YILLAR VA YО‘LLAR SAMARASI

Teatr san’ati hamisha hayotning eng muhim muammolariga munosabat bildirib, komil inson tarbiyasidagi maqsad va vazifalarni jamiyat oldiga qо‘yib kelgan. U jamiyat va shaxs о‘rtasida muvozanatni yо‘lga qо‘yish orqali mavjud muammolarga yechim topadi. Darhaqiqat, teatr inson tarbiyasidagi eng murakkab jihatlariga katarsis ta’sir о‘tkazib, eng “yuqori tribunada” turib turli uslublardan foydalangan holda jamiyatga murojaat qiladi.

Teatr – shunday qudratli kuchki, о‘zining ulkan imkoniyatlari bilan har qanday g‘oyani odamlarga singdirish, ta’sir о‘tkazish yoki tuzatish, ijodiy jarayonda har bir obraz chizgilari orqali his-tuyg‘umizni harakatga soladi va tomoshabinni boshqaradi. Bu – qо‘g‘irchoq teatridir.

Qо‘g‘irchoq teatri san’ati – mо‘jizalar olami sifatida hamisha bolajonlar uchun sevimli maskan bо‘lib kelgan. Qо‘g‘irchoq teatrida qо‘yilayotgan spektakl, unda ishtirok etayotgan personajlarning quvonch va tashvishlari, yaxshilik va yomonlik о‘rtasidagi azaliy kurash aks etgan sahna kо‘rinishlari murg‘ak qalb egalarini befarq qо‘ymaydi. Bolajonlar ham spektakl qahramonlari bilan birga kuladi, yig‘laydi, ular uchun tashvishlanadi, qayg‘uradi, quvonadi.

Bu kasb an’analari va mahorati qudrati tanlangan asar qahramonlari kechinmalari orqali yosh tomoshabinni individual sifatlarini kashf etilishida bolalikdan shakllantirishga ijodiy ta’sir о‘tkazish yо‘li bilan amalga oshirishda kо‘rinadi. Jumladan: Vatanga muxabbat, rostgо‘ylik, mardlik, dо‘stlik, ojizlarni qо‘llash, sevgiga sadoqat v.x.k. Bu mazmunda teatrlar uchun yozilayotgan pyesalar ayniqsa muhim xisoblanadi. Afsuski aynan qо‘g‘irchoq teatrlariga pyesa yozish hamma vaqt ham о‘z-о‘zidan hal bо‘lavermaydi. Buning uchun qо‘g‘irchoq teatri san’ati, uning о‘ziga xos professional imkoniyat va talablarini bilish, tendensiyaliridan xabardor bо‘lish, eng muhimi bu san’at turini sevish kerak bо‘ladi.

О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Maryam Ashurovada kо‘p yillik pedagogik tajriba, har bir asarni о‘quv sahnasida kо‘p bor sayqallanib dunyoga kelishi va professional teatr sahnasida qayta gavdalanishi, bu san’at turi yо‘lida qо‘yilgan sezilarli qadam bо‘ldi.

9.11.2018.001

M.Ashurovaning “Mehrdan yaralgan olam” nomli pyesalar tо‘plami о‘z ichiga ana shunday sinovlarda toblangan asarlarni olgan. Bu tо‘plamning yana bir о‘ziga xosligi pyesalarni bolalar yoshiga, ongi, qabul qilish imkoniyatlariga e’tibor qaratib 3 ta qismga ajratilgan. Bu esa muallifning qо‘g‘irchoq teatri san’atini naqadar chuqur bilishidan darak beradi. Gap shundaki, har bir bо‘limdagi pyesalar mavzusi, olg‘a surilgan g‘oya hamda tomoshabinga yetkazish uslublari ayni yosh nuqtai nazardan e’tibor berilgani ahamiyatli. Jumladan: I-qism. Eng yosh tomoshabin, ya’ni MTM tarbiyalanuvchilari bо‘lib, ular uchun “Alla” (Farg‘ona davlat qо‘g‘irchoq teatri 2016y), “Mо‘jiza” (Farg‘ona davlat qо‘g‘irchoq teatri 2014y), “Yaxshi fazilating – zebu ziynating”( Jizzax davlat qо‘g‘irchoq teatri 2013y, Samarqand davlat qо‘g‘irchoq teatri 2014y) pyesalarni о‘zida jamlaydi. Mavzu о‘ta sodda, turli о‘yinlar orqali goh qо‘g‘irchoqlar bilan, goh jonli planda aktyorlarni о‘zlari ijrosida ifodalansada, eng yuksak umuminsoniy g‘oyalar singdirilgan.

