«Mehrobdan chayon» diplomoldi spektakli namoyishi o‘tkazildi

Teatr san’ati fakulteti dramatik teatr va kino aktyorligi ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich 302-guruh talabalari tomonidan Abdulla Qodiriy romani asosida tayyorlangan «Mehrobdan chayon» diplomoldi spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Nodira Mahmudova rejissyorligida sahnalashtirilgan spektakl o‘quv teatriga yig‘ilgan tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

Qahramonlarning yuz qiyofasini shakllantirishda grim san’ati ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalari ishtirok etib, shu orqali ular ham diplom ishi topshirdi.

Tadbir so‘ngida institut rahbariyati sahna asariga hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

„Mehrobdan chayon“ romanida xonliklar davri zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinadi. Adib amalda realizm mavqeida turgan tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching, kinoya-kesatiq, hajv orqali Solix maxdum tabiatiga xos „maqtab boʻlmaydigan“ xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning „hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik“ fazilatini ham taʼkidlaydi: „nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan“. Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik — aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona. Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning „gʻayritabiiy“ xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr koʻrgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas „Mehrobdan chayon“ hayot haqiqatini „orttirmay va kamitmay“ oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, xarakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.




«Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniy islohotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

O‘zbekiston davat san’at va madaniyat institutida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining madaniyat va san’at menejmenti kafedrasi hamkorligida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniy islohotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyani institut rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berib, bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida fikr bildirdi hamda mazkur konferensiya orqali mavjud muammo va kamchiliklarga yechim topishiga ishonch bildirishini ta’kidladi.

Yalpi majlisda professor, fan doktor, olim va ziyolilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Konferensiyada «Yangi O’zbekistonda madaniy islohotlarni amalga oshirishning ustuvor yo’nalishlari», «Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida madaniyatshunoslik fanini o’qitishning zamonaviy muammolari», «Nomoddiy madaniy meros: identifikatsiya va inventarizatsiya masalalari», «Madaniyat va san’at muassasalarida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning muhim jihatlari», «Madaniyat markazlarida targeting», «Madaniyat sohasida investitsiya loyihalarni boshqarish» kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




O‘zDSMI rektori teatr san’ati fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov teatr san’ati fakulteti talabalari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, darslar davomida olgan bilimlarini doimiy tarzda mustahkamlab borish yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyatga ega ekanligi, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun institutda yaratilgan sharoitlar haqida suhbat o‘tkazildi.

Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani, bu borada institutda ham ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

«So‘nggi yillarda sohada erishgan ulkan yutuqlar bilan bir qatorda muammolarimizga ko‘z yumib keta olmaymiz. Yaqin o‘tmishda birgina teatr san’ati bo‘yicha 30 nafarga yaqin o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, biroq teatrlarimizni hamon to‘ldira olmayapmiz. Spektakllar yaratishda aholi talabini ham inobatga olishimiz lozim. Teatr inson tafakkurini rivojlantiruvchi eng qudratli vositalardan biri hisoblanadi», — dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Rektor talabalarga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi muhim ekanligi, yetarli darajadagi xorijiy til bilish sertifikatiga erishish orqali qo‘shimcha stipendiya olishlari mumkinligi haqida ham aytib o‘tdi. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro miqyosda bilimlarini mustahkamlash, malaka oshirish imkonini yaratishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Hozirgi kunda institutning qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilganligi va bu orqali o‘qituvchilar hamda talabalarning xorijda o‘z bilim va malakalarini oshirish imkoniyatini yaratishi haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuv davomida internetdan to‘g‘ri foydalanish, axborot hujumlaridan ehtiyot bo‘lish lozimligi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanish ishonchli va rasmiy bo‘lmagan sahifalarni kuzatishda ogoh bo‘lish, turli yolg‘on hamda aldovlarga ishonib qolmaslik muhimligi ta’kidlandi.

Qolaversa, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.




Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘quv teatrida 15 aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ochib berib, fidoyilik va jonkuyarli bilan mehnat qilayotgan soha vakillarini mazkur ayyom bilan tabrikladi.

Konsertda el suygan xonandalar bilan bir qatorda iqtidorli talabalar diltortar taronalar, doira raqsi, qo‘g‘irchoq tomoshasi va boshqa ko‘rinishlar orqali tomoshabinlarga zavq va quvonch baxshida etdi.




Kutubxonachilik sohasiga oid Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining kutubxonashunoslik kafedrasi hamkorligida «Kutubxona-axborot xizmati jarayonlarini takomillashtirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishning nazariy va metodologik muammolari» mavzusida I Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyaning ochilish qismida Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev hamda kutubxonachilik kafedrasi professori Ibrohim Yo‘ldoshev nutq so‘zlab, ishtirokchilarni madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan tabrikladi hamda ularga muvaffaqiyat tiladi.

Yalpi majlisda professor, fan doktor, olim va ziyolilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Shu bilan birga, oliygoh hududida sho‘balar tashkil etilib, «Kutubxona-axborot muassasalarida mutolaa va axborot madaniyatini yuksaltirish masalalari», «Kutubxona-axborot muassasalari faoliyati jarayonlarini takomillashtirishning muammo va yechimlari», «Respublika aholisiga kutabxona-axborot xizmati ko‘rsatishda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligi» kabi mavzular muhokama qilindi.

Konferensiya so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.




Janubiy Koreya oliygohi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Janubiy Koreyaning Cha tibbiyot universiteti professori Kim Mik Yung bilan uchrashdi.

Muloqot davomida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, kelgusida qo‘shma dastur asosida musiqa terapiyasi yo‘nalishini tashkil etish borasida fikr almashildi.

«Tibbiyot va san’at bir-biridan yiroq tushuncha bo‘lishi mumkin, biroq ulardagi vazifa bir-biriga juda yaqin. Tibbiyotda odamning tana a’zolariga oid kasalliklar davolansa, san’at insonning qalbiga malham bo‘ladi», — dedi Eldor Shermanov.

O‘z navbatida, koreyalik professor ham bu fikrni ma’qulladi:

«Koreyada musiqa orqali shifo ulashish usuli keng tarqalgan. Jumladan, zamonaviy 3D ko‘zoynak orqali dipressiyaga tushgan bemorlar davolanadi».

Uchrashuv so‘ngida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, mehmonlar uchun Muhammad Yusuf ko‘shkida folklor va etnografiya ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan turli ko‘rinishlar namoyish etildi.




Grim san’ati yo‘nalishi talabalari uchun xorijlik mutaxassislar tomonidan mahorat darslari tashkil etiladi

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining grim san’ati ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun Turkiya Respublikasi mutaxassislari tomonidan mahorat darslari tashkil etiladi.

Oliygoh rahbariyati mazkur sohada faoliyat olib boruvchi tashkilotning mamlakatimizdagi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik, shu jumladan, talabalarni xorijga yuborish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, yaqin vaqt ichida Turkiya Respublikasidan grim sohasi mutaxassislari taklif etilib, mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar uchun master-klass o‘tkazilishi borasida kelishuvga erishildi.




Taniqli kinorejissyor klipmeyker va operator Bahodir Yo‘ldoshev ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi

Kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida taniqli kinorejissyor, klipmeyker va operator Bahodir Yo‘ldoshev ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi.

Hozirgi kunda AQSH kinosanoati hisoblangan Hollivudda ijod qilayotgan Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik, operatorlik va animatsiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari bilan o‘z bilim va ko‘nikmalarini o‘rtoqlashdi.

Qolaversa, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.