kitoblardan keng foydalanish imkonini beradigan tizim hisoblanadi. Uning ilmiy bazasida sо‘nggi ikki yuz yil davomida jahonda amalga oshirilgan tadqiqot natijalari mujassamlashtirilgan. Bu tizimga obuna bо‘lish mamlakatimiz tadqiqotchilarining dunyodagi elektron ilmiy-ta’lim resurslaridan erkin foydalanishi, ilmiy maqolalarini nufuzli xalqaro jurnallarda chop etishiga imkoniyat yaratadi. Buning samarasida yurtimiz olimlarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi oshadi, xorijlik olimlar bilan tajriba almashish kо‘lami kengayadi.

– Ushbu tizim bazasida butun dunyo bо‘yicha о‘n besh ming jurnal qamrab olingan, – deydi О‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori M.Boltaboyev. – Bugungi seminarda mazkur tizimga milliy obuna bо‘lish tashkil etildi. Rossiyaning "Clarivate Analytics" kompaniyasi bilan о‘tkazilgan muzokaralar yakuniga kо‘ra, bir yilga mazkur tizimga obuna bо‘lish uchun davlat byudjetidan 500 ming AQSH dollari ajratildi. Bu tizimdan mamlakatimizdagi barcha vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, О‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi О‘zbekiston Milliy kutubxonasi va oliy ta’lim muassasalari foydalanish imkoniyatiga ega bо‘ldi.

О‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi va "Clarivate Analytics" kompaniyasi о‘rtasida "Web of science" tizimiga obuna bо‘lish shartnomasi imzolandi.

Ilmiy bо‘lim