Bunda kо‘zlangan maqsad, jajji bolajonlar nutqiy rivojlanishiga, ritmik xis qilishga moyilligi, plastik harakati о‘sishiga, ovozini shakllanishiga, rivojlanish jarayonini tо‘g‘ri kechishiga, bir sо‘z bilan aytganda shaxs sifatida shakllanishida optimal ta’sir kо‘rsatishiga e’tibor qaratiladi.

II-qismdagi pyesalar tomoshabinni – maktabning boshlang‘ich sinf о‘quvchilariga qaratilgan bо‘lib, “Sehrlangan shaxzoda”(О‘zbekiston davlat qо‘g‘irchoq teatri 2004y), “О‘z uyingni- о‘zing asra”(Xorazm davlat qо‘g‘irchoq teatri 2011y) “Allo... yerliklar, biz siz bilan”(О‘zbek milliy akademik teatri 2008y) kabi qator pyesalar joy olgan. Bu yoshdagi tomoshabin о‘ta xayolparast bо‘lishlariga e’tibor qaratsak, Vatanga muxabbat, dо‘stlik, rost sо‘zlash, ojizlarga yordam berishdek g‘oyalarni turli о‘yin shaklida, qarama-qarshiliklarni mos ravishda uslubiy jixatdan ifoda yо‘li topilgan.

Tomoshabin auditoriyasining bu yosh toifasi о‘yinqaroq bо‘lishlariga qaramay, psixologik о‘ta ta’sirchan bо‘ladilar. Arzimasdek kо‘ringan ishlar yo ijobiy yoki salbiy qattiq ta’sir etishi mumkin. Ana shu jixatlarga e’tibor qaratilgani, mavzu va g‘oyalarni ularning qabul idroklaridan kelib chiqib yozilgani, ushbu kitobga ijobiy baho berishda asos bо‘ldi.

III-qismda jamlangan pyesalar tomoshabini – о‘spirin yoshlar bо‘lib, unda “Mexrdan yaralgan olam” (О‘zDSMI “О‘quv teatri” 2017y), “Sindbad - dengiz sayyoxi”(О‘zbekiston davlat qо‘g‘irchoq teatri 2016y), “Shoh laylak” (Farg‘ona davlat qо‘g‘irchoq teatri 21993y, О‘zbekiston davlat qо‘g‘irchoq teatri 20105y), “Oqqushlar nidosi”(Farg‘ona davlat qо‘g‘irchoq teatri 2010y) kabi asarlar jamlangan. Ushbu pyesalar avvalgilardan farqli biroz jiddiy, tomoshabinni muloxaza yuritishga undovchi milliy va umuminsoniy g‘oyalar bilan sug‘orilgan.

9.11.2018.005

Endilikda kitob Respublikamizda faoliyat olib borayotgan о‘nta davlat qо‘g‘irchoq teatrlari jamoasi va О‘zDSMIda ta’lim olayotgan “Sahna va ekran dramaturgiyasi”, “Qо‘g‘irchoq teatri aktyorligi” ta’lim yо‘nalishlari uchun ham о‘quv adabiyotlardan biri bо‘lib xizmat qiladi. Bu aktyor kadrlarni tarbiyalashda, ularning kasbiy mahoratlarini о‘stirishda yosh pedagoglarga mahorat potensialini shakllantirishda tayanch manbalardan biri bо‘la oladi. Ushbu kitob chuqur ishonch bilan ayta olamizki, ta’lim yо‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni kasbiy mahoratlarini oshirishda, ularning raqobatbardosh kadrlar bо‘lishida yana bir asosiy manbalar qatoridan joy topadi.

A`zam Abduhalilov,

“Qо‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasi mudiri