O‘zDSMIda Navro‘z bayrami hamda Xalqaro teatr kuni keng ko‘lamda nishonlandi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Navro‘z ayyomi hamda 27-mart — Xalqaro teatr kuni keng ko‘lamda nishonlandi.

Unda institut xodimlari bilan bir qatorda poytaxtimizning bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, el suygan adiblar, xalq hofizlari va san’at vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, yurtimizda keng ko‘lamda sevib nishonlanadigan Navro‘z bayramining ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritdi hamda mazkur shodiyona bilan bir qatorda Xalqaro teatr kuni munosabati bilan soha vakillariga o‘z tabrigini yo‘lladi.

Badiiy kecha avvalida institut kasaba uyushmasi tomonidan oliygohda ko‘p yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator professor-o‘qituvchilar va xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, institut hududida xodimlar uchun dasturxon yozilib, doshqozonda osh damlandi.

Badiiy kechada Orolmirzo Safarov, Rustam Abdullayev, Aziz Rajabiy va boshqa el suygan san’atkorlar tomonidan diltortar taronalar ijro etilib, raqslarga ulanib ketdi hamda institut jamoasi xodimlariga xush kayfiyat ulashildi.




Milliy kurash sport turi bo‘yicha rektor kubogi o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari o‘rtasida milliy kurash sport turi bo‘yicha an’anaviy rektor kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Turnirda yigit va qizlar turli vazn toifalarida o‘zaro kuch sinashdi.

«Musobaqalar yosh yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda ularni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda. O‘ylaymanki, bu kabi ishlar talabalarimizning nafaqat madaniyat va san’at, balki sport sohasida ham ilg‘or ekanligini namoyon etishga xizmat qiladi», — dedi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev.

Bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindorlar institut rahbariyati tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlandi.




O‘zDSMI rektori v.b. OTM rahbarlari ishtirokidagi o‘quv-seminarda ishtirok etmoqda

Ayni damda Farg‘ona davlat universitetida Prezidentimizning 2023-yil Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida hayʼat yigʻilishi va «Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — bosh maqsadimiz» mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazilmoqda.

Unda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ham ishtirok etmoqda.

Seminar doirasida OTM rahbarlari Farg‘ona davlat universiteti faoliyati hamda pedogogika va psixologiya fakulteti uchun qurilgan yangi bino bilan tanishdi.




Hashar — xalqimizga xos qadimiy udum

Hashar – muayyan yumushni ixtiyoriy, xolisona koʻpchilik, jamoa boʻlib bajarish. Hashar oʻzbek xalqining azaliy urf-odatlaridan boʻlib, jamoaviylikni oʻzida toʻliq aks ettiradi.

Hashar hayotiy muammolarni birgalikda hal etish usuli, jamoa hayotiga oid moddiy-maishiy va maʼnaviy mazmundagi umumiy faoliyatdir. Xalqimizga xos bu qadimiy udum bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan kelmoqda.

Har yili yasharish va yangilanish ayyomi arafasida, yaʼni Navro‘z bayramini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab hashar o‘tkazish yaxshi anʼanaga aylangan.

Mamlakatimizda Navro‘z bayrami arafasida 16−18-mart kunlari an’anaviy umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida tashkil etilgan obodonlashtirish tadbirlarida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zaro hamjihatlikda o‘tkazilgan xayriya ishlarida yer maydoni tartibga keltirildi, gullar ekildi. Shuningdek, daraxtlar oqlanib, ariqlar chiqindilardan tozalandi.




O‘zDSMIda kutubxona sohasi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining kutubxona fondlari va bibliografiyashunoslik kafedrasi hamkorligida «Raqamlashtirish davridagi kutubxona sohasi ekotizimi: hamkorlik, integratsiya va innovatsiyalar» mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, kutubxonachilik har bir davrning eng ilg‘or va faxrli sohasi hisoblanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Eldor Shermanov texnologiyalar asrida mazkur soha ham zamonaviylikdan ortda qolmasligi lozimligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, kutubxonachilik kafedrasi professori Ibrohim Yo‘ldoshev hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva ishtirokchilarga tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

Yalpi majlisda Respublikamiz professor, fan doktor, olim va ziyolilari bilan bir qatorda Rossiya va Qozog‘iston oliygohlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Qolaversa, ko‘pgina xorijiy oliygoh vakillari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, institut hududida sho‘balar tashkil etilib, unda «Kutubxonashunoslik, bibliografiya va hujjatshunoslik tadqiqotlarining ustuvor yo‘nalishlari», «Kutubxona fanidagi raqamli texnologiyalar, hamkorlik va innovatsiyalar integratsiyasi jarayonlari va ularning xalqaro munosabatlar rivojiga ta’siri» hamda «Axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini jadallashtirish va raqamli muhitda kadrlar tayyorlash» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




Dolzarb masalalar muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida rektor boshchiligida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda kutubxona fondlari va bibliografiyashunoslik kafedrasi tashabbusi bilan mart oyida o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik jarayoni, ijro intizomi, kontrakt-to‘lovlar holati, xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Navro‘z bayrami hamda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligini keng miqyosda nishonlash borasida takliflar tinglanib, mas’ullarga topshiriq berildi.




Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zDSMI qoshidagi Malaka oshirish markazi faoliyati bilan tanishdi

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, oliygoh qoshidagi Malaka oshirish markazi bilan tanishdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari dars jarayonlari hamda sport va ijodiy to‘garaklar faoliyatini o‘rgandi.

Talabalar bilan uchrashuv davomida ularning qiziqishlari, muammo va kamchiliklari o‘rganildi. Yoshlar tomonidan bildirilgan o‘rinli takliflarni amaliyotda tatbiq etish belgilab olindi.

Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida kitobxonlik va ijodiy tanlovlar tashkil etish, ularni to‘garaklarga jalb etish qamrovini kengaytirish borasida topshiriqlar berildi.




Milliy media assotsiatsiyasi raisi O‘zDSMI talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori hamda Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurib, kino, televideniye va radio san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida o‘zbek filmlarining saviyasi hamda uning jamiyatga ta’siri to‘g‘risida fikr bildirildi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik asosida sifatli film va seriallar, multfilmlar, yoshlar ongini shakllantirishga xizmat qiladigan videoroliklar suratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qolaversa, talabalarning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida Milliy media assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati tomonidan yetarli shart-sharoit yaratilishi aytib o‘tildi.