O‘zDSMI rektori xalqaro konferensiyada nutq so‘zladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida o‘tkazilgan «An’anaviy madaniyat va xalq amaliy san’atining ko’p qirrali olami» mavzusidagi xalqaro konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etib, nutq so‘zladi.

«O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Qozon davlat madaniyat instituti o‘rtasida do‘stona va iliq munosabatlar o‘rnatilgan. So‘nggi yillarda ikki oliygoh o‘rtasida festivallarda qatnashish, malaka oshirish, stajirovka o‘tash kabi jarayonlar jadallashdi. So‘zlarimning isboti o‘laroq, bugungi kunda bir qancha O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari Qozon davlat madaniyat institutida tahsil olmoqda. Mazkur konferensiya mavzusi dolzarb hisoblanib, sohadagi mavjud muammolarga yechim bo‘lib xizmat qilishiga va uning rivojiga hissa qo‘shishiga ishonaman», — dedi rektor v.b. Eldor Shermanov.

Konferensiyada Rossiya va xorijlik mutaxassislar bilan bir qatorda, oliygohimiz professor-o‘qituvchilari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.




Muhammad Yusuf nomidagi stipendiyaga nomzod talabalar bilan suhbat o‘tkazildi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tashabbusi bilan oliygohning iqtidorli va ijodkor talabalari uchun О‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi maxsus stipendiya tanlovi e’lon qilingandi.

Fakultet ilmiy kengashiga belgilangan muddatga qadar hujjat topshirgan talabalar uchun imtihon jarayoni tashkil etildi. Stipendiyaga nomzodlar test sinovlaridan hamda maxsus komissiya suhbatidan o‘tdi.

G‘oliblar tez kunda institutning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, stipendiya kvotasi institutdagi har bir fakultet bо‘yicha bittadan alohida-alohida ajratiladi.




Arktika madaniyat instituti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Rossiya Arktika madaniyat instituti birinchi prorektori Stanislav Ivanov bilan uchrashdi.

Suhbat davomida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va shu asosida bir qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, rus oliygohi tomonidan ishlab chiqilgan «Madaniy kod» strategiyasidagi vazifalarni birgalikda ijrosini ta’minlash, loyihani O‘zDSMIda tatbiq etish borasida fikr almashildi.

«Madaniy kod» sohani raqamlashtirish va barqarorlashtirishga qaratilgan dastur hisoblanib, dizayn, musiqa, teatr, kino, madaniyat va moda san’atini rivojlantirish va tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv so‘ngida ikki mamlakat oliygohlari rahbarlari yana bir qator qo‘shma dasturlarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumi imzolash borasida kelishuvga erishdi.




Taniqli kinorejissyor va ssenariynavis Umid Hamdamov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida taniqli kinorejissyor va ssenariynavis Umid Hamdamov ishtirokida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Ochiq davra suhbatida kinomutaxassis sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oliygoh talabalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shu bilan birga, yosh yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Ma’lumot uchun, Umid Hamdamov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan hamda ommaviy tadbirlar postanovkachisi va teatrda aktyor sifatida faoliyat olib borgan.

Ijodkor «Onaginam orzusi», «Shunqorlar», «Issiq non» kabi filmlarning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori, «Rangsiz tushlar» filmining esa ssenariy muallifi hisoblanadi.




«Madaniyat va ma’rifat» telekanali bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda «Madaniyat va ma’rifat» telekanali rahbariyati hamkorlik masalalari borasida shartnoma imzoladi. Hamkorlik asosida turli loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.

Shartnomaga asosan, institut faoliyatida yuz berayotgan voqea-hodisalar, konsert dasturlar, tadbirlar hamda boshqa yangiliklarni telekanal orqali yoritib borish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, telekanalda efirga uzatiladigan turli nomdagi ko‘rsatuvlarda institut professor-o‘qituvchilari va talabalarining ishtiroki ta’minlanishi belgilab olindi.

Qolaversa, oliygohdagi ijodiy dars jarayonlari hamda talabalar tomonidan suratga olinadigan ijtimoiy videoroliklar asosida yangi ko‘rsatuvlar tashkil etiladigan bo‘ldi.




O‘zDSMIda talabalar uchun doshqozonda osh damlandi hamda gulxan kechasi o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tashabbusi bilan kam ta’minlangan va ehtiyojmand yoshlar uchun dasturxon yozilib, doshqozonda osh damlandi.

Shuningdek, gulxan atrofida ijodiy kecha o‘tkazildi va unda iqtidorli yigit-qizlar o‘z chiqishlarini namoyish etdi.

Ijodiy kecha davomida talabalar tomonidan jonli ijroda kuylangan sho‘x-shodon qo‘shiqlar va rang-barang raqslar tadbirga yig‘ilgan barchaga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.




О‘zDSMIda “Ma’rifat ulashib” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Jamiyatning qo‘sh qanoti, ruhiy quvvati ma’naviyat va ma’rifatdir. Uning omma ongiga singdirilishi katta kuch va ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ziyolilar bir tan-u bir jon bo‘lib, targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Joriy yilning 23-aprel kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil etilgan “Ma’rifat ulashib” mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbir ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etdi.

Kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar — Dilorom Karimova, Iqbol Qo‘shshayeva hamda Hulkar Hamroyeva ishtirok etdi.

She’riyatga oshufta talaba-yoshlarga ular tomonidan kerakli tavsiyalar berildi. Qizg‘in savol-javob mushoiraga ulanib ketdi. Tadbirda ijodkorlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikrlarini bildirdi, asarlaridan namunalar o‘qib berdi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda milliy g‘oyani keng targ‘ib qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirishdan iborat. Uchrashuv davomida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ko‘rsatildi. Faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.




Tyutorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati dekan va uning o‘rinbosarlari hamda tyutorlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda bir qator masalalar ilgari surildi. Shuningdek, berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha hisobotlar tinglandi. Rektor hech bir talabani bee’tibor qoldirmasdan, moddiy va ma’naviy jihatdan yordam berilishi kerakligini ta’kidladi.

«Barchamiz xalqimiz, mamlakatimiz uchun yetuk kadrlar chiqarish yo‘lida mehnat qilyapmiz. Salobatli daraxt yetishtirish uchun niholga mehr berib, uni parvarishlash kerak. Talabalarimiz ham shunday, ularning muammo va kamchiliklariga yechib topib, bilim olishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratib bera olsak, savobga qolamiz», — dedi rektor v.b. Eldor Shermanov.

Shu bilan birga, institut ichki-tartib qoidalariga barcha birday amal qilishi lozimligi aytib o‘tildi:

«Qoidalar barcha uchun baravar bo‘lishi, unga men ham, siz ham, talabalar ham birday amal qilishi lozim. Qoidalarga to‘liq amalga qilgan holda bilim olish uchun kelgan yoshlarga bosim o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Ilm olishni, ijod qilishni istagan yigit-qizlarni imkonimiz yetadigan darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz».

Yig‘ilish davomida tyutorlarning takliflari tinglandi hamda ularni tatbiq etish hamda mavjud muammolarga yechim topish borasida mas’ullarga topshiriq berildi.