Mahoratli talaba-yoshlarning yutuqlari

Iste’dod va ijod qonuniyatlari insondan bilim va malaka, muntazam faollik, yangiliklar yaratish uchun imkoniyatlar, halol bellashuvlar oqibatida mardlar g‘olib bо‘lajak sog‘lom raqobat maydonida kuchli va matonatli shaxs bо‘lishni talab etadi. Yorqin iste’dodlilar maydoni sanalmish О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2000 yildan buyon har yili an’anaviy tarzda о‘tkazib kelinayotgan “Talaba-yoshlar ijodiyoti” kо‘rik-festivali ham aynan institutda tahsil olayotgan bilimli, iqtidorli talaba-yoshlarni eng kuchlilarini aniqlash, munosiblarni taqdirlash yо‘lidagi ulkan strategik dasturdir. Bu yilgi kо‘rik-festival dasturiga muvofiq 24 kun davomida mahoratli va iste’dodli talaba-yoshlar ishtirokidagi yuqori darajadagi spektakllar, filmlar, ashula va qо‘shiqlar, konsert dasturlari, gо‘zal kompozitsiyalar namoyish etildi. Ijodiy ishlar nufuzli hay’at a’zolari, malakali professor-о‘qituvchilar, tajribali mutaxassislar tomonidan baholanib borildi hamda festivalning yopilish marosimida maxsus nominatsiyalarga munosib deb topilgan talaba-yoshlarga faxrli diplomlar, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

“Talaba-yoshlar ijodiyoti” kо‘rik-festivalining yopilish marosimida О‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, О‘zbekiston axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi qoshidagi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi “Impuls” harbiy ashula va raqs ansambli vatanparvarlik ruhidagi kuy-qо‘shiqlari bilan, Toshkent Harbiy okrugi Chirchiq gornizoni ofitserlar uyining harbiy orkestri shaxsiy tarkibi esa qо‘l jangi tryuklari va turli jangovor harakatlar bilan kо‘rgazmali chiqishlar qilishdi. Mazkur jarayonlar yoshlar qalbida oliy vatanparvarlik hamda ona xalqimizga bо‘lgan hurmat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida yuqori saviyada tashkillashtirilganligi bilan barchani e’tiborini tortdi.

Shu bilan birga, uzoq kutilgan hayajonli daqiqalar institut hovlisida betakror konsert shousiga ulanib ketdi. Nominatsiyalarga kо‘ra “Yilning eng faol talabasi” – Mamadaliyeva Oynigor, “Yilning eng yaxshi san’at va madaniyat targ‘ibotchisi” – Zaripxan Kamilla, “Yilning eng yaxshi kitobxon talabasi” - Saksonova Sarvinoz, “Yilning eng yaxshi maqola muallifi” - Ahmadjonova Mohinur, “Yilning eng yaxshi badiiy sо‘z ijrochisi” - Nursaidov Akbar, “Yilning eng yaxshi vokal yо‘nalishidagi ayol xonandasi” bо‘yicha 2 nomzod: Izzatillayeva Zardiana va Yakubova Reyana, “Yilning eng yaxshi vokal yо‘nalishidagi erkak xonanda” - Karimjonov Doniyorbek, “Yilning eng yaxshi mumtoz yо‘nalishidagi erkak xonandasi” - Hamidov Sardor, “Yilning eng yaxshi xor dirijyori” - Musayeva Nilufar, “Yilning eng yaxshi orkestr dirijyori” - Abdullayev Zuhriddin, “Yilning eng yaxshi akademik yо‘nalishdagi sozandasi” - Ummataliyev Abubakr, “Yilning eng yaxshi an’anaviy yо‘nalishdagi sozandasi” - Qambarov Mahmudjon, “Yilning eng yaxshi о‘zbek marosimlari sahnalashtiruvchisi” - Javliyev Dadaxon, “Yilning eng yaxshi ayol roli ijrosi” - Usmonova Madina, “Yilning eng yaxshi erkak roli ijrosi” -Tojiyev Navrо‘zbek, “Yilning eng yaxshi ayol epizodik roli” uchun Teshaboyeva Sitorabonu “Nodirabegim” spektaklidagi Kanizak roli uchun, “Yilning eng yaxshi erkak epizodik roli” uchun Jumabayev Axmed “Togiz tonkildak xam bir shinkildek” spektaklidagi Chol personaji uchun, “Yilning eng yaxshi rejissyorlik filmi - Abdurahimova Dilshodaning “Qulin” filmi uchun, “Yilning eng yaxshi operatorlik ishi” uchun Atabayev Baxtiyor, “Yilning eng yaxshi ovoz rejissyorlik ishi” nominatsiyasida Xо‘jayev Asror, “Yilning eng yaxshi dramaturgi” - Hamroyev Sardorbek, “Yilning eng yaxshi diplom spektakli” - “Nodirabegim” asari taqdirlanishdi. Qolaversa, kо‘rik-festivalda homiylar О‘zbek milliy akademik drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi О‘zbekiston davlat akademik katta teatri, Muqimiy nomidagi О‘zbekiston davlat musiqali teatri, О‘zbekiston davlat satira teatri, О‘zbek davlat qо‘g‘irchoq teatri, “О‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan iste’dodli deb topilgan talaba-yoshlarga qо‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar, esdalik sovg‘alar va pul mukofotlari berildi.

Badiiy kecha davomidagi dasturda namoyish etilgan barcha ijodiy chiqishlar yig‘ilganlar qalbidan chuqur joy egalladi desak, mubolag‘a bо‘lmaydi. Kо‘rik-festivalning kо‘tarinki shukuhda о‘tkazilganligida institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev, Hay’at a’zolari, Ma’naviyat bо‘limi xodimlari kabi fidoyi shaxslarning xizmatlari katta bо‘ldi.

Biz “Talaba-yoshlar ijodiyoti” kо‘rik-festivali eng munosiblarni taqdirlash, ularning mahoratlarini munosib tarzda baholashga e’tibor qaratib, mazkur harakatlarimiz orqali kelgusida iste’dodli talaba-yoshlarimiz bundan-da ulkan yutuqlarga erishishlarini maqsad qilib qо‘ydik. Istagimiz, iste’dodlilar maydonida munosiblar taqdirlanaverishsin!

Davlat Mullajonov Institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar prorektori